Nurobod tumanida qator ijtimoiy soha ob’yektlari foydalanishga topshirildi
Dastlab tumanning “Nurdum” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 21-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat boshladi. 1,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan mazkur bog‘cha 60 nafar tarbiyalanuvchini bag‘riga oldi.
Mazkur mahallada 2 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham mavjud bo‘lib, maktabgacha ta’lim yoshidagi 3-7 yoshli bolalar soni 385 nafarni tashkil qiladi.
Sarikul mahallasida esa bir yo‘la mahalla binosi, tuman tibbiyot birlashmasining “Sarikul mahalla tibbiy punkti” hamda 16-umumta’lim maktabida yangidan qurilgan (12x24 o‘lchamdagi) sport zali foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirlarda viloyat, tuman hokimligi, sog‘liqni saqlash, xalq ta’lim tizimi mas’ullari, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
- Bugun barcha mahalladoshlarimiz uchun unutilmas kun bo‘ldi, - deydi shu mahallada yashovchi Abduvahob bobo Baratov. - Sarikulda o‘tgan 3 oy davomida juda katta ishlar amalga oshirilib, xalqimiz kayfiyatiga kayfiyat qo‘shdi.
Bugun mahalla o‘zining binosiga ega bo‘ldi. Bunyodkorlik ishlari mahalliy byudjet mablag‘lari hamda homiylar va hashar yo‘li bilan amalga oshirildi. Unda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar o‘rinbosari va mahalla kutubxonasi uchun ham alohida xonalar hozirlandi. Yoshlarimiz sportga qiziqadi. Ammo shug‘ullanishga joy yo‘q edi. Endilikda bu sport zalda nafaqat yoshlar, balki barcha yoshu qari birdek shug‘ullanadi.
Shuningdek, 14 nafar fuqaro o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Mahallada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Yoshlar kutubxonasi”ga hoji otalar tomonidan 500 ga yaqin yangi adabiyotlar taqdim qilindi.
- Joriy yilning 18 mart kuni davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida olis va chekka mahallalarga maxsus konteynerlar o‘rnatilib, mahalla tibbiyot punktlari tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi, - dedi tuman hokimi Sh.Yo‘ldoshev. - Ushbu topshiriq ijrosi bo‘yicha tumanimizda 23 ta olis va chekka qishloqlar tibbiy punktlarni tashkil qilishni belgilab olgandik. Hozirgacha tuman markazidan uzoqda joylashgan 15 ta qishloqda “Mahalla tibbiy punkti” tashkil qilinib, foydalanishga topshirildi.
Keyingi manzil - tumanning “Omondara” mahallasida “Cho‘nqaymish tibbiy punkti” bo‘lib, bu maskan rekonstruksiya qilindi.
Prezident raisligidagi selektor yig‘ilishida berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimi "Omondara" MFYda o‘tkazilgan yig‘ilishda hudud aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va "Cho‘nqaymish tibbiy punkti"ni mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Tuman markazidan 65 kilometr uzoqlikdan tog‘lar orasida joylashgan ushbu punkt 130 mln. so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan mukammal ta’mirlandi.
Cho‘nqaymish qishlog‘idagi 217 ta xonadonda yashovchi 1400 nafar aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammo, ya’ni tibbiy xizmat olish uchun 23 kilometr masofa bosib sarson bo‘lishiga chek qo‘yildi. Shuningdek, viloyatdagi malakali tibbiy mutaxassislar va tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari birgalikda Cho‘nqaymish qishlog‘i ahlini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Tibbiy ko‘rik natijasida kasalligi aniqlangan fuqarolarga tegishli tavsiyalar berildi.
- Shu yil Samarqand tibbiyot institutini tamomladim, - deydi yosh shifokor Ruslan Quvondiqov. – O‘zim Past Darg‘omdanman. Ish faoliyatimni viloyatimizdagi olis hududda boshlayapman. Bu binoning oldingi ahvoli judayam xarob holga kelib qolgan edi. Viloyat, tuman hokimlarining ko‘magi bilan ta’mirlanib chiroy ochdi. Bu yerga ishlash uchun oilam bilan kelganman. Turmush o‘rtog‘im ham shifokor.