"Besh tashabbus olimpiadasi"ning bu yilgi mavsumida nimalar o‘zgaradi?
Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Nurmonov va soha mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘tgan yil Samarqandda sport sohasida amalga oshirilgan ishlar, tizimdagi yutuq va kamchiliklar hamda joriy yilgi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yilda viloyatimizda aholining ommaviy sportga qamrovini oshirish maqsadida 9300 dan ziyod ommaviy sport tadbirlari o‘tkazilib, ularga 1,3 million aholi jalb etilgan. Natijada aholining sportga qamrov darajasi 28 foizdan 30 foizga yetkazilgan va joriy yil bu ko‘rsatkichni 32 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
– Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda 600 ga yaqin mahalliy, respublika va xalqaro sport tadbirlari o‘tkazildi, – deydi J.Nurmonov. – Sportchilarimiz tomonidan O‘zbekiston chempionati va kubogi, Osiyo, jahon chempionatlari va xalqaro musobaqalarda 2796 ta medal qo‘lga qiritildi. Shu bilan birga, yil davomida 1288 nafar sportchimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy va zaxira tarkibiga qabul qilindi. Mahalla yoshlarini sportga keng jalb etish va iqtidorli sportchi-yoshlarni saralab olish maqsadida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining o‘tgan yilgi mavsumida 14–30 yosh toifasida mahalla yoshlari sportning 14 turi bo‘yicha besh bosqichdagi musobaqalarda bellashdi.
Musobaqalarda ishtirok etish uchun “5tashabbus.uz” platformasi orqali 612 ming nafardan ziyod yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 581 ming 890 nafari bellashuvlarda faol ishtirok etdi. Olimpiadaning respublika bosqichida viloyatimiz sportchilari 19 ta oltin, 14 ta kumush va 9 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
15-17 yoshdagi sportchilar o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport o‘yinlarining final bosqichi – «Prezident olimpiadasi» musobaqalarida viloyatimizdan 10 sport turi bo‘yicha 222 nafar sportchi ishtirok etib, 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
“Sport turlari geografiyasini kengaytirishga munosib hissa qo‘shayotgan hudud” nominatsiyasi bo‘yicha Samarqand viloyati g‘olib bo‘ldi.
Matbuot anjumanida tizimda yutuqlar bilan birga, mavjud muammo va kamchiliklar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, Professional sportchilarni tayyorlash va ularni terma jamoalarga yetkazib berish maqsadida viloyatda ikkita Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyat olib bormoqda.
Respublikamizning aksariyat hududlarida bunday markazlar soni bitta va bu borada viloyatimiz yetakchi. Ammo bugun ushbu markazlar talab darajasida faoliyat yurityapti deb bo‘lmaydi. Misol uchun, o‘tgan yil yakunida o‘tkazilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarida 500 ga yaqin medal uchun qizg‘in bahs olib borildi va ularning 136 tasi oltin medal edi. Afsuski, Toyloq olimpiya markazi jamoasi birorta sport turi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritmagan. Shuningdek, Toyloq, Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlaridagi sport maktablarida malakali murabbiylar yetishmaydi. Ayrim sport muassasalarida esa o‘quv mashg‘ulot rejasiga kiritilmagan sport turlari ham bor.
Viloyat sport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Tillayev “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining joriy yilgi mavsumida kiritiladigan o‘zgarishlar haqida ham ma’lomot berdi.
– Joriy yilgi mavsumda besh bosqichli musobaqalar 15 sport turi bo‘yicha o‘tkaziladi va bellashuvlar mart oyidan boshlanadi, – deydi J.Tillayev. – Bu yil olimpiadaga milliy xalq o‘yinlari ham kiritilishi rejalashtirilgan. Jumladan, arqon tortish, tosh ko‘tarish, arg‘imchoqda sakrash, armrestling, mas-restling (tayoq tortish) sport turlari kiritiladi. Musobaqalar 16-30 yosh toifasida o‘tkaziladi va 30 yoshdan oshganlar “Mahalla ligasi” musobaqalarida ishtirok etadi.
Tadbir yakunida mas’ullar jurnalistlar savollarga javob qaytardi va joriy yil viloyatimizda bir qator xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi, sport muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, murabbiylar malakasini oshirish, mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etish hamda terma jamoalarga iqtidorli sportchilarni yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilishi ma’lum qilindi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.