Toyloqdagi 29 ta maktabda quyosh panellari o‘rnatildi

Bugun elektr energiyasiga bo‘lgan talab kun sayin oshmoqda. Shu sababli korxona va tashkilotlar, hatto maktab va bog‘chalarda ham quyosh panellari o‘rnatilmoqda.
Bunga Toyloq tumanidagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham guvoh bo‘ldik.
Tumanda 61 ta umumta’lim maktabi va 45 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shu kunga qadar 29 ta umumta’lim maktabiga 259 kVt, 18 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 93 kVt hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi binosiga 10 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan, - deydi tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limining maxsus ta’mirlash ekspluatatsiya bo‘limi bosh mutaxassisi Farhod Xodjayev. - Ushbu quyosh panellari hisobidan bugungi kunga qadar 166 ming 328 kVt elektr energiyasi tuman elektr tarmoqlari korxonasiga yetkazib berildi.
To‘g‘ri, hali ushbu elektr energiyasi maktab va bog‘chalarning to‘liq iste’moliga yetmaydi. Sababi, 2024 yilda maktablarning elektr energiyasi iste’moli 842 ming 782 kVt bo‘lgan bo‘lsa, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining iste’moli 731 ming 712 kVtni tashkil qilgan.
Maktablarda yozgi ta’tilda, ya’ni joriy yilning iyul oyida elektr energiyasi iste’moli 35620 kVt bo‘lgan, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining iste’moli 45057 kVtga yetgan. Biroq qishki mavsumda elektr energiyasi iste’moli ancha yuqori bo‘ladi.
2025 yilning iyul oyida maktablardagi quyosh panellaridan 29430 kVt, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 5027 kVt elektr energiyasi tuman elektr tarmoqlari korxonasiga sotilgan.
Tumandagi barcha maktab va bog‘chalarga quyosh panellari o‘rnatilsa, kelajakda ancha elektr energiyasi tejalishiga erishiladi. Hatto maktab va bog‘chalar iste’molidan ortgan elektr energiyasini davlatga sotishi mumkin.
Xurshida Ernazarova.