“Yangi avlod” MTTlari tarmog‘i, ustama, soliq imtiyozlari. Prezidentimiz maktabgacha ta’lim tizimiga oid farmonni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni  qabul qilindi.

Unga ko‘ra:

 - bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi;

 - maktabgacha ta’lim tizimida o‘yinga asoslangan ta’lim joriy etiladi;

 - tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘i tashkil etiladi;

 - bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha ob’yektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi;

 - maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi;

2027-2028-o‘quv yilidan boshlab:

- maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari tomonidan olib boriladi;

- maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi;

2026–2028 yillarda:

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib boruvchi “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etiladi;

- “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbar, pedagog boshqa xodimlarining tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama joriy etiladi;

2026-2027 o‘quv yilidan boshlab:

- pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlarni tayyorlash xalqaro ilg‘or tajriba asosida amalga oshiriladi;

- tegishli oliy ta’lim tashkilotlarida o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim yo‘nalishida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;

- yangi tashkil etilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga, birinchi navbatda, oliy ma’lumotli tarbiyachilar ishga qabul qilinadi;

2026 yil 1 aprel boshlab:

- maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik sub’yektlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi.