Sud tizimida xalq vakillari hay’ati

jamiyatda huquqiy madaniyatni oshiradi

Xalq vakillari hay’ati sudi (prisyajli sud) instituti adolatni ta’minlashda xalqning ishtirok etish shakli bo‘lib, jinoyat protsessining demokratik funksiyalarini kuchaytirish maqsadini ko‘zlaydi. Bu institut davlat hokimiyatining bo‘linishi, oshkoraligi va bahslashuv prinsiplarini aks ettirib, dunyoning ko‘plab davlatlari huquqiy tizimida qonunchilik bilan mustahkamlangan.

O‘zbekistonda prisyajli sud aholi sud tizimiga ishonchini oshirishda istiqbolli mexanizm sifatida qaraladi. 2025 yil 26 dekabrda O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatida sud tizimini modernizatsiya qilish va xalq ishtirokini ta’minlovchi institutlar orqali qonunchilik va adolat prinsiplarini mustahkamlash zarurligi, jumladan, jinoyat protsessida xalq vakillari hay’ati sudini bosqichma-bosqich joriy etish alohida ta’kidlangan.

Xalq vakillari hay’ati sudi - bu jinoyat ishlari bo‘yicha faktlarni hal qiluvchi jamaotchilik sudyalaridan iborat sud organi bo‘lib, ular sudyaga ayni bir jinoyat ishi bo‘yicha maslahat beradi va chigal huquqiy masalalarni hal qilishda ko‘maklashadi.

Institut huquqiy tahlil va jamiyat fikrini birlashtirishi bilan xarakterlanadi. Bu esa dalillarni baholashda ijtimoiy adolatni inobatga olish imkonini beradi.

An’anaviy tushunchaga ko‘ra, xalqning adolatni ta’minlashdagi ishtirok etishi jinoyat protsessining demokratik prinsiplarini amalga oshirish shakllaridan biri hisoblanadi. Anglosakson huquq an’anasida xalq vakillari hay’ati sudi instituti shaxsni davlat hokimiyatining qat’iyatsizligidan himoya qilish vositasi sifatida rivojlangan.

 Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda xalq vakillari hay’ati sudini joriy etish bo‘yicha qonunchilik asoslarini yaratish ustida ishlar davom etmoqda. Jinoyat-protsessual qonunchiligida tegishli normalar hali to‘liq amalga oshirilmagan bo‘lsa-da, davlat siyosati ularni yaqin yillarda jinoyat protsesslariga integratsiya qilishga qaratilgan.

Huquqiy davlatda xalq vakillari ishtirokini konstitutsiyaviy prinsiplar asosida ta’minlash zarur. Adolatli sudga huquq hamda Jinoyat-protsessual kodeksi orqali xalq vakillari hay’atini shakllantirish tartibi, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va ularning mustaqilligini kafolatlovchi protsessual mexanizmlar belgilanishi kerak.

AQShda xalq vakillari hay’ati sudi jinoyat va qisman fuqarolik sud jarayonida asosiy element hisoblanadi. U “trial by jury” prinsipiga asoslangan bo‘lib, AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra muhofaza qilinadi va demokratiya hamda fuqarolarni huquqiy himoya qilishning asosiy ustunlaridan biri sanaladi.

Ispaniyada xalq vakillari hay’ati sudi jinoyat jarayonining bir qismi sifatida faoliyat yuritadi va maxsus qonun bilan tartibga solinadi. Prisyajlilar muayyan kriteriy (fuqarolik, savodxonlik, sudlanmaganlik va hokazo)larga muvofiq bo‘lishi shart va ularning qarori aybdorlikni aniqlashda muhim ahamiyatga ega.

Qozog‘istonda xalq vakillari hay’ati sudini joriy etish tajribasi kontinental yondashuvni namoyon qiladi, shu bilan birga aralash kollegiya xususiyatlariga ega. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bu institut bahslashuv, oshkoraligi va insonparvarlik prinsiplarini amalga oshirishga, shuningdek, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirishga xizmat qiladi.

Xalq vakillari hay’ati sudini joriy etish bir qator muammolar bilan bog‘liq:

- xalq vakillari bazasini ob’yektiv va reprezentativ shaklda tashkil qilish;

- jarayonda ishtirok etuvchi fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish;

- xalq vakillarining vakolat va qonunchilik me’yorlarini aniq tartibga solish uchun jinoyat-protsessual qonunchiligini muvofiqlashtirish.

Institutni rivojlantirish istiqbollari xalqaro tajribani integratsiya qilish va fuqarolik jamiyatining adolatni ta’minlashdagi rolini oshirishda namoyon bo‘ladi.

Xalq vakillari hay’ati sudi instituti jinoyat huquqida demokratik prinsiplarni amalga oshirishning asosiy mexanizmlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston uchun uni joriy etish qonun ustuvorligini mustahkamlash, jamoat nazoratini kuchaytirish va sud tizimiga ishonchni oshirish imkoniyatini beradi. Xalq vakillari hay’ati sudi xorijiy modellari (AQSh, Ispaniya, Qozog‘iston) milliy-huquqiy an’analarni inobatga olgan holda O‘zbekistonda xalqning adolatga ishtirokini samarali tashkil etish uchun asos bo‘lishi mumkin.

B.TOShEV,

Odil sudlov akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori.

R.MERZAYeV,

Odil sudlov akademiyasi tinglovchisi.