Samarqandda 100 ming tonna baliq yetishtiriladi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 18-19 mart kunlari viloyatimizga tashrifi davomida boshqa sohalar qatorida baliqchilik sohasiga ham e’tibor qaratish, baliqchilikni qo‘llab-quvvatlash, asosiysi, tarmoq xo‘jaliklarini uzluksiz suv bilan taminlash borasida aniq topshiriqlar berildi. Viloyatda aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish hamda baliq yetishtirish hajmini 100 ming tonnaga yetkazish belgilandi.

Hozirda viloyatimizda jami 459 ta baliqchilik subekti faoliyat yuritadi va ularga 10 ming gektar suv havzasi biriktirib berilgan.

Prezidentimiz topshirig‘idan kelib chiqib, Samarqand shahrida agroturizmni rivojlantirish maqsadida suv yo‘nalishi va ichki ariqlarni inobatga olib, dekorativ baliqlarni parvarishlash yo‘lga qo‘yiladi. Natijada shahar aholisi va sayyohlarni shaharga ekologik muhit va agroturizmga jalb qilish ortadi hamda xizmat ko‘rsatish sohasi yanada rivojlanadi.

Viloyatda aholi  xonadonlarida baliq mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida kooperatsiya asosida ishlar tashkil etiladi. Bu bilan aholi xonadonlarida tashkil etilayotgan baliqchilik kooperatsiyasi hisobidan baliq mahsulotlari ko‘payib, aholining baliqqa bo‘lgan talabi qondiriladi va viloyatda qo‘shimcha 1500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Viloyatda baliqchilik sohasini rivojlantirish loyihasiga ko‘ra baliqchilik klasteri tashkil etiladi.

Unda 30 ta zamonaviy texnologiya (1-40 tonna), 25 million dona baliq chavog‘i, inkubatsiya sexi va reproduktor havza, yem korxonasi (5000 tonna), qo‘shimcha baliq yetishtirish (2000 tonna), qayta ishlash va muzlatish (3000 tonna) yo‘lga qo‘yiladi.

Qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan baliqchilik klasteri loyihasida 20 million dona lichinka, 5 million dona chavoq, 2000 tonna tovar baliq, 5 ming tonna omuxta yem, ming tonna tayyor mahsulot, UZV moslamasi o‘rnatish va intensiv usulda baliq yetishtirish ko‘zda tutilgan.

Viloyatning Toyloq, Urgut, Samarqand va Jomboy  tumanlarida karp, laqqa va sovuq suvda lasos, forel, osyotr baliqlari iqlim sharoitiga to‘g‘ri kelganligi sababli parvarishi yo‘lga qo‘yiladi. Viloyatda imkoniyati mavjud barcha fermer xo‘jaliklariga o‘z hududidagi qishloq xo‘jaligida foydalanmayotgan yerlardan 0,2-1,0 gektargacha bo‘lgan qismida baliqchilik havzalari tashkil etishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, chet davlatlar tajribasi asosida sug‘urtalash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu fermer xo‘jaliklarida tashkil etilgan suv havzalarida 450 tonna baliq ko‘payishiga va ming nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

Baliq yetishtirishda eng asosiy manba – suv. Baliqchilik xo‘jaliklarini shartnoma asosida kafolatli suv bilan ta’minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasini ishlab chiqish ham rejalashtirilgan. Baliqchilik xo‘jaliklari kafolatli suv bilan ta’minlansa, viloyatda baliq ishlab chiqarish hajmi 35-40 foizga oshadi.

Viloyatlarda baliqchilik-naslchilik markazlari tashkil etilsa

Viloyatda mavjud 459 ta baliqchilik xo‘jaligi bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuziladi va yangi texnologiyalar asosida baliq chavoqlari ishlab chiqarilib, xo‘jaliklarga shartnoma asosida kafolati bilan yetkaziladi. Yana jahon tajribalariga asoslangan doimiy tavsiyalar berib, o‘quv seminarlari tashkil etiladi. Baliqlantirish  va baliq ovlash mavsumlarida ishlar muntazam tashkil etiladi va chet davlatlar bilan hamkorlikda baliqchilikda naslchilik seleksiyasi ishlari amalga oshiriladi.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalariga 2 ta shtat birligidan iborat baliqchilikni rivojlantirish bo‘limi tashkil etish  zarurati yuzaga kelmoqda. Ya’ni, viloyatdagi barcha baliqchilik xo‘jaliklari bilan shartnomalar tuzib, xo‘jaliklarda yangi texnologiyalar asosida ishlash va ularga doimiy tavsiyalar berish bo‘yicha monitoringlar hamda o‘quv-seminarlari tashkil etiladi. Bu bilan baliqchilik xo‘jaliklarida baliqlantirish va baliq ovlash mavsumlarida ishlar samarali hamkorlikda tashkil etiladi. Baliqchi fermerlarning malakasi,  marketing va huquqiy savodxonligini oshirish kurslarida (dual) o‘qitish tizimini joriy qilish lozim. Bu esa havzalarni noto‘g‘ri qurishning oldini oladi, suvdan samarali foydalaniladi. Natijada bir gektar maydondan 5-10 ming dona baliq yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Tabiiy va sun’iy suv havzalarida kasalliklarning kamayishiga erishiladi.

Baliq chavoqlari bilan ta’minlovchi xo‘jaliklar ixtiopatolog xulosasi asosida tarqatishlarini ta’minlash hamda ularni baliq kasalliklarining oldini olishga qaratilgan malaka kurslarini muntazam o‘tkazishni ham e’tiborga olish zarur. Chunki baliq chavoqlari bilan ta’minlovchi ayrim yetakchi baliqchilik xo‘jaliklari nosog‘lom baliqlar tarqatishi, kimyoviy vositalardan noto‘g‘ri foydalanishi oqibatida mavjud suv havzalarida kasalliklar ortishining oldi olinadi.

Viloyatda “Samarqandbaliqsanoat” MChJ tugatilib, uning o‘rnida “Samarqandbaliqsanoat” uyushmasi tashkil etiladi. Uyushma tashkil etilsa, mavjud 459 ta baliqchilik xo‘jaligi bilan shartnomalar tuziladi, baliqchiliq xo‘jaliklarda yangi texnologiyalar asosida ishlash va ularga doimiy tavsiyalar berish bo‘yicha monitoringlar hamda o‘quv seminarlari yo‘lga qo‘yiladi.

G‘olib NEGMATOV,

“Samarqandbaliqsanoat” MChJ direktori.