SamDU rektori Rustam Xolmurodov talabalar, ziyolilar, ota-onalar va nuroniylarga Murojaatnoma yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotidan kelib chiqib murojaat qilmoqchiman.

Aziz talabalar!

Prezidentimiz uchrashuv davomida juda katta imkoniyatlar portfelini sizga taqdim etdi. Har bir yosh u talaba bo‘ladimi, hunarmand bo‘ladimi, ishchi-xizmatchi bo‘ladimi, tadbirkor yoki fermermi, davlatimiz rahbari ilgari surgan imtiyoz va qulayliklardan unumli foydalanishi kerak. 

Prezidentimizning uchrashuvdagi nutqini chuqur o‘rganishingiz, tahlil qilishingiz, har biringiz o‘z hayotingizga tatbiq qilishingiz kerak.

Hurmatli, professor-o‘qituvchilar, ziyolilar, oliy o‘quv yurtlari mutasaddilari!

Har bir talaba-yoshga o‘z farzandingiz qatorida qarashingiz, mehr ko‘rsatishingiz, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishingiz zarur.

Prezident uchrashuvda bildirgan fikrlarni yoshlarimiz ongiga singdirishda vijdonan jonbozlik ko‘rsatishingiz kerak.

Bu avvalo, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishdan boshlanadi. Bilim berishda halollik va adolat tamoyillariga amal qilishingiz zarur. Bu borada zamonaviy texnologiyalar va internet imkoniyatidan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish muhim.

Jadid bobolarimiz o‘z hisobidan maktablar ochishgan, bosmaxonalar barpo etishgan, kitob, jurnal, gazetalar chop qilishgan.

Biz hech bo‘lmaganda, bolalarimizni yaxshi o‘qitib, natijalar ko‘rsatishimiz zarur.

Qadrli ota-onalar!

Prezident sizning bolalaringiz uchun shunchalik jon kuydirayotgan bir paytda Siz va bizning loqayd bo‘lishga haqqimiz yo‘q! Bolalarimizning yaxshi o‘qishi, hunar o‘rganishi, tadbirkorlik qilishi uchun Siz ham o‘z hissangizni qo‘shing!

Maktab, texnikum yoki oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan bolalaringizning o‘qishini nazorat qiling. Ularni darsdan tashqari vaqtlarda nimalar bilan bandligiga qiziqing.

O‘qituvchi va tarbiyachilar bilan yaqin aloqa o‘rnating. Farzandingizda kechayotgan har qanday psixologik o‘zgarishlarga befarq bo‘lmang. Prezident yaratib bergan sharoitlardan bolangiz to‘g‘ri foydalana olsa, ertaga nafaqat o‘zini, balki butun oilaning taqdirini o‘zgartirib yuboradi.

Ota-ona va ta’lim dargohi tushunchasidan, avvalo, Siz manfaatdor ekanligingizni unutmang!

Muhtaram nuroniylar!

Hayotda to‘plagan katta tajribangiz - ko‘rgan-kechirganlaringiz haqida yoshlarimizga hikoya qilib berishingiz juda muhim. Ularning kelajakda vatanparvar, millatparvar bo‘lib ulg‘ayishida mas’ul ekanligingizni alohida ta’kidlashni istayman.

Yoshlar ongini turli balo-ofatlardan himoya qilishga, “Ota-ona -  ta’lim muassasasi – mahalla” konsepsiyasiga amal qilishda, albatta Sizning yordamingizga tayanamiz.

Qolaversa, Prezidentimiz bildirgan har bir fikr-mulohazalarning mazmun-mohiyatini ota-onalarga, yoshlarga yetkazish va targ‘ib qilish uchun mas’ulsiz.