Mas’uliyat - tug‘ma xususiyat emas, balki tarbiya mahsuli

Keyingi yillar bolalarda mas’uliyatsizlik ortyapti. Bir paytlar ota-onaning so‘zi ikki qilinmasdi. Bugungi yoshlar esa kichik vazifalarni ham dakki bermasangiz bajarmay qo‘ydi. “Keyin qilaman”, “ulguraman”, degan bahonalar odatga aylandi. Bu hayot tarzimizning noto‘g‘ri shakllanayotganidan dalolat.

Avvalo, bolalar texnologiyalar ichida yashayapti. Telefon, planshet va kompyuter ularning doimiy hamrohiga aylandi. Aynan shu gadjetlar bolalarda mas’uliyatsiz hissini uyg‘otmoqda. Bola virtual dunyodagi kabi birgina tugmani bosish bilan hal bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Vaqt, mehnat, intizom va izchillik kabi qadriyatlar esa ortga suriladi.

Ikkinchidan, ko‘plab ota-onalar farzandiga ortiqcha yengillik yaratishga harakat qiladi. “Men qilib qo‘ya qolay”, “bolam charchamasin”, qabilida ish tutib, uni kichik vazifalardan ozod qilishi ham mas’uliyatning pasayishiga sabab bo‘ladi. Aslida, bola aynan shunday oddiy ishlarni bajarib, hayotga tayyorlanishi kerak. Idish yuvish, xonani yig‘ishtirish, darsni o‘z vaqtida bajarish kabi kundalik vazifalar uning shaxsiyati rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.

Qolaversa, rag‘bat va talab o‘rtasidagi muvozanat yo‘qolib bormoqda. Ayrim bolalar har qanday kichik ish uchun ham maqtov kutadi. Talab yetarli bo‘lmasa yoki mehnat qadrlanmasa, mas’uliyat ham zaiflashadi.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Avvalo, bolada “vazifa–natija” munosabatini shakllantirish zarur. Ya’ni, har bir ishning evazida muayyan natija bo‘lishini bola his qilsin. Kundalik vazifalar ro‘yxatini birga tuzish va bajarilgan ishlarga kichik rag‘bat berish yaxshi samara beradi. Farzandga bolaligidan boshlab uy vazifalarini topshirish kerak. Bu uning mashaqqatga chidamli, o‘z ishiga egalik qiluvchi va “men ham oilam uchun mas’ulman”, degan tuyg‘uni shakllantiradi.

Bolaning ekran oldida o‘tkazadigan vaqtini cheklash va uni foydali faoliyatlar bilan almashtirish juda muhim. Real hayotdagi harakat, mehnat, sport va ijodiy mashg‘ulotlar mas’uliyatni tiklaydi. Ota-onaning o‘zi bolaga ibrat bo‘lishi kerak. Bola gapdan ko‘ra amaldagi harakatni yaxshi qabul qiladi. Agar ota-ona vazifasini vaqtida bajarsa, va’dasiga vafo qilsa, tartibli bo‘lsa, farzand ham shunga o‘rganadi.

Mas’uliyat - tug‘ma xususiyat emas, balki tarbiya orqali shakllanadigan sifat. Farzandimizni hayotga tayyorlamoqchi bo‘lsak, uni vazifalardan qochmaslikka, tashabbuskor bo‘lishga, va’daga sodiq qolishga o‘rgatish lozim.

Oynisa RAShIDOVA,

SamDChTI o‘qituvchisi.