Sud mustaqilligi va shaffofligini oshirish xalqni rozi qilishga xizmat qiladi
Keyingi yillarda sud-huquq islohotlari jadal, izchillik bilan olib borilmoqda. Shu yil 21 avgustda Prezidentimiz sud faoliyatiga oid ikkita muhim farmonni imzoladi. Bu farmonlar sud tizimida chinakam yangi davrni boshlab berdi.
24 noyabr kuni Prezidentimiz yana bir muhim farmonga imzo chekdilar. “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qator muhim masalalarni qamrab olgan.
Mamlakatimizda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini tubdan oshirish, ochiq va shaffof tartib-taomillar asosida sud organlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish, aholining sud himoyasida bo‘lish huquqini samarali ta’minlash, sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qaror qabul qilingan ushbu Farmon ham tarixiy ahamiyatga ega.
Farmonni nomlanishidayoq 3 ta ustivor vazifa belgilangan: Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi, ochiqligini oshirish, sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish. Farmon ana shu uchta maqsadni amalga oshirish uchun aniq vazifalarni belgilab bergan.
Sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirib, sudyalar hamjamiyati organlari roli oshiriladi. Ochiqlik ta’minlanib, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibi joriy etiladi.
Ilgari sudyalar besh yillik muddatga tayinlanardi. Bir yoki ikki muddat ishlagan tajribali sudyalar ham qaysidir xatosi uchun keyingi muddatga o‘ta olmasligi mumkin edi. Shu tariqa ko‘plab tajribali, bilimli, eng muhimi to‘laqonli shakllangan sudyalar tizimdan chiqib ketardi. Bu esa kadrlar qo‘nimsizligiga sabab bo‘lib, sudyalar korpusining salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatardi.
Sud-huquq islohotlarining keyingi bosqichida avval besh yillik, keyin o‘n yil, undan keyin muddatsiz davrga tayinlash (saylash) joriy qilindi. Bu amaliyot o‘zini to‘liq oqladi. Endi yanada mukammal bosqichga o‘tishning vaqti keldi. Sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi belgilandi.
Shu sohaning faxriysi sifatida aytishim mumkinki, besh yillik muddatda sudyaning kimligi, salohiyati aniq bo‘ladi. Ularning ko‘pchiligi shu muddat yakuniga yetmasligi ham mumkin.
Lekin bilimli, o‘z ustida doimo ishlaydigan, halol va adolatli sudyalarni muddatsiz davrga tayinlash ularning sevgan kasbiga fidoyiligi va sadoqatini oshiradi.
Tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlanishi juda muhim yangilik, deb bilaman. Ko‘p yillar viloyat sudi raisi lavozimida ishlagan inson sifatida ayta olamanki, sudya o‘z ishini puxta bilimdoni bo‘lishi mumkin, lekin unda rahbarlik qobiliyati bo‘lmasligi mumkin. Ba’zida ana shunday sudyalarning sud raisi bo‘lib qolishi ishimizga salbiy ta’sir qilgani bor gap. Tuman-shahar sudlariga ochiq tanlov asosida tashkilotchi, shijoatli, liderlik qobiliyatiga ega sudyalar tanlansa, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilanishi ham tahsinga loyiq.
Sudyalar oliy kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi faqat va faqat Kengashning nufuzini oshirishga hissa qo‘shadi.
Ayniqsa, Kengashning doimiy tarkibiga Oliy suddan ikki nafar, viloyat darajasidagi sudlardan yetti nafar, tumanlararo, tuman, shahar sudlaridan to‘rt nafar sudya kiritilishi turli darajadagi sudlar manfaati va tajribasi teng ishtirok etishini ta’minlaydi.
Farmon bilan Kengash raisiga qo‘shimcha vakolatlar berildi. Agar intizomiy ish asossiz tugatilgan yoki jazo noto‘g‘ri qo‘llangan deb topilsa, u malaka hay’ati qarorlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin. Shuningdek, Kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlaydi.
Sudyalar oliy kengashining rasmiy veb-saytida sud tizimida mavjud bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid ma’lumotlar hamda nomzodlarni tanlash hamda tayinlash bo‘yicha barcha bosqichlarga oid ma’lumotlar e’lon qilib borishi ochiqlik darajasini oshirish yo‘lida dadil qadamlardir.
Farmonda menga juda yoqqan joyi - sudyalar va sud xodimlari kunini belgilash bo‘ldi. Hamma kasbdagilarning bayrami bor, negadir sud organlari kuni yo‘q edi. Sud tizimi vakillari Konstitutsiya kunini ramziy bayram sifatida nishonlardik. Endi o‘zimizning ham kunimiz, o‘z bayramimiz bo‘ladi.
Sudyaga nisbatan intizomiy ish ko‘rib chiqishda uning himoyaga bo‘lgan huquqini taqdim etish, intizomiy jazo sifatida quyi sudyalik lavozimiga o‘tkazish chorasini joriy etish, intizomiy jazo amalda bo‘lgan vaqtda yuqori sudyalik lavozimiga tavsiya etilmaslik masalalari ko‘p savollarga yechim topadi va amaliyotdagi bo‘shliqni tartibga soladi.
Sudyalar korpusida gender tenglikni ta’minlash, Odil sudlov akademiyasida xotin-qizlar uchun kvota belgilash, O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasini tashkil etish ayol sudyalar ko‘payishi uchun aniq chora-tadbirlardir.
Akademiyada ta’lim jarayoni ustoz-shogird an’anasi asosida yo‘lga qo‘yildi. Ustoz-shogirdlik masalasi har qanday zamon va makonda o‘zini to‘la oqlagan. Ustoz ko‘rgan shogirdlar o‘z kasbini tezroq, osonroq va teranroq o‘rganadi, nisbatan kamroq xato qiladi.
Katta mehnat tajribasiga hamda ilmiy salohiyatga ega sudyalar Odil sudlov akademiyasiga professor-o‘qituvchi lavozimiga tayinlanganda, Akademiyadagi faoliyati tugagandan so‘ng uning muqaddam ishlagan sudyalik lavozimida ishni davom ettirishi yoki avvalgisiga teng boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazilishi adolatli yechim bo‘ldi. Mazkur Farmon faqat yaxshilikka, odil sudlovni oshirish orqali xalqni rozi qilishga xizmat qiladi.
Zoir ALIYeV,
sud faxriysi.