Samarqand qahratoni: Besh asr avvalgi anomal sovuq
Tarix fanida siyosiy o‘zgarishlar va harbiy yurishlar bilan bir qatorda, iqlim omillarining jamiyat hayotiga ta’siri ham alohida ahamiyatga ega.
O‘rta asr manbalarida qayd etilgan tabiiy ofatlar o‘sha davr iqtisodiy va ijtimoiy manzarasini to‘liqroq tasavvur qilish imkonini beradi. Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’” (“Nodir voqealar”) asari XVI asr boshlarida Turonda kuzatilgan anomal ob-havo sharoiti va uning oqibatlari haqida qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan tarixiy manbadir. Xususan, hijriy 918 (milodiy 1512) yilning qish mavsumida Samarqandda kuzatilgan keskin sovuq havo oqimi mintaqa aholisi uchun jiddiy sinovga aylangan.
Manbalarda keltirilishicha, mazkur davrdagi iqlim o‘zgarishi odatdagi mavsumiy sovuqlardan keskin farq qilgan. Vosifiy o‘z xotiralarida tabiatning bu injiqligini badiiylik bilan “to‘rtinchi falak hukmdorining yer yuzini zamharir o‘qlari bilan nishonga olishi” tarzida qayd etadi. Bu tasvir o‘sha yilgi qishning favqulodda qattiq kelganini, haroratning keskin tushib ketishi natijasida kundalik hayot tarzining izdan chiqqanini anglatadi. Shahar infratuzilmasi va aholining yashash sharoiti bunday keskin iqlim o‘zgarishiga tayyor emas edi. Natijada, tabiiy ofat ortidan iqtisodiy qiyinchiliklar va oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keldi.
Qahraton sovuqning bevosita ta’siri bozorlardagi narx-navoga va aholining xarid qobiliyatiga zarba berdi. Samarqandda yuzaga kelgan ocharchilik va qimmatchilik vaziyati manbada aniq dalillar bilan ko‘rsatib o‘tilgan. Non mahsulotlarining keskin kamayib ketishi ijtimoiy tanglikni kuchaytirdi. Muallif odamlarning osmon jismlariga qarab, ularni nonga o‘xshatishini qayd etar ekan, bu orqali jamiyatdagi ochlik miqyosi va psixologik holatni ifodalagan. Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jumladan, Xurosondan ko‘chib kelgan qochqinlar va talabalar eng og‘ir vaziyatda qoldilar. Ularning aksariyatida na issiq kiyim, na yetarli mablag‘ mavjud edi.
Ushbu gumanitar inqirozning eng fojiali nuqtasi ikki nafar tolibi ilmning taqdirida namoyon bo‘ladi. Sovuq va ochlik iskanjasida qolgan bu yoshlar hayotiy zarurat tufayli o‘zlarining yagona isitish vositasi bo‘lgan po‘stinlarini sotib, yegulik olishga majbur bo‘ladilar. Biroq, qattiq sovuq sharoitida issiq kiyimsiz qolish halokatli oqibatga olib keldi va ular vafot etdilar. Bu hodisa o‘sha davrdagi ijtimoiy ta’minot tizimidagi bo‘shliqlarni va tabiiy ofatlar oldida insonning naqadar ojizligini ko‘rsatuvchi achchiq dalildir. Vosifiy ushbu voqeani shunchaki kuzatuvchi sifatida emas, balki jarayon ishtirokchisi sifatida bayon qiladi.
Yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish va insonlar hayotini saqlab qolish maqsadida jamiyat ziyolilarining harakati muhim ahamiyat kasb etdi. Vosifiy o‘z mavqei va qalamidan foydalangan holda, dastlab mahalliy zodagonlardan biri Amirko Shohiyga murojaat qiladi. Uning yozgan maktubi asosida muhtoj talabalarga po‘stin va kiyim-kechak shaklidagi yordam ko‘rsatiladi. Biroq, oziq-ovqat masalasi hamon dolzarb edi. Shu bois, adib davlat boshqaruvi vakillariga murojaat qilish yo‘lini tanlaydi. U o‘sha vaqtdagi hukmron shayboniylar sulolasi vakillaridan biri, Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abu Said Sultonga atab qasida yozadi va vositachi orqali mavjud ahvolni yetkazadi.
Bu o‘rinda tarixiy-etnografik jihatdan e’tiborga molik yana bir detal mavjud. Abu Said Sulton turkiy tilli bo‘lib, fors tilini tushunmaganligi, Vosifiy va uning guruhi esa turkiy tilda ijod qilmaganligi sababli, muloqot tarjimon-vositachi orqali amalga oshirilgan. Bu fakt shayboniylar davri saroy madaniyati va til muhiti haqida xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Natijada, hukmdor tomonidan ajratilgan o‘n bosh qo‘y, yigirma man un va yoqilg‘i o‘nlab ilm ahlining qishdan omon chiqishini ta’minladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, 1512 yilgi Samarqand qishi tarixi faqat meteorologik hodisa emas. Bu – davlat va jamiyatning favqulodda vaziyatlardagi harakati, o‘zaro yordam mexanizmlari va ziyolilarning ijtimoiy javobgarligi masalalarini yorituvchi muhim tarixiy saboqdir. “Badoye’ ul-vaqoye’” asari orqali biz nafaqat o‘tmish iqlimi, balki ajdodlarimizning qiyinchiliklarni yengishdagi tadbirkorligi va hamjihatligi haqida ham tasavvurga ega bo‘lamiz.
Alisher Egamberdiyev.