Toshkentda yashaymi yoki Anqarada?
O‘zbekistonning poytaxti bo‘lgan Toshkentdan kechagina qaytdim. Oxirgi o‘ttiz besh yillik hayotimning uch yilini Toshkentda (Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasida OAVlari atteshesi bo‘lib faoliyat yuritdim), o‘ttiz ikki yilini esa Anqarada o‘tkazdim.
Turkiyadagi bir firmaning maslahatchisi sifatida Toshkentga hamon tez-tez yo‘lim tushib turadi. Shu safargi sayohatimda Toshkentdagi hayotni kuzatarkanman, xayolimga shunday fikr kelmay qolmadi “Ajabo, bu yoshdan keyin, turmush o‘rtog‘im bilan qolgan umrimizni Toshkentda yashasakmikan?” - Anqara bilan Toshkentni shunday qiyoslama qildim.
Toshkent, 3 million 200 ming kishilik aholisi bilan 5 million 300 minglik aholisi bo‘lgan Anqaradan kichikroq, biroq keng maydonga yoyilgan gorizontal me’morchilikka ega, yo‘llari keng, keng tarmoqli metro yo‘nalishlari tufayli transport tizimi qulayligi ham muammosiz bir shahar.
Toshkentda uylar va kvartiralar shaharning markaziy isitish tarmog‘i bilan isitilgani uchun issiqlik ta’minoti ancha arzon. Asosiy ko‘chalarning tagidan issiq suv quvurlari o‘tkazilgani sabab, qishda yo‘llar muzlab qolmaydi. Anqarada esa isinish juda qimmat.
Anqarada, quyuq daraxtzor va yashil maydonlar Toshkentdagidan ancha kam. Toshkentda esa deyarli har bir mahallada katta-katta daraxtlar, so‘qmoqli ajoyib parklar, suv kanallari, ko‘llar va yashash maydonlari bor.
Toshkentda huzur beruvchi, sokin va ishonchli hayot oqimi mavjud. Hech kim shoshilmaydi. Shaharda 60 kilometrdan oshirib haydayotgan mashinalar, shoshayotgan gavjumlik, bekor yurgan odamlar bilan to‘lgan maydonlar, kafelar, tilanchilar, mast-alastlar va sayyor sotuvchilarni ko‘rmaysiz.
Zamonaviy davlat avtobuslari, dunyoning eng go‘zal va bezakli yerosti bekatlariga ega bo‘lgan metrosi esa tekindan biroz qimmatroq. Anqaraga ko‘ra, yashash xarajati yarmi yarmiga arzon. Toshkentda, ayniqsa, Turkiyaning boshiga balo bo‘lgan, taksi va nomer mafiyachiligi tizimi yo‘q. Davlatga yiliga 250 dollarga yaqin soliq to‘lab, shaxsiy mashinangizda Yandeks taksi qilib ishlashingiz va bundan qo‘shimcha daromad olishga haqingiz bor. O‘rtacha, 50-60 lira (15-20 ming so‘m) bilan yandeks taksi chaqirib, istagan joyingizga elektrli va qulay mashinalar bilan yetib olishingiz mumkin. Anqarada 40-50 ming dollarga olishingiz mumkin bo‘lgan yangi lyuks elektrokarlarni Toshkentdan 20-25 ming dollarga olsangiz bo‘ladi. Do‘konlar va shahar bozorlarida, ayniqsa, oziq-ovqatlar Turkiyadan teng yarmiga arzon. Kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar ham Anqaradan arzon. Kvartira narxlari ham Anqaradan avlo. Ijarada yashash uchun 400-500 dollarga uch xonali kvartira topsangiz bo‘ladi. Uylar odatda, barcha jihozlari bilan beriladi.
Turk restoranlari narx borasida Toshkentda ham Anqaradagidan uncha farq qilmasa-da (o‘zi turk restoranlari qayerga borsa, qimmatchilik olib boradi, shuni bir tartibga olishi kerak O‘zbekistondagi tegishli tashkilotlar (tarjimon fikri), o‘zbek restoranlarida deyarli 150-200 lira (50-60 ming so‘m) bilan sergo‘sht va nafis o‘zbek milliy taomlari bilan to‘yishingiz mumkin.
Toshkent ko‘chalari Anqara ko‘chalaridan ancha toza. Zero, barcha asosiy yo‘llarning yonida bu yerda o‘sadigan daraxtlar ham sug‘oriladigan suv kanallari mavjud.
Toshkent Anqaraga qaraganda ko‘p millatli shahar. Ruslar, ukrainlar, koreyslar, tatarlar, qozoqlar, uyg‘urlar, tojiklar til va irqiy tomondan bir-birlaridan farq qilsa-da, O‘zbekiston vatandoshi sifatida emin-erkin va ichma-ich yashaydilar. Bundan tashqari, butun dunyodan diplomatik missiyalar bilan kelgan, ko‘p chet ellik ishbilarmonlar o‘z oilalari bilan shu shaharda istiqomat qilishadi… Toshkent naqd dunyo mozaikasi…
Toshkentning Anqaraga ko‘ra eng katta kamchiligi sog‘lik borasidagi xizmatlari, deyishim mumkin. Mamlakatimizdagi muvaffaqiyatli va rivojlangan sog‘liqni saqlash xizmatlari Toshkentda uncha rivojlanmaganligi sabab, bir qancha kasallik bilan og‘riganlar davolanish uchun chet elga ketishga majbur bo‘ladi.
Endilikda dunyo kichrayib qoldi. Anqaradan 3200 kilometr uzoqdagi Toshkentga 4 soatlik uchish bilan bemalol yetib olishingiz mumkin. Deyarli har kuni Toshkentdan Anqaraga reys bor. Mamlakatlarimiz orasida keyingi to‘qqiz yil davomida yuqorilab borgan yaxshi munosabatlar soyasida, ilk uch oylik sayohatlaringizda viza olishga ehtiyoj ham yo‘q.