Topganimiz to‘yga buyurishi shart emas
To‘y - ikki yoshning yangi hayotga qo‘ygan qadami, oila poydevorining boshlanishi. Ammo bugun “Odamlar nima deydi?”, “Falonchidan kam bo‘lib qolmaylik”, “Hamma ustimizdan kuladi”, deb asl maqsaddan chekinib, ortiqcha xarajat va dabdabaga mukkamizdan ketyapmiz.
Kimdir bitta to‘y uchun bor-budini sarflaydi, boshqa birov qarzga botadi. Bundan kimga naf? Nega yoshlarning orzu-havasi bilan qiziqishmaydi?
To‘yda shunchalik ko‘p xarajat qilamizki, bu pulga o‘sha ikki yoshga uy-joy, ta’lim, kasb-hunar, kichikroq biznes ochish imkonini yaratish mumkin.
Nega yoshlarning kelajagi uchun foydali narsalar qilish o‘rniga, bir kunlik dabdaba ortidan yillab qora terga botishni tanlaymiz? Ayniqsa, chekka hududlarda hali voyaga yetmagan, bilim olmagan, mustaqil fikri shakllanmagan qizlarni erta unashtirish holatlari uchramoqda. Qiz bola “kelin” bo‘lishdan oldin avvalo, ulg‘ayishi, o‘z yo‘lini topib hayotning ma’nosini anglashi kerak emasmi?
To‘y - pul, dabdaba yoki qimmatbaho narsalar bilan emas, maqsad va orzu-havas bilan chiroyli. Ota-onalar, ayniqsa, yoshi kattalar, boshqalarning fikriga qarab emas, farzandining kelajagini o‘ylab harakat qilishi kerak. Isrofgarchilikni to‘xtatish gap bilan emas, unga amal qilish bilan bo‘ladi. Biz, yoshlarga katta to‘y emas, katta imkoniyat kerak.
Topganimiz to‘yga buyurishi shart emas, balki ikki soatlik dabdabaga sarflanayotgan mablag‘ni farzandingizning kelajagiga yo‘naltirish, zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega bo‘lish, chet tillarini o‘rganish, oilaviy sharoitni yaxshilashga sarflash mumkin-ku?!
Marjona KUNUZOQOVA.