"Obod mahalla"ga kiritilgan mahallamiz obod bo‘lmadi

Nurobod tumanidagi Ag‘ron mahallasidan murojaat qilyapmiz.

Mahallamiz Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan edi.

Dastur ijrosiga ko‘ra, mahallamiz ko‘chalarining 4,5 kilometr qismiga asfalt, 3,5 kilometriga shag‘al yotqizilishi, bozor infratuzilmasi yaxshilanishi kerak edi. Amalda ularning hech biri yakuniga yetmadi.

Masalan, suratda aks ettirilgan ko‘cha asfalt qilinishi kerak edi. Ko‘rib turganingizdek (surat 5 kun avval olingan) ko‘chaga asfalt qilinishi u yoqda tursin, shag‘al to‘shalgani yo‘q. 1,2 kilometrlik beton yo‘laklar sifatsiz qilingan. Dasturga kiritilgan bozorcha masalasi hech bir mas’ulning esiga kelgani yo‘q, aholi yashash uchun yengillik beruvchi boshqa ishlar ham talab darajasida bajarilgan emas.

Muammo yuzasidan tuman hokimligining shu ishga mas’ul rahbarlariga murojaat qildik, ammo tayinli javob olmadik. “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan qishloqlar obod bo‘lmasa, boshqa mahallalarda bajarilayotgan ishlar qanday bo‘ladi?..

Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ evaziga nima ishlar qilingani, aholi og‘iri yengil bo‘lganmi-yo‘qmi, buni bilib, ko‘rib, xulosa qiladigan mas’ullar mahallamizga kelarmikan?

Nurobod tumani Ag‘ron mahallasi fuqarolari.