Endi olam ahlining qarashlari o‘zgacha
1
Odamzotning aqli shoshadigan evrilishlar yuz beryapti bugun ona Vatanimiz O‘zbekistonda. Yuz berganda ham shu qadar tez, shu qadar ko‘p va bir-biridan shu qadar go‘zalki, burgutday uchib, shamolday chopib-yelganingda ham yetmaysan, yetolmaysan. Shoshib qolasan qay biridan gap boshlashni bilmay – bilolmay.
Olis o‘tgan zamonlarni-ku, qo‘yavering, ular juda uzoq. Lekin, bundan bor-yo‘g‘i o‘n-o‘n besh yil avvalgi manzarani bir ko‘z oldingizga keltiring-a? Nechta xorijiy mamlakat rahbari kelardi yil o‘n ikki oy ichida O‘zbekistonga? Bo‘larmidi dunyo ahlini mahliyo qilguvchi bir-biridan mo‘’tabar majlisu mashvaratlar? Pomiru Hisor tog‘lari singari yelkama-yelka turarmidi qadim Turonu Turkiston bahodirlari? Oltin zanjir halqalari kabi bog‘langanmidi bir-biri bilan ular? Bir musht, bir vujudga aylanganmidi?
Eh!.. deysiz. Deysiz-u, ortidan bir daryo afsus, bir olam iftixor, bir dunyo g‘urur shiddat bilan oqib kiradi yuragingizga. YuNESKOdek mashhur tashkilotning salkam ellik yillik tarixida ilk bor Parij qarorgohidan chiqib, to‘g‘ri Samarqandga kelishi, kelganda ham bir zamonlar ispan elchisi Klavixoni lol qoldirgan azim kentda yuz emas, besh mingga yaqin yetti iqlimning mashhur olimu ulamolari ishtirokida jahoniy tashvishlarni muhokama qilinishi; ulug‘ tantananing izi sovimay Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning olti davlat Prezidentlarining oliy minbarda bir tog‘ kabi turishlari... Olti og‘ayni ittifoqiga qarab turib, nigohlari sevinch yoshlariga to‘layotgan shodumon ko‘zlar va... alamdan bo‘zarib-o‘zgarib ketayotgan yuzlar...
Shunday qutlug‘ voqealar qatorida kurrai zaminda yagona bo‘lmish Islom sivilizatsiyasi markazidek bebaho majmuaning qurib bitkazilishi; peshtoqida Humo timsoli yaraqlab turgan yangi Toshkent aeroportining ishga tushgani; Samarqandda Imom Buxoriy maqbarasi; Farg‘onada, Termizda, Namanganda, Nukusda, qo‘yingki, mamlakatimizning hamma-hamma shaharu qishloqlarida bunyod etilayotgan yangi-yangi korxonalar, bog‘lar, xiyobonlar...
O‘tayotgan shu yilning o‘zida 40 dan ziyod nufuzli xalqaro anjumanlarning tashkil etilgani va kuni kecha Samarqand vokzalidan yo‘lga chiqqan uchqur poyezdning Zarafshon daryosi yoqalab, Jomboy va Bulung‘ur tumanlari orasidan shamolday yelib, Urgutga kirib borishi... Inson zoti ishonmas edi bundan o‘n yil avval shu gapni birovga aytsang – Urgutga poyezd keladi, desang. Urgutning tarixiy kitobiga zarhal harflar bilan yoziladigan mislsiz tarixiy voqea edi bu!
2
25 noyabr 2025 yil. Oltin kuzning yangi bir kuni.
Yoshlar, ayollar, viloyat nuroniylari, Toshkent shahridan kelgan mehmonlar o‘tirgan poyezdga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqib keldi.
– Samarqand – Urgut yo‘lini qura boshlaganimizga hali bir yil ham bo‘lmadi, – dedi vagondagilar bilan birma-bir qo‘l berib salomlashar ekan Prezident. – Mana, bugun ishlar yakuniga yetdi. Bunday yutuqlar chuqur o‘ylangan siyosatimiz, borayotgan yo‘limiz to‘g‘riligini ko‘rsatadi. Bugun kechagidek yashashga haqqimiz yo‘q. Har kuni tinmay izlanmasak, mehnat qilmasak boshqalardan orqada qolamiz. Urgutga poyezd bilan birga madaniyat, ma’rifat, iqtisod kirib boradi. Mamlakatimizning boshqa joylarida ham quramiz yangi poyezd yo‘llarini. Qirg‘iziston – Xitoy – O‘zbekiston xalqaro temir yo‘lini qurish vazifasi turibdi oldimizda. Shu reja amalga oshsa, Ozarbayjon orqali Yevropaga, Xitoy bozorlariga to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Sekin joyidan qo‘zg‘algan poyezd shahardan chiqqach tezligini oshirdi.
– Bugun men Urgutga quruq qo‘l bilan emas, katta mablag‘ va yirik rejalar bilan boryapman, – davom etdi mamlakatimiz rahbari. – Urgutda hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Urgut necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan manzil...
Darhaqiqat, Urgut – ildizlari ming asrlar nariga tutashib ketgan ko‘hna qo‘rg‘on. Shoxli Iskandar bosqinidan to sho‘rolarning talon-tarojlarigacha hamma azob-uqubatlarni boshidan o‘tkazgan makon. Chinnidek toza havolari, karch-karch cho‘qqilari osmonga qadalgan tog‘lari, tog‘lar quchog‘idagi jannatmonand bog‘lari bilan azal-azaldan odamlarning havasini keltirguvchi dilovar zamin.
Shu joyda, Amir Temir hazratlari ot o‘ynatib lolazor qirlarida sayr qilgan, bog‘lar barpo etgan, Bobur Mirzo chashmalari bo‘yida maysalarga yonboshlab dilbar g‘azallar bitgan Urgutni X asrda yashagan arab tarixchisi ibn Xovqal qanchalar mehr bilan tariflaganini bir eshitib ko‘ring-a: “Samarqandning janubida Shovdor tog‘lari joylashgan. Samarqand atrofida bu bo‘luschalik kishi salomatligi uchun toza havoli maskan, serhosil ekinzorlar, eng yaxshi mevazorlar yo‘q. Kishilarining qaddi kelishgan, yorug‘ yuzli. Tog‘lari go‘zal. Dalalari doimo ishlatib turiladi”.
Asrlar davomida nigohlarni mahliyo qilgan makon so‘nggi yillarda butunlay qaytadan dunyoga keldi. Ha, onadan qayta tug‘ilgandek bo‘ldi go‘yo. Mening emas, olti yuz mingdan oshiq ahli Urgutning qalb so‘zi, ko‘ngil bog‘larida ulg‘aygan faxru e’tirofi bu. Urgutning ikkinchi hayoti boshlandi o‘tayotgan qisqa yillarda. Shu yillarda yigitdek kuchga to‘ldi, o‘sdi, ulg‘aydi, obod bo‘ldi.
O‘n emas, yuzlab yirik, juda yirik korxonalar bunyod qilindi. Urgutda ishlab chiqarilgan mahsulotlar esa shu o‘n yillikda dunyoga chiqdi, dunyo odamlarining e’tiboriga tushdi. O‘n yil avval vino tayyorlovchi, tamakini fermentatsiya qiluvchi zavod va muzqaymoq bilan kulolchilik sexlaridan boshqasi bo‘lmagan manzil mamlakatimizning sanoati eng rivojlangan tumanlari qatoridan joy egalladi.
Bugun kimdir sizga “Urgutda odamning jonidan boshqa hamma narsa ishlab chiqarilyapti”, desa sira hayron bo‘lmang. Hademay “Urgutda sun’iy odamlar yaratilibdi, ular Qizil sayyorani obod qilayotgan emishlar”, degan gaplar ham qulog‘ingizga chalinib qolishi mumkin...
3
Mumkin! “Madomiki, Urgutimizning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdek alloma me’mori bor ekan, – deyishadi urgutliklar g‘ururga to‘lib. – Biz uchun bironta ham bo‘lmaydigan ish, ishg‘ol qilinmaydigan cho‘qqi qolmaydi!” Zero, “Bo‘lmaydi. Bo‘lishi mumkin emas!”, deganlari tugul, afsonalarda uchramaydigan mumtoz o‘zgarishlar ham bo‘ldi-da, axir, Urgutda. Bugun ham bo‘lyapti, yanayam shiddat bilan davom etadi bundan keyin ham.
O‘rni kelganda izohlash lozimki, urgutliklarning: “Urgutimizning me’mori O‘zbekiston Prezidenti” degan e’tiroflari oddiy so‘z emas, bir olam haqiqat bor uning zamirida. Viloyat hokimi vazifada ishlayotgan kezlarida tumandagi muammolarni chuqur o‘rgangan Shavkat Mirziyoyev hali Prezidentlikka nomzod bo‘lib turgan kunlardayoq Urgut tashvishlari bilan yashadi. O‘sha paytda qurigan shuvoqlarni shamollar koptokday dumalatib-o‘ynatib yurgan adir va toshloq yerlarda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Sakkiz yilda 860 million dollarlik 74 ta loyiha ishga tushdi. Yuz-yuzlab ishsizlar ishli bo‘ldi. Ish qidirib xorijga ketgan yuzlab erkak-ayollar oilasi bag‘riga qaytib keldi. Qator-qator ko‘p qavatli uylar qurilishi natijasida necha yuzlab oilalar uyli-joyli bo‘ldi.
Tasavvuringiz bundanda tiniqroq bo‘lishi uchun bitta misol keltiray. Tumanda “Ferre Group” nomli korxona bor. Dastlab xorijdan keltirilgan butlovchi buyumlar asosida bir necha turdagi maishiy texnika vositalarini yig‘ish bilan o‘z faoliyatini boshlagan korxona bugunga kelib muzlatkich, gaz plita, kichik pech, changyutgich, dudburon va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari, temir eshiklar ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik kompaniyalardan biriga aylandi. Korxona mahsulotlari dunyoning bir necha mamlakatlarida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan xaridorlar diqqatini tortmoqda. Bu yerda yiliga 440 milliard so‘mlik 250 ming dona mahsulot tayyorlanayotgani uning salohiyati qanchalar yuksak ekanini yana bir karra tasdiqlaydi.
Yangi poyezd Urgut bekatiga yetib kelganidan so‘ng Prezidentimiz to‘g‘ri mana shu korxonaga bordi. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
– Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasdan yangi O‘zbekistonni barpo qila olmaymiz, – dedi Prezidentimiz mazkur korxona ishlari bilan tanishayotganda. – Agar sizlar tinimsiz izlanib, birlashsangiz, Samarqandda kambag‘al degan qatlam qolmaydi. Siz, O‘zbekiston nomini jahonga tanitishdek sharafli imkoniyatga egasiz.
Yana bir gap, Prezident tashabbusi bilan dunyoga kelgan va O‘zbekiston nomini jahonga tanitayotgan bunday korxonalar tumanda oz emas.
Davlat rahbarining niyati esa Urgutni yanada ko‘rkam va obod ko‘rish. Shu bois har bir tashrifda o‘nlab tashabbuslar qanot yozadi.
Bu safar tumanning Quyi Kamangaron mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash 90 gektar maydonda zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan ekoshahar barpo etish haqidagi xushxabar e’lon qilindi. Shu xabar yangrayotganda, Urgut poyezdi Samarqanddan qo‘zg‘algan payti Prezidentimizning mana bu so‘zlari esimga tushib ketdi:
– Urgutga qanday-qanday aniq rejalar, katta sovg‘alar bilan borayotganimni bilasizmi? – degan edi Yurtboshimiz va: – Hali borganda aytaman, eshitasizlar, – deya sirli kulib qo‘ygan edilar.
Samimiy tabassum “sir”lari voqealar jarayoni yorqin ko‘rindi.
– Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma ob’yektlari quriladi, tadbirkorlik loyihalari amalga oshiriladi, – deya davom etdi Prezidentimiz. – Bu yumushlarni amalga oshirish uchun 50 million dollar ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma’muriy markaz quriladi.
55 kilometrlik Urgut – Samarqand temir yo‘lining ishga tushirilishi mazkur ishlarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. O‘nlab madaniy-maishiy, savdo ob’yektlari qad ko‘taradi temir yo‘l bo‘ylarida. Yangi uylar quriladi. Necha yuzlab ish joylari yaratiladi.
Tashrif davomidagi uchrashuvlarda, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Prezident tomonidan Urgutning kelajagiga doir yana o‘nlab yirik loyihalar tilga olindi. Viloyat iqtisodiyoti va hayotiga doir rejalar tuzildi, “Yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish vazifalari belgilandi.
4
Bunday shodiyonalarga yuzma-yuz kelganda ichingga sig‘maylar ketadi sevinchlaring. Ovozing boricha hayqirging keladi tog‘larning baland cho‘qqilariga chiqib. Ikki qator misrani qoralash-qofiyalashga evatayi borlar esa bilmaylar qoladi qanday qilib she’rlar to‘qib yuborganini:
Do‘stlar, bu kun dunyoning karvonlari o‘zgacha,
Karvonlarning oq-qora sarbonlari o‘zgacha.
Ba’zilarin da’vosi, titratgaydir samoni,
Ba’zilari olmas tan, hatto qodir Xudoni.
Yeru ko‘kda to‘zonlar to‘zg‘igan shul zamonda,
Dunyo ahli yuzlandi O‘zbekiston tomonga.
Besh og‘ayni bitta musht, arqon bo‘lib eshildi,
Besh og‘ayni safiga ozor Sheri qo‘shildi.
Olti karvon bir vujud, bitta ko‘zu qosh bo‘ldi,
Bu muhtasham karvonga O‘zbekiston bosh bo‘ldi .
Endi ahli olamning qarashlari o‘zgacha,
Majburdir tan olmoqqa yetti yoshdan yuzgacha.
O‘zbek desa, bir paytlar, bosh chayqagan taraflar,
Bugun o‘zbek Alpiga yog‘dirmoqda sharaflar.
Bugun o‘zbek, O‘zbekyurt aylanmoqda burgutga,
Qarang, poyezd keldi-ya, olis qo‘rg‘on Urgutga.
Ishonmasdi hech qachon aytsang biron kishiga,
Kirgan emas bunday baxt odamzotning tushiga.
Bugun oshiq bulbuldek navo keldi Urgutga,
Chashmadek sof, musaffo havo keldi Urgutga.
Ming-ming yillik ertaklar haqiqatga aylandi,
O‘zbegimning ko‘zlari yulduzlarga boylandi.
Boylandi, oltin qanot orzular yulduzlarga,
Oqshomlar aylandilar charog‘on kunduzlarga.
Ko‘k o‘par koshonalar bir-biridan muhtasham,
Hech kim ajablanmaydi kosmodrom qursak ham.
Bugun quyosh misoli chaqnar barcha qorako‘z,
Qora ko‘zlar qa’rida jaranglaydi bitta so‘z:
-Do‘stlar, jumla-jahonga doston qilib karvonni,
Chamanlarga burkaymiz, Yangi O‘zbekistonni!
Abdusaid KO‘ChIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi
Vatan
Samarqand