OITSga qarshi vaksina yo‘q, ammo kasallikni erta aniqlash mumkin

Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi bugungi kunning eng dolzarb mavzusi bo‘lib qolmokda. Ushbu kasallik odamdan odamga qon va biologik suyuqliklar (orqa miya suyuqligi, sperma) orqali yuqadi.

OIV retroviruslar oilasiga kirib, retroviruslarning xarakterli xususiyati ularning genomi tarkibida juda noyob orqaga qaytaruvchi transkriptaza fermentining borligidir. Qaytalama transkriptaza genom tarkibidagi genetik to‘plam ma’lumotlarni orqaga yo‘naltirish xususiyatiga ega.

Me’yorda genetik ma’lumotlar DNKdan RNKga o‘tkaziladi. Retroviruslarda esa qaytalama transkriptaza fermenti yordamida RNKdan DNK molekulasi sintezlanadi. Buning natijasida virus genomida ko‘plab struktura o‘zgarishlari kelib chiqadi va virus antigenlarining doimo o‘zgarib turishiga olib keladi. Shuning uchun virus antigeniga qarshi hosil bo‘lgan antitelolar viruslarni qamrab ololmaydi va zararsizlantira olmaydi.

OIV antigenlarining doimo o‘zgarib turishi kasallikka qarshi vaksina ishlab chiqish, kasallikning da’vosini topishga to‘sqinlik qiladi. OIV autoimmun reaksiyalarni aktivlashtiradi, ko‘p yadroli hujayralar va limfoid hujayralarni zararlaydi. Orttirilgan immun tanqislik sindromini keltirib chiqaradi. Mana shu sabablar asosida SD4 (organizm immuniteti holatiga javobgar hujayralar) hujayralari miqdor jihatdan juda kamayib ketadi, bu esa organizmda chuqur ikkilamchi immuntanqislik holatini keltirib chiqaradi.  Organizm himoyasiz bo‘lib qoladi va natijada opportunistik kasalliklar va o‘smalar hosil bo‘lishi aktivlashadi.

OIV makrofaglar ishtirokida butun organizmga tarqaladi va markaziy nerv sistemasini ham jarohatlaydi. Virus odam organizmiga tushgandan keyin 3 oydan 10 yilgacha yashirin holatda bo‘lishi mumkin. Bu davr mobaynida virus immunitet tizimini zararlab boradi. Shu sababli kasallikni o‘z vaqtida aniqlash, erta tashxis qo‘yish, dispanser nazoratiga olib, da’vo muolajalarini qilish muhim hisoblanadi.

OITS kasalligining laboratoriya tashxisoti virusning o‘zini yoki bo‘lakchalarini aniqlash, virusga qarshi organizmda hosil bo‘lgan antitelolarni aniqlash, organizmdagi immunologik o‘zgarishlarni tekshirish kabi uch yo‘nalishda olib boriladi. OIVni qonda kasallikning boshlang‘ich davrida aniqlasa bo‘ladi. Ammo qondagi virusning soni kasallik jarayonida keskin kamayib boradi va uni faqat maxsus sezuvchi usullar (polimeraza zanjir reaksiyasi) yordamida bilish mumkin. OIV infeksiyasi orttirilgan immun tanqislik sindromi bosqichiga o‘tganda qondagi virus miqdori yana biroz ko‘tariladi.

Virusga qarshi antitelolar virusni yuqtirgan kishilarning bir qismida virus yuqqandan bir yoki bir yarim oydan keyin aniqlanishi mumkin, lekin ko‘pchiligida antitelolar kechroq paydo bo‘ladi. Umuman  uch oydan so‘ng 90-95 foiz,  olti oydan keyin 99 foiz OIV yuqtirgan kishilarda  IFA usulida antitelolarni topish mumkin. Shuning uchun OIV infeksiyasining labaratoriya tashxisoti  asosan antitelolarni aniqlashga asoslangan.

Bugungi kunda OITS kasalligining maxsus profilaktikasi uchun vaksina yuk. Ammo olib borilayotgan tekshirishlarda vaksina yaratish borasida molekulyar biologiya va gen injeneriyasi sohasida yutuqlarga erishilmoqda.  Asosiy chora-tadbirlardan biri kasallikni erta aniqlash, donorlik qoni va uning preparatlarini tekshirish, transplantatlarni (organlarni ko‘chirib o‘tkazish) OIV infeksiyasiga tekshirish, aholi orasida sanitariya-oqartuv ishlarini olib borish hisoblanadi.

Mavluda Cho‘yanova,

Zuhra Husanova,

viloyat OITSga qarshi kurash markazi laboratoriya bo‘limi shifokorlari.