Toyloqda suv, elektr, sanoat va logistika sohalaridagi muhim ob’yektlar faoliyat boshladi
Toyloq tumanida aholi turmush sifatini yaxshilash, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Jumladan, “Samarqand suv ta’minoti” Toyloq tumani filiali tasarrufidagi “Bog‘ichinor-1” suv inshootining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirok etdi.

Loyiha doirasida 1 ta suv inshooti rekonstruksiya qilinib, 12 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, mahalladagi 860 ta xonadon, ya’ni 4,3 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, tuman markazi hamda “Yangi O‘zbekiston” massivi aholisini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Charog‘bon mahallasida zamonaviy elektr nimstansiyasi foydalanishga topshirildi.

Uning ochilish marosimida tuman hokimi Behzod Rahmatullayev va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Qiymati 40,5 milliard so‘mlik loyiha doirasida 110 kVli “L-MJO” va “L-Urgut-2” elektr uzatish tarmoqlaridan 1 kilometr uzunlikdagi ikki zanjirli yangi elektr tarmog‘i tortilib, 2×16 MVA quvvatga ega nimstansiya bunyod etildi. Umumiy quvvati 32 MVA bo‘lgan ushbu inshoot ishga tushirilishi natijasida tuman markazi, “Yangi O‘zbekiston” massivi hamda ijtimoiy soha ob’yektlarining elektr ta’minoti yanada barqaror va ishonchli bo‘ladi.
Tumanda investitsiya loyihalari ham jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Vorsin mahallasida “BRO BEANS” qo‘shma korxonasi tomonidan yirik investitsion loyiha doirasida zamonaviy logistika markazi va xususiy maktab barpo etilmoqda. Loyiha to‘liq ishga tushgach, yiliga 55 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘lib, 90 ta yangi ish o‘rni yaratiladi hamda davlat byudjetiga yiliga 6,5 milliard so‘m tushum ta’minlanadi.

Turkiyaning "KARASU ZIBIBULLA" kompaniyasi ishtirokidagi ushbu loyiha 2026 yilning uchinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Logistika markazi bir vaqtning o‘zida 200 ga yaqin yuk avtomobilini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, tumanning logistika salohiyatini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi investitsiyalarni jalb etishda muhim o‘rin tutadi.
Bundan tashqari, Sochak mahallasida “ORZU ABLAKULOV SERVIS” MChJ tomonidan zamonaviy mebel va mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi korxona ishga tushirildi.

Umumiy qiymati 3,5 million AQSh dollarini tashkil etuvchi loyiha korxona ta’sischilarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. 1 gektar maydonda bunyod etilgan korxonada yiliga 10 ming kvadrat metr mebel mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, yiliga 0,5 million AQSh dollari miqdorida eksportni amalga oshirish, davlat byudjetiga 560 million so‘m tushum ta’minlash hamda 50 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar Toyloq tumanida infratuzilmani yanada rivojlantirish, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.