Sarhisob: Yangicha dehqonchilik yordamida daromadimiz 3 milliard so‘mdan oshdi
Ko‘p yil dehqonchilik qildim va shu tajribalarim asosida, 2006 yilda fermer xo‘jaligi tashkil etdim. Hozir 15 nafar doimiy va 50 nafar mavsumiy ishchi bilan tasarrufimizdagi 90 gektar maydonning 45 gektarida g‘alla, 40 gektarida paxta, qolgan yerlarda meva-sabzavot yetishtiramiz.
Fermer xo‘jalik tashkil etganimizda 3 gektar an’anaviy bog‘ bor edi. 2020 yilda shu eski bog‘ o‘rnida intensiv bog‘ tashkil etdik. Hozir bog‘dagi nok va shaftoli hosilidan yiliga 300-400 million so‘mgacha daromad olyapmiz. 2019 yilda xo‘jalik mablag‘lari hisobidan 50 tonnali muzlatkichli omborxona qurdik.
Dehqonchilikda odatiy ekish usullari o‘rniga ilmiy yondashuv asosida yerga mos urug‘ tanlash, sug‘orish, ishlov berishda innovatsion ishlanmalarni joriy qildik. Natijada g‘alladan o‘rtacha hosildorlik gektariga 70-80 sentnerni, paxtadan 65 sentnerni tashkil etdi.
Paxtachilikda joriy yilda birinchi marta 20 gektar maydonda “Shinjon” texnologiyasi asosida 76 santimetrli qo‘shqator usulida plyonka ostiga urug‘ qadadik, tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ydik. Buning natijasida saratongacha yerda namlik saqlandi. Hosil erta pishdi, suv sarfi 50 foizga tejaladi. O‘tgan yili shu maydonlarga paxta ekib, gektaridan 40-41 sentnerdan hosil olgandik, bu yil tanlovimiz to‘g‘ri bo‘lgan ekan hosildorlik 65 sentnerdan oshdi.
Avvallari tukli chigitdan gektariga 60-80 kilogramdan ekkan bo‘lsak, qo‘shqator seyalkada gektariga 25 kilogrammdan chigit qadadik. Yana bir yaxshi tomoni, bu usulda qo‘l mehnati yo‘q, yagana, chopiq qilinmaydi, kultivatsiya kirmaydi, suv tejaladi. Yoz davomida qator orasini yumshatish va jo‘yak olish uchun dalada 13-14 marotaba texnika ishlardi. Bu xarajatlarni oshirib yuborardi. Bu yil paxtadan daromadimiz 2 milliard so‘mdan ortgan bo‘lsa, xo‘jaligimizning jami daromadi 3 milliard so‘m bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim xo‘jaligimiz a’zolari mehnatlarining yuksak e’tirofi deb qabul qildik.
Azimxon Rizonov,
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Azimxon Rizonov” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi boshlig‘i, “Shuhrat” medali sohibi.