OITS kasalligi haqida nimalarni bilamiz?
«95-95-95» strategiyasi haqida-chi?
– Prezidentimizning «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun «95-95-95» strategiyasiga amal qilgan holda ishlash belgilangan, - deydi viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori Zokir Umurzoqov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. – Unda OIV infeksiyali shaxslarning 95 foizi o‘z maqomini bilishlari, 95 foizi maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishlari hamda 95 foizi qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishish belgilangan.
Mazkur strategiyaga muvofiq, donorlar mablag‘lari hisobidan yurtimiz aholisi o‘rtasida kasallikni erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida test-tizimlari va retrovirusga qarshi vositalarni xarid qilindi. OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, shuningdek, boshqa tashkiliy tadbirlar uchun 120 milliard so‘m va 54 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi.
Bugungi kunda viloyatda OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslar bo‘yicha kasallik ko‘rsatkichi 2024 yil 7 oyida 100 ming aholi soniga nisbatan intensiv ko‘rsatkich 117,26 ni tashkil etdi. Ularning 55 foizi erkaklar, 44,9 foizi ayollardan iborat.
Kasallanishning ortishiga, unga qarshi vaksinaning yo‘qligi, xavf guruhga kiruvchi shaxslar bilan ishlash qiyin kechayotganligi, kasallikning so‘nggi bosqichlarida aniqlanishi, betartib jinsiy aloqa qiluvchilarning ko‘pligi hamda bemorlarning o‘z vaqtida tibbiy nazoratdan o‘tmasligi sabab bo‘lmoqda.
Z.Umurzoqovning aytishicha, IIB xodimlari bilan hamkorlikda intim xizmat ko‘rsatuvchilar orasida turli infeksiyalarning oldini olish maqsadida tungi reydlarda tashkil etilib, suhbatlar olib borilmoqda. Shuningdek, dehqon va buyum bozorlarida, go‘zallik salonlari va sartaroshxonalarda, avtobus bekatlarida, aeroport va temiryo‘l vokzallarda kasallik profilaktikasi bo‘yicha suhbatlar olib borilib, ko‘ngillilar ekspress-testdan o‘tkazilyapti.
Bugungi kunda bemorlarni davolash uchun 3 komponentli yuqori faollikka ega bo‘lgan antiretrovirus preparatlaridan foydalanilmoqda. Bu dori vositalari organizmda virus yuqishiga sabab bo‘luvchi virus yuklamasi hosil qilmaydi va boshqaga yuqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bemorlarga xavfli bo‘lgan yondosh kasalliklarni rivojlanishining oldini oladi, bemorlarning umri uzayishiga yordam beradi.
Dilmurod To‘xtayev,
H.Eltoyev olgan suratlar.