Libossiz qolayotgan insoniyat
Tomosha boshlandi! Juda jiddiy tomosha, faqat uning aktyorlariyu, tomoshabinlari ham o‘zimiz. Biz, ya’ni bugun urfga kirgan ibora – globallashayotgan jamiyat zodagonlari.
Undagi tomoshalar naq “Usta va Margarita”dagi Varete teatrida ro‘y bergan hodisalarga o‘xshaydi. Unda ham tomoshabin shaytonning hashamli shoulariga uchib, o‘z kiyimlaridan voz kechib, qimmat liboslariga burkanib chiqqanidek, bunda ham qimmat libosli insonlar to‘satdan kiyimidan ajrab qolishiga bir bahya qolmoqda. Farqi – asar qahramonlari teatrdan chiqiboq, libosidan ajrab qolgan bo‘lsa, bu yerda uzoq yil avvalgi yozishmalar, hujjatlar oshkor bo‘lyapti va oshkor etyapti.
Shu kunlarda xorij ommaviy axborot vositalariyu, ijtimoiy tarmoqlar yana bir bor Epshteyn fayllari bilan yuzma-yuz bo‘lyapti. 2019 yilda vafot etgan (sud uning o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlagan) Epshteynning kompyuteridagi hujjatlar nechuk bir necha marta nafaqat Amerika, balki butun dunyo jamoatchiligini uyg‘otib yuboryapti. Umuman, Jeffri Epshteyn deganlari kim o‘zi?
Epshteyn kim?

Jeffri Epshteyn amerikalik moliyachi va milliarder. 1953 yilda Nyu-Yorkda tug‘ilgan. 1971-74 yillarda Manxettendagi xususiy maktablardan birida fizika-matematika fanidan dars bergan. Keyinroq, yuqori lavozimdagi insonlar bilan yaqin aloqalar orqali turli firmalarga asos soladi.
Keyin u firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilgan aktivlarni qaytarib olishga qaratilgan o‘zining Intercontinental Assets Group konsalting firmasini tashkil etdi. 1988 yilda u sheriklari Stiven Xoffenberg (Ponzi sxemasini boshqarishda ayblangan) va Forbes ro‘yxatiga kiritilgan milliarder, Victoria’s Secret egasi Lesli Veksner bilan J.Epstein & Company (keyinchalik The Financial Trust Company) boshqaruv firmasini ochdi, uning aktivlarini 1987 yildan 2007 yilgacha boshqargan.
Epshteynning boyligi noma’lum. Uning Manxettenda xususiy uyi, Florida shtatining Palm-Bich shahridagi qasri, Parijda kvartirasi, Nyu-Meksikoda ranchosi va Kichik Sent-Jeyms va Buyuk Sent-Jeyms (Karib dengizidagi Virjiniya orollarining bir qismi) xususiy orollari bor edi. Moliyachi o‘zining ba’zi aktivlarini offshor yurisdiksiyalarda saqlagan.
2008 yilda Epshteyn voyaga yetmagan qizni zo‘rlashda aybdor deb topildi. 2019 yilda moliyachi odam savdosi va fohishabozlikda ayblanib hibsga olindi. Shu yili u sud bo‘lishini kutmay, joniga qasd qilgani tasdiqlangan.
Epshteynga voyaga yetmagan qizlarni yollash va jinsiy ekspluatatsiya qilish tarmog‘ini tashkil etgan, degan ayblovlar qo‘yilgan. Ularning ba’zilarini zo‘rlagan yoki badavlat mijozlarga sotgan. Moliyachi o‘zining shaxsiy orolida taniqli shaxslar uchun xususiy ziyofatlar uyushtirgan deb taxmin qilinmoqda.
Bugun ommaviy axborot vositalari Epshteynning fayllari, shuningdek, "pedofillar ro‘yxati" nomi bilan ham tanilgan hujjatlar nimalardan iborat? Ushbu ibora bilan aytiladigan fayllar minglab hujjatlarni, jumladan, guvohlarning ko‘rsatmalari, manzil kitoblari, sertifikatlar, schyot-fakturalar, guvohlarning intervyu transkriptlari, politsiya hisobotlari va elektron pochta xabarlarini o‘z ichiga oladi. Epshteynning ro‘yxati, boshqa narsalar qatori, moliyachining tanishlari, jumladan, ko‘plab mashhur shaxslar, siyosatchilar va ishbilarmonlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi: Bill Klinton, Donald Tramp, shahzoda Endryu (hozirgi Britaniya qiroli Charlz III ning ukasi), Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, illyuzionist Devid Kopperfild, aktyor Dastin Xoffman, Microsoft asoschisi Bill Geyts va boshqalar.
Ushbu hujjatlarda ayrim siyosatchilar yoki ishbilarmonlarning paydo bo‘lishi ularning jinsiy jinoyatlarga aloqadorligini anglatmaydi, ammo bu ularning raqiblariga ularning ehtimoliy sherikligi mavzusida taxmin qilish imkonini beradi.
Epshteyn ishidan Virjiniya Juffrening (zo‘rlangan jabrdiyda) sherigi Gislayne Maksvellga qarshi da’vosi bilan bog‘liq ba’zi hujjatlar 2019 va 2024 yillar oralig‘ida qisman e’lon qilindi. 2023 yil dekabr oyida sud qarori bilan Epshteyn bilan bog‘liq shaxslar nomi ko‘rsatilgan hujjatlarni e’lon qilish boshlandi. 2024 yilda Juffrening da’vosi bo‘yicha sudga taqdim etilgan hujjatlarning yakuniy qismi maxfiylashtirildi. Ular jami 4500 sahifaga ega 215 dan ortiq hujjatdan iborat bo‘lib, unda AQShning sobiq prezidenti Bill Klintonni o‘z ichiga olgan 150 dan ortiq taniqli shaxslarning ismi tilga olingan. Trampning 2025 yil 20 dekabrdagi farmonidan so‘ng, Epshteynning qo‘shimcha hujjatlari e’lon qilina boshladi. Ushbu hujjatlar nimalarni oshkor qilmadi, deysiz! Yosh bolalar zo‘rlanishidan tortib odamxo‘rliklargacha bo‘lgan vahshiyliklar Epshteynning shaxsiy orolida o‘tkazilgan va unda dunyoning manaman degan insonlari ishtirok etgan, degan taxminlar bor.
Ayni kunlarda shu hujjatlarning ko‘pchiligi oshkor etilmoqda. Ular orasida dunyo miqyosidagi jiddiy shaxslarning borligi ushbu fayllarga qiziqishni yanada orttirgan. Rasmiy munosabatlar kutilishidan oldin bu gaplar butun dunyoga tarqab bo‘ldi, lekin baribir aniqlik kiritilishini kutayotganlar ko‘p.

Ogohlik qo‘ng‘irog‘i
Ha, bugungi jamiyat yana bir jiddiy sinov qarshisida qolgan. Varete teatri tomoshabinlari singari o‘z kiyimidan, ya’ni o‘zligiyu, qadri, nomus oriyu, hayosidan voz kechib, nafsning eng jirkanch o‘yinlariga mahliyo bo‘lyapti.
Eng qizig‘i, Epshteyn fayllari orasida samarqandlik qiz ham Epshteynga maktub yozgani va maktubda u Amerikaga borish uchun hamma narsaga tayyor ekanligi aytilmoqda. Yanayam qizig‘i, ko‘plab davlatlarda istiqomat qilayotgan shunday qizlarning elektron maktublari mavjudligi yana bir jumboq. Odam savdosi, to‘g‘rirog‘i, qizlar savdosi bilan shug‘ullangan bu milliarderning qamrov ko‘lami shunchalik keng bo‘lganmi, yoki bu axborot xurujining bir ko‘rinishimi?
Bu ishga hamma aralash, hamma davlatlaru xalqlar bu haqda bilishi lozim, degan vasvasa mavjudmi unda? Aslida bu vasvasa bo‘lmasa-da, nafsning bu kabi jirkanch o‘yinlari har bir jamiyatda u yoki bu qadar bor. Ehtimol, buyam bir ogohlik qo‘ng‘irog‘idir. O‘zligimiz, qadriyatlarimiz, insoniyligimizni asrab qolishga undayotgan jiddiy qo‘ng‘iroqdir bu?!
Gulruh MO‘MINOVA.