Sud organlarida taraflar, ayniqsa prokuror va advokatlar tengligi ta’minlangan
Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Tohir Qodirov bilan «Zarnews.uz» muxbiri Yo.Marqayevning suhbatida sud-huquq tizimidagi eng katta muammo sifatida sud binosiga kirib chiqishda advokat bilan prokurorning teng emasligiga e’tibor qaratilgan. Buning misoli sifatida “advokat sud majlisini kutib qoladi, prokuror esa sud binosiga emin-erkin kirib chiqadi”, deya iddao qilinadi.
Viloyat, tuman-shahar, tumanlararo sud binolarida prokuror va advokatlar uchun maxsus xonalar mavjud va ishlab turibdi. OAV vakillari ishtirokida tashkil etilgan press-turlar davomida bu xonalar, ulardagi shart-sharoitlar bilan tanishtirilgan.
Bugungi sud-huquq islohotlari jarayonida sud organlari uchun taraflar, ayniqsa prokuror va advokatlar tengligi ta’minlangan. Bu masalada ham biror-bir advokatdan e’tiroz tushgan emas. Aksincha, advokat kechikishi sababli sud majlislari boshlanmay sudyalar, taraflar kutib qolgan holatlar, hattoki advokat kelmaganligi sababli sud majlislari qoldirilganligiga misollar keltirish mumkin.
Advokatning sud majlisini tashqarida kutib qolishi va prokurorning emin-erkin sud binosiga kirib ketishi masalasini oddiygina izohlash kerak. Advokat o‘zi ishtirok etayotgan muayyan ish bo‘yicha sud majlisida ishtirok etish uchun keladi. Va o‘sha sud majlisi boshlanishini kutadi. Bu tabiiy hol. Shunday bo‘lsa-da, advokatlarning sud ma’muriy binosiga muayyan ish bo‘yicha erkin kirib chiqishiga hech qanday mone’lik yo‘q.
Prokuror esa bitta ish bo‘yicha kelmaydi. Prokuratura organlari tomonidan tayyorlangan davlat ayblovini e’lon qilish, sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash uchun bir kunda bir nechta ishda ishtirok etishi mumkin. Demak, bir sud majlisidan chiqib, o‘ziga ajratilgan maxsus xonaga kiradi va navbatdagi sud majlisiga tayyorgarlik ko‘radi.
Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonunlarga, sud organlariga ishonchini oshirish borasida keng qamrovli sa’y-harakatlar amalga oshirilayotgan bir paytda OAV bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Xalqimizga sud organlari faoliyati haqida to‘g‘ri, xolis ma’lumot va munosabatlarni yetkazishda amaliy yordam berayotgan «Zarnews.uz» veb-saytiga minnatdorchilik bildiramiz.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.