Samarqandda O‘zbekiston–Italiya hamkorligida xalqaro ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazildi

Xabar berganimizdek, 2–3 fevral kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti (SamDAQU)da O‘zbekiston va Italiya mutaxassislari ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy seminarlar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlar zamonaviy shaharsozlik, ekologik barqaror arxitektura hamda inshootlarni seysmik himoyalash masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarning birinchi kuni “Yangi urbanizatsiya konsepsiyasi: urbanizatsiya, san’at va madaniyat, muhandislik va arxitektura, ekobarqarorlik. Italiya va O‘zbekiston tajribasi” mavzusida o‘tkazildi. Unda shahar rivojida madaniyat va san’atning o‘rni, ekologik barqaror yechimlar, zamonaviy arxitektura va muhandislik yondashuvlari muhokama qilindi.

Ikkinchi kun “Inshootlarni seysmik himoyalash: Italiya va O‘zbekiston tajribasi” mavzusiga bag‘ishlandi. Seminar doirasida seysmik izolyasiya texnologiyalari, zamonaviy muhandislik yechimlari, 3D bosma inshootlarda seysmik sinovlar bo‘yicha amaliy taqdimotlar hamda ekspertlar bilan savol-javoblar tashkil etildi.

Tadbirlarda viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov, Jahon bankining shaharsozlik bo‘yicha katta mutaxassisi Mohamed Nada, shuningdek, O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, yirik qurilish va muhandislik kompaniyalari vakillari, xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Seminarlar doirasida SamDAQU va Italiyaning Gabriele d’Annunzio universiteti (Chiyeti–Peskara), Janubiy Koreyaning Hanseo universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida anglashuv memorandumlari imzolandi. Shuningdek, SamDAQU hamda Italiyaning “Crisci Management” konsalting kompaniyasi o‘rtasida innovatsiya va startaplarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik bayonnomasi va memorandumi imzolandi.

Ushbu hamkorliklar professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar, xalqaro seminar va konferensiyalarni tashkil etish, shuningdek, innovatsion startaplar va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga qaratilgan.

Seminar tashabbuskori, SamDAQU rektori maslahatchisi, xalqaro aloqalar va startaplar bo‘yicha bosh menejer Gaetano Kriskining ta’kidlashicha, tadbirlarning asosiy g‘oyasi Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida, xususan, Abrutsso hududi hamda San-Salvo va Vasto shaharlari bilan Samarqand o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.

- Maqsadimiz ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, eng muhimi, yosh avlodga xalqaro ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish va ularning professional kelajagini qo‘llab-quvvatlashdir. Shu bois muhandislik, menejment, san’at va madaniy meros yo‘nalishlarida ingliz tilida olib boriladigan yangi o‘quv kurslarini ochishni rejalashtiryapmiz, - dedi u.  - O‘zbekiston bugungi kunda o‘ziga xos uyg‘onish — Renessans davrini boshdan kechirmoqda. Mening orzuim Italiya Uyg‘onish davrini O‘zbekistondagi bugungi taraqqiyot bilan qiyoslash, ya’ni san’at, madaniyat, muhandislik va arxitekturaning uyg‘un rivojini ko‘rishdir.

SamDAQU axborot xizmati.