Ota-ona nizosi oqibatida ruhiy jarohat olgan bolani kim davolaydi?
Oilalarda sodir bo‘layotgan ota-ona o‘rtasidagi kelishmovchilik va nizolar oqibatida kelib chiqadigan zarbalar avvalo, bolalarga beriladi. Chunki har qanday mojaro bola ruhiyati va kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi.
Shuning uchun ham jamiyatimizda bolalarni zo‘ravonlikning turli shakllaridan asrash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun ko‘plab me’yoriy hujjatlar qabul qilinmoqda. Shunga qaramasdan, bolalarga ota-onalar va atrofdagi boshqa shaxslar tomonidan shafqatsiz munosabatda bo‘lishning yangicha ko‘rinishlari uchramoqda.
Jumladan, xorijdagi otaga yoki onaga farzandini shafqatsiz holatda jazolab, ijtimoiy tarmoqlarga joylanayotgani kabi tubanliklarga guvoh bo‘lyapmiz. Bu qilmishlarni amalga oshirgan shaxslar, albatta qonuniy jazosini oladi. Ammo bola qalbiga olingan ruhiy jarohatlarni kim davolaydi?
Ota-ona o‘rtasidagi tortishuvlar ko‘pincha moddiy muammolar, o‘zaro tushunmovchilik yoki xarakterlar to‘qnashuvi sababli yuzaga keladi. Ba’zan kichik tushunmovchiliklar vaqtida bartaraf etilmagani sababli katta muammoga aylanadi. Bu o‘rinda ko‘pchilik ota-onalar bir narsani unutadi - o‘zaro tortishuvlarga bolalarning guvohligini. Janjal yashirin tarzda bo‘lsa ham, sovuqqonlik, gaplashmaslik, keskin muhit bolaga ta’sir qiladi. Bola o‘zini xavfsiz his qilmaydi. Uning qalbida qo‘rquv, xavotir va ishonchsizlik paydo bo‘ladi.
Eng yomoni, janjalli xonadonda katta bщlayotgan farzandlar maktabda qiynaladi, tengdoshlari bilan muloqot qilishda muammolarga duch keladi. Achinarlisi, ular kelajakda o‘z oilasini qurishda ham ota-onasidan ko‘rgan salbiy muhitni takrorlaydi.
Ajrim holatlarida bola ota-onadan birini tanlashga majbur bo‘ladi, albatta ikkinchisiga sog‘inch hissi bilan yashash uning qalbida chuqur jarohat qoldiradi. Ota-ona o‘zaro alamini farzand orqali olishga urinish esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.
Bolaning ruhiyatiga ta’sir qiladigan yana bir jihat, u o‘zini aybdor his qiladi, ota-onasini yarashtirish uchun ortiqcha mas’uliyatni zimmasiga olganligi bois bolada tajovuzkorlik kuzatiladi.
Oqibatda bolaning maktabdagi o‘qish ko‘rsatkichlari yomonlashadi, tengdoshlari bilan muloqotda qiynaladi, doimiy xavotir va tushkunlik hissi ustunlik qiladi, kelajakda sog‘lom oila qurish borasida qo‘rquv yoki noto‘g‘ri tasavvurlar paydo bo‘ladi. Xavflisi, bola ota-onasidan ko‘rgan nizoli munosabat modelini ong ostida qabul qiladi va katta bo‘lgach, o‘z hayotida ham takrorlaydi.
Nurobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi misolida kuzatilgan holatlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida yuzga yaqin bolalarning huquq va manfaatlarini ko‘zlab, ularning otasi yoki onasi hamda yaqin qarindoshlari bilan uchrashib turishi uchun sud tomonidan xulosalar berilgan. Ularning manfaati yo‘lida sudning qarorlari qabul qilingan bo‘lsa-da, qarorlar aynan ota-ona o‘rtasidagi nizolar tufayli ijro qilinmasdan yoki ijro organlari tomonidan bir marta ijro qilinib, keyin o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bu esa voyaga yetmagan bolalarning huquq va manfaatlarining buzilishiga olib kelmoqda. Ya’ni, bolalar otasi yoki onasi, yaqin qarindoshlari bilan ko‘rishib, ularning mehridan bahramand bo‘lish baxtidan mahrum bo‘lmoqda.
Yoki, boshqa holatlarda bolalarga undirib berilayotgan aliment mablag‘larining undiruvchi tomonidan o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab yuborilgani, er-xotin o‘rtasidagi nizo tufayli voyaga yetmagan bolalarning otasi yoki onasi, yaqin qarindoshlari bilan uchrashib turishi uchun faol qarshiliklar ko‘rsatib kelish holatlari uchramoqda. Bunday holatda kamdan-kam fuqarolar sud yoki boshqa ijro organlari orqali o‘z haqqini talab qilishi va bolalar manfaatini o‘ylashi mumkin.
Hatto, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga vasiylik va homiylik tayinlashda ham yuqorida qayd etilgan holatlar bor. Oqibatda bolalarning sog‘lig‘i, ta’limi va moddiy ta’minoti bilan bog‘liq masalalarda muammolar yuzaga kelmoqda.
Ota-ona o‘rtasidagi nizo ajrim bilan yakunlansa, bolaning ruhiy zarbasi yanada kuchayyapti. Bola ikki olam o‘rtasida qolyapti. Ba’zan ota-onalar farzandini o‘zaro bahs vositasiga aylantiryapti.
Demak, har qanday vaziyatda ota-ona farzand manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishi shart. Mojaroni bolalar oldida hal qilmaslik, ularni kattalar muammosiga aralashtirmaslik juda muhim. Chunki o‘zaro hurmat va muloqot madaniyati oiladagi tinchlikning asosiy omili.
Agar kelishmovchiliklar chuqurlashib ketsa, psixolog yoki oilaviy maslahatchi yordamidan foydalanish foydali bo‘ladi. Muhimi, bola har qanday sharoitda ota-onasining mehrini his qilishi kerak. U o‘zini himoyalangan, qadrlangan va sevib turilganini bilishi zarur.
Tadqiqotlarga ko‘ra, ota-onasi doimiy janjal qiladigan oilalarda voyaga yetgan bolalarning o‘qish ko‘rsatkichi o‘rtacha 20–30 foizga past bo‘ladi.
Haqiqat shuki, ota-ona nizosida g‘olib bo‘lmaydi. Bahsda kim haq, kim nohaq ekani vaqtinchalik masala bo‘lishi mumkin. Ammo bola ruhiy jarohat olsa, uning oqibati uzoqlarga cho‘ziladi. Shuning uchun har bir ota-ona o‘z so‘zi va harakati uchun mas’ul ekanini unutmasligi kerak.
Har bir bola mehribon oilada ulg‘ayishga haqli!
Otabek KARIMOV,
Nurobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bolalarni ijtimoiy himoya qilish shu’basi mudiri.