"Biz, yoshlar giyohvandlik va OITSga qarshimiz!"  

Samarqand shahridagi yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan tadbir shunday nomlandi.

Tadbirda Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi raisi o‘rinbosari O.Narzullayev, viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi bo‘limi boshlig‘i Sh.Xonimov ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. Tadbir onlayn tarzda barcha tumanlar studiyalarida ham kuzatib borildi.  

- Hozirda dorixona narkotikasi atamasi paydo bo‘lgan, – dedi komissiya raisi o‘rinbosari O.Narzullayev. – Tarkibida ma’lum miqdordagi narkotik mavjud bo‘lgan turli dori vositalarining qo‘shni mamlakatlar orqali kirib kelish holatlari uchrayapti. Albatta, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurashish borasida tegishli dasturlar amalga oshirilyapti. Ammo ayrim hollarda bu unga qaram bo‘lish holatlari uchramoqda.

Ha, giyohvandlikka o‘rgangan kishi ham ma’nan, ham jismonan inson qiyofasini yo‘qotadi, o‘z hayotini barbod qiladi, qolaversa, atrofidagi insonlarning notinchligiga sabab bo‘ladi. Eng achinarlisi, bu illat jamiyat xavfsizligi va ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarning hayotiga katta tahdid soladi.

Tadbirda giyohvandlik va uning salbiy illatlarini o‘zida aks ettirgan videorolik namoyish etildi. Yoshlar ma’ruzachilar bilan bevosita savol-javob shaklida muloqot qildi. 

Sulaymon Asomiddinov.