Vrachlarning "Juma bozori"ga borishi mish-mishga sabab bo‘ldi

Past Darg‘om tumanidagi "Juma bozori"da bir guruh OITS markazi shifokorlari tomonidan ekspress tahlillar o‘tkazganimizda bir zumda bozorda mish-mish tarqaldi: "Kimdir OITSga chalinibdimi, bozordagilarni vrachlar ko‘rikdan o‘tkazayapti", mazmunida.

Aslida maqsadimiz turli infeksiyali xastaliklarning oldini olish va aholi orasida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish edi. Aynan bozor hududlarida targ‘ibot tadbirlarimizni olib borishdan maqsad - muammoga yo‘l qo‘ymaslik hamda odamlarning o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishlari uchun o‘ziga xos chorlov edi.

2023 yil 20 yanvardagi «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosi yuzasidan aholi orasida OIV infeksiyasini erta aniqlash maqsadida yaqinda Past Darg‘om tumanidagi katta savdo majmuasi hisoblangan "Juma buyum bozori"da OITS markazi, tuman IIB va bozor ma’muriyati xodimlari hamkorligida aholi, ayniqsa, yoshlar orasida turli infeksiyalarning oldini olish maqsadida qator targ‘ibot tadbirlari olib borildi.

Targ‘ibot vaqtida ko‘ngilli bo‘lgan 50 nafar shaxsda virusli gepatit V va 60 kishida OIV infeksiyasini bor yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida ekspress test usulida tekshirildi. Tekshirish natijasida bir kishida Gepatit V aniqlandi va davolashga jalb qilindi.

Tadbir davomida "OIV infeksiyasini oldini olish. Sog‘lom turmush tarzi", “OIV infeksiyasini aniqlashda tezkor laboratoriya usullar” mavzularida suhbatlar olib borildi. OIV infeksiyasi profilaktikasi va OIVga o‘z vaqtida tekshirishni targ‘ib qiluvchi plakatlar va posterlar aholi ko‘p to‘planadigan joylarga yopishtirilib, har bir ishtirokchiga “Unutmang: OIV infeksiyasi yuqtirmaslikdan hech kim kafolatlanmagan”, “Migratsiya va sog‘lom oila” nomli 150 ta buklet va “Baxtli oila qurmoqchimisiz - tibbiy ko‘rikdan o‘ting” nomli 200 ta eslatma tarqatildi.

Xuddi shunday targ‘ibot tadbirlar boshqa aholi gavjum hududlar, xususan, xiyobonlarda, oyda ikki marta bozorlarda o‘tkazilmoqda.

Dildora AHMEDOVA,

viloyat OITSga qarshi kurash markazi vrach epidemiologi.