22 aprel - Xalqaro Yer kuni
Yer sayyorasining 29 foizdan ortiqrog‘i quruqlikka, qolgan qismi esa dengiz va okeanlarga to‘g‘ri keladi. Ishlov beriladigan maydonlar esa bor-yo‘g‘i 11 foizni tashkil qiladi.
Insonlar uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining 88 foizi shu maydonlarda yetishtiriladi. Shu jihatlarga e’tibor qaratilib, bu kun turli mamlakatlarda insonlarni sayyoramiz yagonaligini his yetish, barcha kuchlarni dunyoda xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro tinchlikni saqlash va barcha insonlarning yagona uyi hisoblangan Yerni himoya qilishga chorlaydi.
Avval “Yer kuni” ko‘plab mamlakatlarda bahorgi tengkunlik sanasi (21 mart)da nishonlangan. 1970 yildan bu sana 22 aprelga o‘zgartirilgan. O‘shanda AQSh parlamenti senatori Geylord Nelson boshchiligida garvardlik bir necha faol talaba yoshlar ishtirokida dastlabki “Yer kuni” aksiyasi o‘tkaziladi. 1971 yildan boshlab o‘sha senator tashabbusi bilan AQShda mazkur sana bayram sifatida har yili nishonlanadigan bo‘lgan va u mamlakat aholisi orasida tez ommalashgan. Keyinchalik sana boshqa mamlakatlarda ham norasmiy bo‘lsa-da, bayram sifatida nishonlangan.
BMT rezolyusiyasiga ko‘ra, 1971 yildan buyon har yili 22 aprel - Xalqaro yerni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Ushbu sana munosabati bilan sayyoramizning turli mintaqalarida tadbirlar, ekologik ko‘rgazma va festivallar o‘tkaziladi, obodonlashtirish, ko‘chatlar o‘tqazish kabi xayrli ishlar amalga oshiriladi.
Yer - bizning yagona uyimiz va biz undagi muammolardan qochib-qutilib boshqa hech qayoqqa yetib bora olmaymiz. Shunday ekan, har bir shaxs, shu sayyorada yashovchi har bir odam zamin uchun nimadir qilishga harakat qilishi lozim. Tabiatga ozor bermaslik, uning boyliklaridan va ne’matlaridan oqilona foydalanish, ekologik muvozanatni asrash, jonivorlarga ziyon yetkazmaslik, ifloslantirmaslik, o‘z tevarak-atrofimizni pokiza tutish – bu har birimizning qo‘limizdan keladigan oddiy va lekin umumiy zamin manfaati uchun g‘oyat muhim.