Samarqanddagi issiqxonada bananning “Qirollik” navi yetishtirilyapti
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda eksport salohiyatini oshirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada innovatsion texnologiyalar va ilmiy ishlanmalarga asoslanib, talab yuqori bo‘lgan xorijiy o‘simliklarni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Samarqand shahridagi “Samarqand group” MChJga qarashli 70 sotix maydonda barpo etilgan banan plantatsiyasi bilan tanishdi. Mazkur issiqxonada mahalliy iqlimga moslashtirilgan bananning “Qirollik” (“Korolevskiy”) navi parvarishlanmoqda.
Plantatsiyada tropik ekinlarni issiqxona sharoitida mahalliy iqlimga moslashtirish bo‘yicha ilg‘or agrotexnologiyalar joriy etilgan. Zamonaviy parvarish tizimi, harorat va namlikni avtomatik boshqarish, o‘simliklarni oziqlantirishning ilmiy asoslangan usullari hosildorlikning yuqori bo‘lishini ta’minlamoqda.
I.Abdurahmonov plantatsiyani ko‘zdan kechirish jarayonida issiqxona xo‘jaligini kengaytirish, resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, o‘simliklarni oziqlantirishda suyakdan tayyorlangan organik o‘g‘itlardan samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalar berdi. Bunday innovatsion loyihalar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar yetishtirish hamda eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Zamonaviy issiqxonalar nafaqat yil davomida barqaror hosil olish imkonini beradi, balki suv va energiya resurslaridan samarali foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish va yuqori qo‘shimgan qiymat yaratishga xizmat qiladi.