Mahallalarda norasmiy bandlik ulushini qisqartirishga oid Prezident qarori qabul qilindi
Endilikda yana 10 ta faoliyat turi uchun subsidiya ajratiladi.
«Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq mahallalarda ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlik ulushini qisqartirish uchun 2022 yil 1 noyabrdan boshlab 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi.
Shuningdek, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan:
parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;
uzum ko‘chati va tok so‘risi;
asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;
quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;
baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemini xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi.
Bunda, mazkur subsidiya bir nafar tomorqa yer uchastkasi egasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda hokim yordamchilarining tavsiyasiga asosan ajratiladi.