Toyloqda banan yetishtiriladi
Toyloq tumanida yangi daromad manbalarini yaratish hamda yuqori rentabelli mahsulot yetishtirishni kengaytirish maqsadida 20 ta fermer xo‘jaligida jami 5 gektar maydonda, Katta Ravot mahallasidagi 100 ta xonadonda issiqxona sharoitida banan yetishtirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Tumandagi “Vorsin” agrofirmasida o‘tkazilgan amaliy seminarda hududda bananchilikni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda yuqori daromadli mahsulot yetishtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
– Tuproq va iqlim sharoitimiz issiqxona sharoitida banan yetishtirishga imkon beradi, – dedi seminarda qatnashgan tuman hokimi Behzod Rahmatullayev. – Viloyatimizning bir qator hududlarida yangi ekin turini parvarishlashni o‘zlashtirib, natijaga erishayotgan tadbirkorlar, tomorqa egalari bor. Katta Ravot mahallasida ham bu borada yaxshi tajriba to‘plangan. Endi buni keng ommalashtirish, bu serdaromad mahsulotni yetishtirishni kengaytirish kerak. 2027 yilda ushbu yo‘nalishda yangi loyihalarni amalga oshirishga kirishamiz. Bu aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda yangi imkoniyat hisoblanadi.
Seminarda mutaxassislar tomonidan mahalliy sharoitda banan yetishtirish imkoniyatlari, banan navlarining hudud iqlimiga moslashuvchanligi, hosildorligi hamda parvarishlashning o‘ziga xos xususiyatlari haqida batafsil tushuntirish berildi. Ayni paytda bu borada natijaga erishayotgan tomorqachilar tajribasiga e’tibor qaratildi.