Qizil galstuk yoki Markaziy Osiyo Moskvadan uzoqlashyaptimi?

Rasmiy, klassik kiyinishda ko‘pchilik qizil galstuk taqishni yoqtirmaydi va tavsiya qilmaydi. Biroq diplomatiyada rasmiy shaxslar, ayniqsa prezidentlar qizil galstukdan tez-tez foydalanishini ko‘rish mumkin.

Qoidaga ko‘ra, qizil galstuk hokimiyat, yetakchilik ramzi. Odatda muzokaralarda o‘zini ustun tomon deb biluvchilar qizil rangli atributlarga murojaat qiladi. Masalan, Tramp va Putin (Islom Karimov ham) qizil galstuk “ishqibozi”.

Qizil rangli galstuk, shuningdek, kuch va liderlikka ishtiyoqni ham anglatadi.

Qozog‘iston prezidenti odatda liderlik ramzi bo‘lgan bunday galstuk taqmasdi, masalan, Tramp, Lukashenko, Makron bilan uchrashuvlarda ko‘k galstukda ko‘rinish bergan. Putin bilan esa qizil bo‘yinbog‘da uchrashdi.

Umuman, To‘qayevning Moskvaga bu galgi tashrifi oldingilaridan ancha farq qildi. Har doim xo‘mrayib turuvchi Putin uchrashuvda deyarli har doim tabassum qilgan, To‘qayev esa aksincha.

Qolaversa, Putin 6 yil ichida ilk bor To‘qayevning ism-familiya-sharifini bir urinishda to‘g‘ri aytibdi. Qozoqcha so‘z ishlatib (altin), qozoq san’atkorlariga minnatdorlik bildirgan. To‘qayev esa uning yonida qozoq tilida gaplashgan, tabiiyki, Putin noqulay vaziyatga tushadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Putin Markaziy Osiyoning AQSh bilan yaqinlashuvidan, ya’ni uning oxirgi ittifoqchilari ham ta’sir doirasidan chiqayotganidan sarosimaga tushdimi? Qisman, ha. Unga hozir tarafdorlar zarur.

Lekin shuni unutmaslik kerakki, dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan Markaziy Osiyo hali ham Rossiyaga jiddiy bog‘langan. Qozog‘iston o‘z energomahsulotlarini aynan Rossiya hududidan tranzit qiladi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning millionlab fuqarosi shimolda migrant sifatida ishlaydi va byudjetning muhim qismi bo‘lgan pul o‘tkazmalarini yuboradi.

Shunday bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoning asta-sekin Moskvadan uzoqlashishi real yuz berayotgan jarayon. Rossiya o‘zidagi diktatura bilan Ukrainani qanday o‘zidan uzoqlashtirgan bo‘lsa, urush va sanksiyalar doirasida qolish bilan Markaziy Osiyoni ham o‘zidan uzoqlashtiryapti. Markaziy Osiyo aholisining Rossiyaga simpatiyasi 10 yil oldingidek emas, buni hisobga olish kerak.

Bundan tashqari, Putin Qozog‘iston AQSh-Rossiya o‘rtasida vositachilik qilishiga ham umid qilyapti. Bu qish Ukraina urushidagi oxirgi qish bo‘lishi aytilyapti. Chunki Rossiya tirik kuchlar va neft daromadidan ayrilyapti, Ukraina esa bahorda yordam olishi mumkin. Moskvaga sulh kerak. Shuning uchun Putin uni Tramp bilan uchrashtira olmagan Lavrovni chetga surmoqda.

To‘qayev Zelenskiy bilan yaxshi aloqalarga ega. Tramp bilan ham do‘stlashyapti. Postsovet mintaqasida u Lukashenko bilan bir xil darajadagi muzokarachi-diplomat.

Darvoqe, To‘qayev kecha Toshkentga keldi. Balki Markaziy Osiyo yetakchilari shu yerda keyingi harakatlar rejasini kelishib olar?! Har qanday holatda ham Markaziy Osiyo chaqiriqlarga birgalikda javob berishga intilayotgani yaxshi holat.

Yo.Marqayev tayyorladi.