Birlamchi tibbiyotga murojaat qilish uchun Nurobodning ayrim mahalla aholisi 35 kilometrgacha yo‘l bosishiga to‘g‘ri kelardi. Bunga barham berildimi?
Ko‘pchilik bilsa kerak, Nurobod tumanining maydoni Andijon viloyati maydoni bilan deyarli teng. To‘g‘ri, aholisi 20 baravar kam, ammo maydoni bir xil. Demak, tumanda aholi joylashuvi nechog‘lik tarqoq ekanini tasavvur qilish qiyinmas.
Yo‘q, maqola Nurobod tumani aholisining joylashuvi yoki maydoni haqida emas, balki tibbiyoti bilan bog‘liq. Aholi tarqoq hududlar tibbiyotdan foydalanishi qanday bo‘lgan edi-yu, hozir bu borada nima o‘zgardi, umuman, tuman tibbiyotida keyingi oylarda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tamiz.
Tumanning Tepaqul mahallasida yaqindagina bitta konteyner o‘rnatilib, uch xonadan iborat mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Aholining bu haqdagi fikri bilan qiziqdim.
Konteynerlar bepul
- Ilgari nevaramizning harorati ko‘tarilsa ham, qon bosimimiz oshsayam, darrov Sazag‘ondagi poliklinikaga yo shaharga qarab yugurardik-da, - deydi shu qishloqda yashovchi 62 yoshli Pardagul Ro‘ziboyeva. – Poliklinikaga borish 20 chaqirimcha yo‘l, shahar undanam uzoq. Yo‘lga vaqt ketar, yo‘lkira sarflashga to‘g‘ri kelardi. Ba’zi xonadonlarda tez-tez qon bosimi oshadigan qariyalar, bir necha yosh bolalar bor. Ularga juda qiyin bo‘lardi. Hozir, mana, bir qadam bo‘lib qoldi. Huv, deb chaqirsak, eshitgulik masofada vrach, hamshira bor.
- Aprelning so‘nggi ikkinchi o‘n kunligida ish boshlagan bo‘lsak, shu paytga qadar 200 ga yaqin murojaat bo‘ldi, - deydi Tepaqul mahallasidagi tibbiyot punkti rahbari Yaxshiboy Suyunov. – 2 mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatamiz, ularning 187 nafari dispanser nazoratida turadi.
Konteyner-tibbiyot punktini kuzataman: kichkina xona, ammo bemorni ko‘rish uchun sharoit bor. Suv tarmog‘i endi tortiladi, deyishdi. Tonometr va oftalmoskop asboblarigina bor hozircha. Shuningdek, punktning keyingi xonalarida tez tibbiy yordam shoxobchasi joylashgan. Ya’ni, tez tibbiy yordam chaqirig‘i 2 mingga yaqin aholi uchun bir necha o‘n daqiqalarga qisqardi.
Darvoqe, mazkur konteynerlarning har birini joylashtirish, ustini yopish uchun uchun o‘rtacha 40 million so‘mdan mablag‘ sarflangan. Konteynerlar bepul keltirilgan.
Poliklinikaga borish uchun 35 chaqirim yurishga to‘g‘ri kelgan
- Mamlakatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan muloqotidan so‘ng tibbiyotning aholiga yaqinlashuvi juda tezlashdi, - deydi Nurobod tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Abdulla Abiyev. – To‘g‘ri, sohada juda ko‘p ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinayotgandi. Misol uchun, aholi tarqoq hududlarda tibbiy punktlarni tashkil etish ham dasturlarda belgilangandi. Ammo yig‘ilishdan so‘ng bu vazifalarning amaliyotga joriy etilishi tezlashdi. Yaxshi bilasiz, Nurobodning aholisi bilasiz, tarqoq joylashgan. Birlamchi tibbiyotga murojaat qilish uchungina 35 kilometrgacha yo‘l bosishiga to‘g‘ri keladigan mahallalar bor edi. Qishning sovug‘i, yozning saratonida yosh bolalilar bitta emlash uchun shuncha yo‘l bosib, yo‘lkira sarflashga majbur edi. Hozir shu masala hal bo‘ldi. Tumandagi 12 hududda tibbiyot punkti tashkil etildi. Masofa bir necha barobarga qisqardi. Homiylar mablag‘lari hisobidan Sazag‘on hududiy bo‘limiga yangi bino qurilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan olis va chekka hududlarga vrachlarni jalb qilish, ularni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha chiqarilgan qaror ijrosini ta’minlash va aynan chekka hududlardagi vakant o‘rinlarni to‘ldirish maqsadida qo‘shni viloyat va tumanlardan 6 nafar vrach kelib, ish boshladi. Xususan, Sepki oilaviy poliklinikasiga ikki nafar, Ibn Sino oilaviy poliklinikasiga bir nafar oilaviy shifokorni ishga qabul qildik.
Markaziy shifoxonada ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yaxshilash maqsadida 5 nafar tor soha mutaxassisi (xirurg, kardiolog, akusher-ginekolog va LOR) olib kelindi. Tumandagi gemodializ oladigan bemorlarni dori-darmon bilan ta’minlash uchun 21,8 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Kardiologiya tashkil etiladi
Boshqa hududlarda bo‘lgani singari Nurobodda ham aholi viloyat ixtisoslashgan tibbiy markazlari xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, bemorlarga shu yerning o‘zida xizmat ko‘rsatilmoqda jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Xususan, shu yilning o‘zida 6 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroda tug‘ma yurak operatsiyasi bepul amalga oshirildi.
Kasalliklarni erta aniqlash va oldini maqsadida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mutaxassislari oshqozon-ichak tizimida kasalligi bo‘lgan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, bepul dori-darmon tarqatdi.
Viloyat davolash muassasalarining malakali mutaxassislari tumanimizning olis hududlari - Ag‘ron, Navbahor, Tim, Sahoba, Nurdum va Tutli qishloqlari axolisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.
Markaziy shifoxonani ta’mirlash va tibbiy apparatlar olish uchun “Tashabbusli byudjet”dan 1 milliard so‘m mablag‘ ovoz berish yo‘li bilan yutib olindi. Ushbu mablag‘ga shifoxonaning kirish joyi, qabul bo‘limi, operatsion blokni ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tumanda markaziy shifoxona terapiya bo‘limidagi mavjud o‘rinlardan foydalanib, nevrologiya va kardiologiya bo‘limlarini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Viloyatimizning olis, aholisi tarqoq bir tumani tibbiyotidagi bu kabi yangilik va o‘zgarishlar albatta, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, tibbiyotning rivojlanayotgani va xalqqa yaqinlashayotgani samarasidir.
Gulruh Mo‘minova.