Jonkuyarlik nima? Yoxud umringizda ko‘cha yo tabiat qo‘ynida chiqindi terib ko‘rganmisiz?

Chiroyli, bahavo tabiat maskanida dam olishga borgan tanishim borki, o‘sha go‘zal maskanda chiqindi to‘planganidan noliydi yoki shu holat aks etgan rasm, videolar tashlab beradi. Umuman, bu holat odatga aylangan.

Lekin dam olishga borgan o‘sha tanishimdan «Siz chiqindilarni qayerga tashladingiz?» deb so‘rasam, o‘ylanib qoladi.

Tog‘da chiqindi qutilariga ko‘zingiz tushmaydi. Xo‘sh, nima qilasiz shu holatda? Siz u joyda ovqatlanishdan qolgan chiqindi, ichimlik idishlari, sigaret qoldig‘i kabilarni qayerga tashlaysiz? Tabiiyki, hech bo‘lmaganda yilda, boringki, ikki yilda bir marta oilaviy yoki do‘stlar bilan tabiat qo‘yniga chiqasiz. Aytingchi, o‘zingiz bilan olib borgan ichimlikning bo‘shagan idishini nima qilgansiz?

Bir marta bo‘lsa ham o‘sha chiqindilarni shaharga qaytarib kelganmisiz? "Endi chiqindini shaharga qaytarib kelishim qoluvdi” deyishingiz mumkin. Ammo siz maqtaydigan, hammayoq ozoda bo‘lgan chet elda xuddi shu holatni ko‘rganmiz. Biror oila «piknik» yo boshqa maqsadda tabiatga chiqish uchun mahsulotlarni xarid qilarkan, albatta, chiqindi solish uchun kattaroq xalta ham sotib oladi.

Ikkinchi holat shuki, tabiat manzarasidagi o‘sha achinarli holatni faqat tanqid qilish, rasmga olish bilan cheklanamiz. Biz o‘zimizni faol deb bilgan holda biror marta bo‘lsin o‘sha tog‘ so‘qmog‘idagi sayr davomida shisha idish, baklashka yoki sellofan paketlarni yig‘ishtirib o‘rnak ko‘rsatmaymiz.

Ochig‘i, bunday holat yoki tushuncha endi-endi shakllana boshladi, ammo hali juda kam. Bir guruh hamkasblar yaqinda toqqa borganimizda, barcha uzoqdan ko‘rinib turgan chiroyli sharsharaga shoshilarkan, bir kishi orqaroqda qolib cho‘ntagidan paket chiqardi va so‘qmoq bo‘ylab qoldirilgan paketlar, tashlab ketilgan plastik idishlarni tera boshladi. Avvaliga kuzatdim, 10-15 ta buyum olingan zahoti o‘sha atrof chiroyiga chiroy qo‘shildi.Keyin o‘sha hamkasbimiz yoniga qo‘shildim.5 daqidada so‘qmoqda chiqindidan asar ham qolmadi. Bizdan hech narsa ketmadi. Ammo haqiqiy dam mana shu bo‘ldi. Ishimizdan xursand bo‘ldik. Yanayam qizig‘i, keyin sodir bo‘ldi. O‘sha yerda turgan, shu hududda yashaydigan bir otaxon bizni to‘xtatdi. Chet eldan emasligimizni bilgach, hayratini yashirmadi: «Umrimda birinchi marta o‘zimizning odamlar tog‘da chiqindi terishini ko‘rishim, odatda faqat qoldirib ketishardi...».

2021 yilda O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga chiqqan rossiyalik taniqli videobloger Konstantin Tkachyov Qarshi shahri yaqinidagi cho‘lni kezarkan, o‘nlab gektarga sochilib  yotgan sellofan paketlarga ko‘zi tushadi (Yaqin atrofda chiqindi poligoni bo‘lib, ularni shamol uchirgan). Shunda bloger sayohatini to‘xtatib, cho‘lni tozalashga kirishadi. Yovvoyi tabiat bo‘ylab paketlar sochilib yotganiga ko‘z yumolmaydi. Bir-ikki kun o‘tib, bu ish ovoza bo‘lgach, hududga ko‘plab ko‘ngillilar va obodonlashtirish xodimlari yetib boradi. 10 ta mashinada sellofan to‘planadi...

Oyda bir bora osh yeyishga to‘planadigan do‘stlar guruhimiz bor. Shu davradan ziyoli bir kishi yaqinda navbatdagi osh yeyish o‘rniga Samarqand shahri ko‘chalari bo‘ylab birgalikda piyoda kezishni taklif qildi. Albatta, qo‘limizda bittadan paket bilan... Birinchidan, piyoda kezish asnosidagi suhbat sog‘liqqa osh ustidagi gurungdan foydaliroq, ikkinchidan, shahar obodonlashtirish sohasi xodimlari mehnatini qadrlash bo‘lardi. Bu taklifga hamma rozi bo‘ldi.

Anvar MUSTAFOQULOV.