Muallim mulohazasi: O‘qituvchilik – sharafli kasb, maktab – muqaddas dargoh
Ko‘chada tuzuk yurishni, maktab partasida durust o‘tirishni, qalam-ruchka tutishni, daftar va kitoblarni ozoda saqlashni eplolmaydigan jajji bolakaydan 11 yil ichida tuppa-tuzuk insonni shakllantirish o‘ta mushkul va mas’uliyatli burch.
O‘z o‘rnida buning javobgarligi ham yo‘q emas. Yaqin o‘tmishning atoqli namoyandasi Abdurauf Fitrat “Hayotimizdagi eng qiyin hamda og‘ir masala bola tarbiyasidir”, deb bejiz aytmagan. Allomaning fikriga qo‘shiladigan bo‘lsak, yaxshi o‘qituvchi kelajagimizni kafolatlashini qiyinchiliksiz anglay olamiz. Darvoqe, maktabda a’lo baholarga o‘qigan, ustozlarining og‘zidan chiqqanini ilib olgan bola, tabiiyki, iqtidoriga qarab, muallimi asos solgan kelajakni boshqaradi.
Jamiyat o‘zgarib, odamzodning fe’li torayib borayotgan bugungi davrda o‘qituvchilarning zimmasidagi yuk ham oldingisidan besh-olti barobar og‘irlashdi. Buni ko‘tarish, udda qilish hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Kasbini hurmat qilgan ustoz-muallimlar kunduzi maktabda jonini jabborga berib, kechasi uyida uyqudan qolib ishlaydilar. Ular o‘quvchilarining birorta savoliga javob topolmay uyatli bo‘lishdan xavotirlanib yashashadi. Ba’zan o‘ziga, oilasiga, yaqinlariga vaqt ajrata olmaydi.
Avval-boshda o‘qituvchi deganimizning asosiy vazifasi bolani zeriktirib qo‘ymaslikdan iboratdir. Ma’lumki, bolaning ko‘ngli guldan ham nozik. Ular maktabdan zerikdimi, tamom. Turli bahonalar axtarib, darslardan qochishning, muallimining ko‘zidan panaroqda bo‘lishning payiga tushib oladilar. Aynan shu pallada ularni yana darslarga qaytarishning, qiziqishlarini tobora orttirishning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun bugungi o‘qituvchilarga yetarli shart-sharoit yaratib berish zarur.
Aslida maktab hayoti va bola tarbiyasi azaldan odamzodni o‘ylantirib, tashvishlantirib keladi. Shuningdek, bu borada bildirilayotgan fikrlar, maktablarning imkoniyatlari ham sira bir-biriga o‘xshamaydi. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Axborot manbalari ko‘payib, turfa fikrlilik kuchaydi. Aldanib qolish va osongina aldab qo‘yish mezonlari kengaydi. Bugungi yosh avlod maktab pedagogik jamoasi oldiga shunday talab va istaklarni ko‘ndalang qo‘yadiki, yechimini izlab, boshingiz qotadi. Buning natijasi o‘laroq, o‘qituvchilarning bilimsizligi, maktab jamoasining muammolari, ota-onalar bilan doimiy aloqa o‘rnatilmaganligi bir zumda sezilib qolmoqda. Aksiga olib, bizni o‘rab turgan tabiat ham tobora o‘zgarib bormoqda. Shunga o‘xshash tahlikali zamonda davr bilan hamqadam bo‘laman, deya odamzod esidan og‘ishi hech gap emas. Hayotdan orqada qolishni esa kechirib bo‘lmaydi. Zamondan, zamondoshlaridan yiroqlashish o‘qituvchining zuvalasini buzadi. Maqsadimiz bu sohada yaxshi natijaga erishish ekan, avvalo, o‘qituvchilarni bilimli, zukko va tadbirli qilish zarur.
Bilim berish deganimiz muallimning salohiyatini, tajribasini, odob-axloqini, yurish-turish madaniyatini ham o‘z ichiga oladi, albatta. Biz istagan o‘qituvchilar safi kengaysa, maktablarimizda kelajagimiz uchun foydali muhit yuzaga keladi. Bolajonlarimiz ta’lim dargohlarini, ustozlarini toabad yaxshi ko‘rib qolishadi. Maktablarda ilmu qudratga boy manba shakllangandan so‘ng, tabiiyki, ota-onalar shuurida ham ijobiy o‘zgarishlar yuz beradi. Shuncha yutuq va yangilanishlardan keyin muallimlarning qadr-qimmati ortib borishi shubhasiz. Masalaning ikkinchi tomoni ham borki, undan juda ehtiyot bo‘lish lozim. Bir maktabda ishlaydigan o‘n nafar o‘qituvchining yutuqlarini ba’zan, xuddi shu maktabdagi birgina o‘qituvchining xatosi yoki nojo‘ya qilmishi chippakka chiqarib yuborishi bor gap. Bunday ko‘rgulikka duch kelmaslik uchun har bir o‘qituvchi o‘z atrofini mustahkam himoyalab qo‘yishi ayni muddaodir.
Oylik maoshning ko‘paytirilishi o‘qituvchilarni saralab olish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, ularning ko‘ngillarini xotirjam bo‘lishiga, ishiga mas’uliyat bilan yondashishiga imkon yaratadi. Aksincha bo‘lsa, hayotning achchiq-chuchugi butkul pul bilan o‘lchanadigan makonda o‘qituvchilarning ham tashvishi ortib boraveradi. Buni tushunish qiyin emas. Ozgina jiddiyroq e’tibor kerak, xolos. Aslida ro‘zg‘origa yetadigan maosh bilan ta’minlanishi o‘qituvchilarimizning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasi sanaladi. Dilida tuguni, dard-tashvishi bor inson sira o‘ziga o‘xshamaydi. Bu holat o‘qituvchining fe’liga juda tez va og‘ir zarbalar berishi, ularni o‘z kasbidan sovutishi ham muqarrardir. Muallim o‘z kasbidan sovisa, ta’lim-tarbiya butunlay orqaga ketadi. Savodsizlik boshlanadi. Odamlar chalasavod farzandlarini o‘qitish uchun oliy o‘quv yurtlari eshigiga pul ko‘tarib borishni boshlaydi. O‘qituvchining oylik ish haqi ro‘zg‘or tebratishga yetmasa, har qanday jamiyat va davlatda korrupsion holatlar kuchayadi. Sababi, qalbi kemtik ustozdan saboq olgan bolaning ham bilimi ojiz bo‘ladi, u jaholatni kuchaytirish tarafdorlari tomonga o‘tib olishi shubhasiz.
Ba’zi maktablarda shunday muhit bor: bola o‘qituvchidan cho‘chiydi. Nima uchun? Chunki bizda bolaning bilimini baholash mezoni bor. Buni o‘zgartirish, zamonga moslash kerak. Ikki baho olgan bola baribir do‘stlari oldida qisinadi. Ba’zan qalbi beozor bolaning darslarni o‘zlashtirolmayotganligini bilgan o‘qituvchilar uni keragidan ortiq darajada kamsitib yuborishadi. Muallimning dakkisidan, a’lo baholarga o‘qiydigan sinfdoshlarining jizzaki munosabatlaridan “ikkichi” o‘quvchi uyaladi. Uyat asta-sekinlik bilan qo‘rquvga aylanadi. Qo‘rqqan bola maktabga borishni istamaydi. O‘qituvchisi oldida bilganlarini aytib berolmaydi. Darsga tayyor bo‘lsa-da, yana o‘qituvchisidan dakki eshitishi mumkinligidan hadiksirab yuradi.
Xo‘sh, maktab va bola o‘rtasidagi bunday nomutanosib muhitdan qanday qutulish mumkin?
Buning uchun har bir sinfda tajribali psixologlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim. O‘qituvchilar ham, ota-onalar ham psixologlar oldida hisobdor bo‘lishi shart. O‘qituvchining ishiga baho berish yoki uni rag‘batlantirishdan avval bevosita maktab psixologining fikr-mulohazalariga ham suyanilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. O‘z o‘rnida psixologlar maktab ma’muriyati va ota-onalarga o‘z vazifalari, rejalari haqida axborot berib tursa, maktab hayoti tobora yaxshilanib boraveradi.
O‘qituvchining darsdan tashqari paytlarda ham o‘quvchilar atrofida ko‘proq bo‘lishi, ular bilan hayotiy mavzularda tez-tez muloqot qilib turishi bola tortinish, cho‘chish alomatlarini yo‘qotadi. O‘quvchi bilan o‘qituvchining ruhan yaqinlashuvi o‘rtadagi har qanday salbiy munosabatlarga chek qo‘yadi. Bunday ustozlarni tarbiyalash, ko‘paytirish ayni zamondagi ta’lim jarayonining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi lozim. Ushbu yo‘nalish o‘z o‘rnida pedagoglar tayyorlaydigan oliy ta’lim tizimida ham katta o‘zgarishlar qilinishini talab etadi.
Yuqori sinf o‘quvchilarining kuniga olti-yetti soatlab o‘qishini biz zamon, davr hamda ta’lim standartlarining talabi deymiz. Aslida darslarning ko‘pligi o‘quvchilarni sinfga kirishdan bezdirib qo‘yishini ham biz ta’lim standarti sifatida ko‘rishimiz, buning oldini olishimiz shart. Sinfga majburan kiritilgan o‘quvchining ko‘ngliga hech narsa sig‘maydi. Buning oldini olish borasida ba’zi bir darslarni, hattoki matematika, kimyo, fizika darslarini ham gohida tashqarida – ochiq havoda o‘tishni qo‘llab ko‘rish mumkin. O‘ylaymanki, buning foydasi katta bo‘ladi va yaxshi natijalarga olib kelishi tayin. Har bitta yangilikda lazzat bor, deganlaridek, bolalar hamisha yangilikka intiluvchan bo‘lishadi.
Ta’lim tizimimizda uchraydigan yana bir muammo xom-xatala darsliklar va o‘z ustida ishlamaydigan ustozlar masalasidir. Tasavvur qiling, zamonaviy ta’lim talablariga javob berolmaydigan o‘qituvchilar qatoriga savodsizlarcha tayyorlangan darsliklarni, bolaning maktabga kelmay qolgan kunlarini, ota-onalarning befarqligini ham qo‘shadigan bo‘lsak, ko‘z oldimizda ta’lim tizimining juda katta muammolari paydo bo‘ladi. Bola shunday salbiy holat avj olgan maktabdan nimani o‘rganishi mumkin? Menimcha, hech narsani o‘rgana olmaydi. Ular maktabni qanday bilsa, jamiyatni ham xuddi shunday tasavvur qilishadi.
Sir emas, bugun o‘qituvchilarning yarmidan ko‘pi uy-ro‘zg‘or tashvishlariga ham o‘ralashib qolgan. Ayniqsa, ayollarimiz, opa-singillarimiz. Tabiiyki, oila tashvishlariga duch kelgan ustoz o‘zganing bolasiga bilim berishdan ko‘ra ko‘proq o‘zining muammolarini hal qilishni o‘ylaydi. Toki muallim va muallimalarning fikr-xayoli faqat maktab va dars jarayoni bilan bog‘lanmas ekan, ta’lim tizimining kemtiklarini aslo to‘ldirib bo‘lmaydi. Ta’lim dargohidagi darslardan qoniqmagan ota-onalar farzandlarini narxi falon millionli repetitorlarga topshirishga majbur bo‘lishadi. Buning ustiga, maktabda to‘liq ta’lim olgan o‘quvchilardan to‘rttaginasi, repetitorga qatnaganlardan besh-oltitasi oliy o‘quv yurtlariga kirsa, maktabning, o‘qituvchilarning reytingi repetitornikidan ikki-uch barobar pasayib ketadi.
Gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, bugun ta’lim jarayonida o‘zgartirilishi, yangilanishi lozim bo‘lgan masalalarning ko‘lami ancha katta. Buning uchun barchamiz, hattoki ota-onalar ham mas’uldirlar. Ta’lim masalasi faqat vazirlikka bog‘liq emas. Shuningdek, men oddiy o‘qituvchi sifatida arzimagan sabablar bilan maktablarga iddao qilib keladigan, o‘qituvchilarning hurmat-izzatini to‘kib, haqorat qiladigan ota-onalardan ham og‘ir-bosiq bo‘lishlarini, maktab eshiklarini qattiq yopmasliklarini, yetti o‘lchab, bir marta kesishlarini so‘rayman.
Siz o‘qituvchini qo‘llang, u bolangizni savodsizlik girdobidan saqlab qoladi. O‘qituvchilar hech qachon farzandingizning yomon inson bo‘lib tanilishini istamaydi.
Barchinoy Sodiqova,
Past Darg‘om tumanidagi 35- maktab direktori.