"Qoratepa" atrofidagi chiqindilar muammo keltiryaptimi?

Bugungi kunda Urgut tumanidagi "Qoratepa" suv ombori sayyohlik maskani sifatida tobora ommalashmoqda.
Bu yerga keluvchilar soni kundan kunga ortib, nafaqat mahalliy aholi, balki xorijdan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun ham sevimli dam olish maskaniga aylanib boryapti. Har hafta minglab mehmonlar bu go‘zal maskanga tashrif buyurib, havzaning zilol suvlari, tabiatning betakror manzaralaridan bahra olmoqda. Tadbirkorlar tomonidan suv ombori atrofida maroqli hordiq chiqarish uchun yetarli sharoitlar yaratib qo‘yilgan. Xavfsiz cho‘milish hududlari, havzada suzish uchun o‘nga yaqin qayiqlar dam oluvchilar xizmatida.
Biroq hududda tabiat go‘zalligini asrash, undan oqilona foydalanish masalasi kunning muammosiga aylanib bormoqda. Chunki, suv ombori atrofi borgan sari turli maishiy chiqindilar bilan to‘lib bormoqda. Dam oluvchilar tomonidan tashlab ketilayotgan bir martalik idishlar, sellofan paket va plastik buyumlar hudud ekologiyasiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Bunday chiqindilar nafaqat yer, balki havoning ifloslanishiga ham olib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, agar haftasiga o‘rtacha 2000 nafar mehmon "Qoratepa"ga tashrif buyursa va ularning har biridan 5 donadan chiqindi qolsa, 3 oy davomida kamida 10 tonna chiqindi to‘planar ekan. Bu esa jiddiy ekologik muammoga olib kelishi mumkin.
Bu holatga Qoratepa hududida yashovchi aholi, mahalla, viloyat va tumandagi mutasaddi tashkilotlar befarq qarab turishlari kerakmi? Albatta, yo‘q. Bu muammoning yechimi faqatgina bir tomonning emas, balki jamiyatning barcha qatlamlarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari bilangina hal bo‘ladi.
Eng avvalo, dam oluvchilar sayyohlik madaniyati va mas’uliyatini his etishlari kerak emasmi? Tabiat qo‘ynida miriqib dam olgach, o‘zlaridan qolgan oziq-ovqat qoldiqlari yoki maishiy chiqindilarni tashlab ketish madaniyatsizlik-ku. Nahotki, ularni to‘plab, maxsus ajratilgan joylarga tashlash shunchalik qiyin bo‘lsa? Nima uchun mahalla yoki ekologiya va tabiatni muhofaza qiluvchi tashkilotlar bu borada nazoratni kuchaytirishmayapti? Nazoratchilarning dam oluvchilar bilan uchrashib, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishlariga nima to‘sqinliq qiladi? Axir, tumandagi «Toza hudud» DUKning chiqindi tashuvchi mashinalari 2-3 kunda bir marta kelib chiqindilardan tozalab ketishsa, olam guliston bo‘ladi-ku.
Avazbek Hamroqulov, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.