Vazirlik guruch narxi oshirilishi bo‘yicha tarqalayotgan xabarlarga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda guruch narxi oshishi haqidagi xabarlarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda har yili 100 ming gektardan ortiq maydonda sholi ekilib, yetishtiriladi. Respublika sharoitida yiliga aholi jon boshiga o‘rtacha 9,8 kilogrammdan guruch iste’moli mavjud. Ya’ni, mamlakatimiz aholisini to‘liq guruch mahsulotlari bilan ta’minlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.

Respublika hududlarida 2022 yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirildi. Bu ko‘rsatkich guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Ya’ni, aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqarildi (2021 yilga nisbatan 48 ming tonna ko‘p sholi yetishtirilgan).

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda respublika bo‘yicha 8 ming tonna guruch import qilingan bo‘lsa, 2023 yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan. Ya’ni, iste’molga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan. Jumladan, Qozog‘istondan 29,3 ming tonna, Pokistondan 23,2 ming tonna, Tailanddan 599 tonna, Turkiyadan 265 tonna, Hindistondan 126 tonna va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna guruch importi amalga oshirilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda xulosa qilsak, keyingi 5 yilda Hindistondan Respublikamizga jami 232,6 tonna guruch importi amalga oshirilgan, xolos. Joriy yilda Hindistondan boshqa mamlakatlarga guruch eksportining to‘xtatilishi O‘zbekiston Respublikasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmaydi.

Ma’lumot o‘rnida: Jahon bozorida 2023 yil iyun holatiga o‘rtacha guruch narxi 1,93 AQSh dollari (22 364 so‘m), eng arzon narx 0,52 AQSh dollari (6025 so‘m) (Tunis), maksimal narx 4,84 AQSh dollarini (56 086 so‘m) (Serbiya) tashkil etmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston dehqon bozorlarida guruchning 1 kg. narxi navidan kelib chiqib, 11 500 so‘mdan 25 000 so‘mgacha sotilmoqda (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 35,2 foizga o‘sgan).

"Barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz ta’minlangan hamda zaxiralar yetarli. Aholini turli ijtimoiy tarmoqlardagi guruchni narxini oshib ketishi asossiz targ‘ib qilishidan ogoh bo‘lishga, bu faqatgina spekulyativ holat yoki guruch narxini asossiz oshirishga harakatlarni amalga oshirishga turtki bo‘layotganligini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.