Ishsizlik muammosiga yechim xorijga ketishmi?

Ishsizlik natijasida qiynalayotgan yoshlarning bandligini ta’minlash borasida zarur choralar ko‘rilyapti, ammo bu muammoga yechim xorijga ketish deb o‘ylayotganlar ham talaygina.

Past Darg‘om tumani Zangiboyi mahallasi aholisining 1250 nafarini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil etadi.

2024 yilda hududimizdan ishlash uchun xorijga ketgan yoshlar 42 nafar edi, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Javlon Rajabov. – Ular bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilgan suhbatlar natijasida 23 nafarini qaytarishga erishdik. Ularga munosib sharoitlar yaratishga harakat qildik. Jumladan, 10 nafari Samarqand shahridagi sanoat korxonalariga ishga joylashtirildi. Bir nafari hunarmandga shogird bo‘ldi. 2 nafari, ya’ni aka-uka Azizovlarga 50 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi va ular oilaviy korxona tashkil qildi.

Mahalla yoshlaridan biri Samandar Azizov hali maktabda o‘qib yurgan paytlarida bir somsapazga shogird bo‘lgan. O‘shanda somsa tayyorlash va uni tandirda yopish sirlarini qunt bilan o‘rgangan edi. Maktabni tamomlab, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmagach, uni ishsizlik muammosi qiynadi. Xorijga ketishni masalaning eng to‘g‘ri yechimi, deb bildi.

2024 yil boshida ish izlab Rossiyaga ketdim, - deydi Samandar. – U yerda qurilish sohasida ishladim. Oson bo‘lmadi. To‘g‘ri, 500-600 dollar miqdorida pul topardim, ammo mehnati og‘ir edi. Qiynalib yurgan kezlarimda mahallamiz yoshlar yetakchisi O‘zbekistonga qaytishimni, somsa tayyorlashni bilganim uchun oshxona ochishda yordam berishini aytdi. Qaytib keldim va haqiqatan ham imtiyozli kredit ajratildi. Akam bilan hamkorlikda o‘zimiz yiqqan mablag‘ni ham qo‘shib, mahallamiz markazida oshxona tashkil qildik. Hozir bu yerda milliy taomlar tayyorlanyapti. Barcha xarajatlardan tashqari o‘zimga 5-6 million so‘m qolyapti. Yana qo‘shimcha kredit olib, faoliyatimizni kengaytirmoqchimiz. Hozirda bu oilaviy korxonamizda 6 kishi ish bilan band bo‘lsa, kelgusida ishchilar sonini 2-3 baravarga oshirmoqchimiz.

Bu yaxshi, albatta, ammo yoshlar yetakchisining ta’kidlashicha, 2024 yilda mehnat migratsiyasidan qaytgan mahalla yoshlarining 10 nafari yana xorijga ketgan. Sababi, bu yerda taklif qilingan ish joylarining sharoiti va oylik-maoshlari ularni qoniqtirmagan. Shunday qilib, yaqinda o‘tkazilgan xatlovga asosan ayni paytda mahallaning 30 nafar yoshi xorijda.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).