Sudlarda da’vo arizalar va boshqa ma’lumotlarni elektron tizim orqali yuborish, ko‘rib chiqish jarayonlarini onlayn tarzda kuzatib borish mumkin
Bugungi kunda fuqarolar, advokatlar va boshqa tashkilotlar sudga da’vo ariza kiritish uchun sudga borib ariza kiritishlari shart emas, tizim orqali onlayn tarzda da’vo ariza kiritish, davlat bojlarini to‘lash, murojaatlar yo‘llash, sud qarorlaridan nusxa olish va boshqa qulayliklardan foydalanishlari mumkin.
Samarqand viloyat sudi tashabbusi bilan sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish va “Adolat” axborot tizimlari imkoniyatlari kengroq tanishtirish maqsadida tashkil etilgan seminarda shu haqda keng ma’lumot berildi.
Seminarda viloyat sudi sudyalari, sud xodimlari, advokatlar, faol huquqshunoslar, yuridik texnikum pedagoglari va talabalar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat sudi raisining o‘rinbosari Z.Allabayev avvalo davra suhbatining mazmun-mohiyati, mavzuning dolzarbligi va ahamiyati haqida tushuncha berdi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5-bandida, sudlar faoliyatiga «Adolat» axborot tizimlari kompleksi joriy etish orqali davlat hokimiyati va boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish mumkin. Shuningdek, manfaatdor shaxslar tomonidan da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish, sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish va sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish belgilab qo‘yilgan.
Seminarda viloyat sudining sudyasi T.Qurbanov so‘zga chiqib da’vo arizalar va unga ilova qilingan hujjatlarni sudga sifatli taqdim qilish, da’vogar va javobgarlarning barcha ma’lumotlarini to‘liq kiritish shartligini tushuntirdi. Ma’lumotlarning to‘liq kiritilmasligi sud qarori ijrosini qiyinlashtirishini misollar bilan izohladi.
Kapitalbank ATB huquqshunosi B.Boyzoqovga sudlardagi axborot elektron tizimlari ularga ancha qulay ekanligi, ular hozirda barcha da’vo arizalarni elektron tizim orqali yuborayotganligini, bu ancha ovoragarchilik, ortiqcha tashvishlarni bartaraf qilganligini bildirdi, deya xabar bermoqda viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.