Samarqandda kuniga 500 tonna quvvatga ega chiqindilarni saralash stansiyasi quriladi
Turkiyaning “MT Makina” kompaniyasi bilan shu kabi bir nechta loyihalar rejalashtirilmoqda. 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan loyihalarning qiymati 10 million dollar bo‘lishi aytilmoqda.
Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida qator kelishuvlar olib borilyapti. Xususan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Turkiyaning “MT Makina” kompaniyasi bilan chiqindilarni qayta ishlash va ularni boshqarish yo‘nalishida uskunalar ishlab chiqarish, saralash hamda qayta ishlash ob’yektlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
Unga ko‘ra Samarqand viloyatida umumiy qiymati 10 million dollarlik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Asosiy loyihalar 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, kuniga 500 tonna quvvatga ega chiqindilarni saralash stansiyasini qurish hamda yiliga 1000 dona maxsus texnika va konteyner ishlab chiqaruvchi zavodni mahalliylashtirish ko‘zlanmoqda.
Ushbu loyihalar natijasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihaning umumiy faoliyat yuritish muddati 20 yil etib belgilanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “MT Makina” 20 yillik tajribaga ega bo‘lib, chiqindilarni boshqarishda zamonaviy texnologik yechimlarni taklif etadi.