Sud – mustaqil organ

Huquq idoralari, jumladan, sudlar yillarki, odamlarda qo‘rquv uyg‘otgan. Keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida mazkur tizimda ham xodimlar xalqqa xizmat qilishi kerakligini teran anglab, faoliyat olib bormoqda.

Ayniqsa, ulardagi ochiqlik, shaffoflik, shu bilan birga, fuqarolar uchun bir qator qulayliklar kuzatilmoqda. Viloyat sudi raisi Olim Hayitov bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

- O‘tgan yili sohada katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ular orasida sudlar faoliyati uchun muhim bo‘lgan yangilikni va odamlarga, ya’ni qonun tili bilan aytganda, jismoniy shaxslarga foydali bo‘lgan qaysi o‘zgarishlarni aytib o‘ta olasiz?

- Muhim yangiliklardan biri sifatida sud tuzilmasidagi o‘zgarishni keltirish mumkin. Ilgari fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha uchta alohida viloyat sudlari faoliyat ko‘rsatardi. Endi ular bitta - viloyat sudi sifatida birlashtirildi. Viloyat sudi raisi va uning fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari – sudlov hay’ati raislari lavozimi joriy etildi.

Islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Oliy Majlis Senatining 2020 yil 19 dekabrdagi o‘ninchi yalpi majlisida sud qarorlarini qayta ko‘rishning protsessual tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi hamda Jinoyat, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ma’qullandi.

Natijada ishlar ko‘rib chiqilishida bir-birini takrorlovchi instansiyalar bekor qilinib, “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etildi. Unga ko‘ra, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi:

birinchi instansiya (tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo‘yicha – viloyat sudlari);

apellyasiya instansiyasi (viloyat darajasidagi sudlar);

kassatsiya instansiyasi (Oliy sud) sudlari yaratildi.

Mazkur o‘zgartirishlar fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olish barobarida taraflarning sudda tortishuvchanlik va tengligi tamoyilini to‘liq ta’minlashga, fuqarolar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

- Sudlar faoliyati haqida gap ketganda, avvalo, majlislar zali yetishmasligi, shuningdek, fuqarolik sudlarida bitta sudya bir kunda 3 tadan 10 tagacha ish ko‘rayotganligi va tabiiyki, bu narsa sifatga ta’sir qilayotgani haqida aytiladi. To‘g‘ri, bu muammolarni hal qilish viloyat sudi vakolatiga kirmaydi, ammo muammo bor va u yuqoriga yetkazilmasa, baribir hal bo‘lmaydi. Nima deysiz?

- Bunday muammo ilgari mavjud edi. Olib borilayotgan sud-huquq islohotlari bilan bir qatorda sud organlari faoliyatini tashkiliy ta’minlash borasida ham katta ishlar qilinmoqda. Tumanlarda zamonaviy, barcha sharoitlarga ega sud binolari qurilib, foydalanishga topshirilyapti, ba’zilari qayta ta’mirlanmoqda.

Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi yangidan tashkil etildi. Mazkur sud avvaliga jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi binosida faoliyat olib bordi. O‘sha paytlarda sud majlisi zali yetishmovchiligi uchrab turardi. Bugungi kunda tuman markazida bo‘sh turgan ma’muriy bino ta’mirlanib, barcha sharoitlar yaratilgach, FIB tuman sudiga topshirildi. Bu yerda bugungi kunda faoliyat ko‘rsatayotgan ikkita sudyaga ikkita majlislar zali mavjud.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudida ham har bir sudyaga bittadan majlislar zali bor.

Bundan tashqari, zal yetishmovchiligi bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida qo‘shimcha ikkita sud zali ishga tushirilib, muammo hal qilindi. Fuqarolar kutish zali qurilib, qulay sharoit yaratildi. Bunday misollarni barcha tumanlar bo‘yicha aytish mumkin. Muhimi, sud organlari faoliyatini takomillashtirish va fuqarolarga qulaylik yaratish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tizimda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu tadbirlar fuqarolar ortiqcha ovoragarchiligining oldini olib, bevosita sud organlariga kelishini kamaytiradi.

Chunki fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmat turlari kengaytirilmoqda. Sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyati kengaytirildi. Shuningdek, ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn olish imkoniyati yaratildi.

Misol uchun, yaqinda Samarqand shahar sudida bir fuqarolik ishi ko‘rildi. Respub­likamizning boshqa viloyatida bo‘lib turgan taraflardan biri video­konferensaloqa, yana bir ishtirokchi Turkiyada, boshqa bir ishtirokchi Rossiya davlatining Sankt-Peterburg shahrida mobil qurilma orqali ishtirok etdi. Albatta, bu amaliyot kengaytirib boriladi. Fuqarolar uyi­dan turib, mobil qurilma - telefon, planshet orqali sud majlisida onlayn qatnashaveradi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda bitta sudya 3 tadan 10 tagacha ish ko‘rishi ish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, degan e’tirozga qo‘shilmayman.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda nisbatan ish ko‘p bo‘lishi bor gap. Lekin ishning ham turlari ko‘p. Bir kunda o‘ntalab ko‘rsa bo‘ladigan kichik hajmli ishlar bor, bittasi haftalab, oylab ko‘riladigan ishlar ham bor. Har bir sudya kuniga faloncha ish ko‘rishi shart, degan qoida yo‘q. Qancha ish tayinlash va ko‘rish sudyaning o‘ziga va ishlarning katta-kichikligiga bog‘liq. Ish sifatiga esa ertaga sudya javob beradi, chunki sudyaning faoliyatiga baho beradigan mezon, talablar bor.

(Davomi bor)