Toyloqda sun’iy intellektga integratsiyalashgan televizor ishlab chiqilmoqda
Toyloq tumanidagi sanoat korxonalarining soni 216 taga yetdi. 2025 yil yakuni bilan tumanda sanoat ishlab chiqarish hajmi 3 trillion 382 milliard so‘mni tashkil etdi.
Tumanning Adas mahallasidagi “O‘ramas” korxonasining ham bu raqamlarda o‘z ulushi bor. Yaqinda ushbu ishlab chiqarish korxonasi yana bitta katta loyihaga qo‘l urdi. Endi bu yerda O‘zbekistonda yagona bo‘lgan smart televizorlar ishlab chiqarila boshlandi. Xo‘sh, ushbu televizorlarning yagonaligi nimadan iborat? Ular nega yagona?
- Shu yilning yanvar oyidan boshlab korxonamiz negizida yangi liniya ish boshladi, - deydi “O‘ramas” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Amirxon Suvonqulov. – Shu paytga qadar olti xil modeldagi changyutgich, mamlakatimizda faqat bizda tayyorlanayotgan issiqqa chidamli kabellar ishlab chiqib, mahalliy va qo‘shni mamlakatlar bozoriga chiqaryapmiz.
Televizor ishlab chiqaruvchi liniyamiz 8 milliard so‘m mablag‘ evaziga ishga tushirilib, unga Xitoydan keltirilgan uskunalar o‘rnatildi. Hozirda 55-60 dyumli smart televizorlar ishlab chiqaryapmiz. Yilning oxirigacha 75-100 dyumli televizor ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. E’tiborlisi shundaki, ushbu televizorlar sun’iy intellekt bilan integratsiya qilingan bo‘lib, iste’molchilar undan foydalanish imkoniga egalar.
Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mahalliylashtirilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, changyutgich ehtiyot qismlarining 80 foizi mahalliylashtirilgan bo‘lsa, yil oxiriga borib, televizorning ichki qismlarini ham o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
Korxonada bugungi kunda 65 nafar xodim mehnat qilmoqda. Ularning aksariyatini xotin-qizlar tashkil etayotgani e’tiborimizni tortdi. Tadbirkorning aytishicha, xotin-qizlar mas’uliyat va mehnati orqali ishonchga kirgan.
- Uch oydan beri shu yerda ishlayapman, - deydi Shahnoza Kenjayeva. – Ishni dastavval xitoylik mutaxassislar o‘rgatib ketishdi. Bu yerda o‘z ishingni bajarish bilan bir qatorda xavfsizlik qoidalarga ham jiddiy amal qilish lozim. Oylik-maoshi yaxshi, qolaversa, uyimiz ham yaqin, ishlash qulay.
Gulruh MO‘MINOVA.