Nurobod turizm, ekologiya va investitsiyalar uyg‘unlashgan taraqqiyot markaziga aylanmoqda

Nurobod tumanida hududiy rivojlanishning yangi bosqichini boshlab beruvchi muhim xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakillari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimi D.Omonov, Nurobod tumani hokimi Maxsud Bo‘ronov, “Infocapital group” kompaniyasi eksperti Bahodir Husanov, loyiha menejeri Azamat Salayev, shuningdek mutasaddi tashkilotlar vakillari, ekspertlar va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Davra suhbati Nurobod tumanining istiqboldagi taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilab beruvchi uchta yirik master reja taqdimotiga bag‘ishlandi. Ular Nurobod tumani markazi, Nurbuloq kurort shaharchasi hamda Hazrati Dovud ziyoratgohi hududlarini zamonaviy, barqaror va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan tarzda rivojlantirishni nazarda tutadi.

Ta’kidlanganidek, ushbu master rejalar Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 avgustdagi 497-son qarori asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Yevropa Ittifoqi, Adliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi. Loyihalar  “Infocapital group” kompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Davra suhbatida qayd etilganidek, master rejalarning bosh maqsadi — Nurobod tumanining iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, zamonaviy infratuzilma yaratish, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish hamda aholining yashash sifatini oshirishdan iborat.

Xususan, Nurobod tumani markazi bo‘yicha ishlab chiqilgan konsepsiyada hududni zamonaviy ma’muriy va servis markaziga aylantirish, piyodalar va velosiped harakati uchun qulay infratuzilma yaratish, ko‘l atrofida keng jamoat va dam olish hududlarini tashkil etish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Nurbuloq kurort shaharchasi bo‘yicha master reja esa hududni zamonaviy sog‘lomlashtirish va tibbiy turizm markaziga aylantirishni ko‘zda tutadi. Rejaga ko‘ra, sanatoriy va sog‘lomlashtirish maskanlari yagona tizim asosida rivojlantirilib, piyoda va velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, terapevtik landshaftlar va ekologik xavfsizlik choralarini kuchaytirish rejalashtirilgan.

Hazrati Dovud ziyoratgohi bo‘yicha ishlab chiqilgan master rejada hududni zamonaviy ziyorat va ekoturizm markaziga aylantirish maqsad qilingan. Unda ziyoratchilar uchun qulay infratuzilma yaratish, ekologik marshrutlar, glamping hududlari, panorama maydonlari, piyoda yo‘laklari va tabiiy landshaftni asrashga qaratilgan yechimlar o‘rin olgan.

Davra suhbati davomida mutaxassislar va ekspertlar master rejalarning iqtisodiy transformatsiya, investitsiya jalb qilish, ekologik muhofaza, turizm salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Mazkur master rejalar Nurobod tumanining kelgusidagi barqaror taraqqiyoti uchun muhim strategik hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, ular inson manfaatlari, ekologik barqarorlik va zamonaviy shaharsozlik tamoyillarini uyg‘unlashtirgan holda hududning yangi qiyofasini yaratishga xizmat qiladi.