Sud hujjatlari ijrosi barcha uchun majburiy

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishi sifatida sud-huquq sohasidagi islohotlari bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan beshta ustuvor yo‘nalishning ikkinchi yo‘nalishida qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirib kelinayotganligi buning yaqqol isboti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yil 28 iyulda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni imzolandi. Ushbu qonunning 10-moddasida “Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar uchun majburiydir hamda O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi shart. Sud hujjatini ijro etmaslik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deb belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, qonunning 9-moddasida “Sudyalar mustaqildir, faqat qonunga bo‘ysunadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalarga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb belgilab berildi.

Qonunning 12-moddasida “Sud ishlarini yuritishning oshkoraligi” haqida bo‘lib, unda barcha sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishligi, ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo‘l qo‘yilishligi, sud majlisi zalida hozir bo‘lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda suratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin”ligi belgilandi.

Shuningdek, qonunda viloyat sudlarining vakolatlari, tumanlararo sud raislarining vazifalari, sudyalarning maqomi, ularning huquq va majburiyatlari, sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlari, sudyalarni saylash va tayinlash, sudyalarning intizomiy javobgarligi, sudyalar va ular oila a’zolarining moddiy hamda ijtimoiy ta’minoti haqidagi normalari belgilab berilgan.

Kamol Namozov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudi raisi.