“Inson” ijtimoiy xizmat markazlari 2025 yilni qanday yakunladi? 2026 yilda markazlarni qanday vazifalar kutib turibdi?
Viloyatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, mavjud muammolarni tahlil qilish va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida barcha shahar va tumanlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan 2025 yil yakuni va 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimotlar tashkil etilyapti.
Mazkur tadbirlar davomida 2026 yildan boshlab ijtimoiy himoya tizimida joriy etilishi rejalashtirilayotgan yangiliklar, aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifati va manzilliligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar atroflicha muhokama qilinmoqda. Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda mahallalarda faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlarning yil davomida amalga oshirgan ishlari tahlil qilinib, erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar yuzasidan tegishli xulosalar chiqarilmoqda.
Taqdimotlarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Yuldashev, shuningdek, shahar va tuman hokimlari ishtirok etib, aholiga xizmat ko‘rsatish jarayoniga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shu bilan birga fuqarolarning ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risidagi xabardorlik darajasini oshirish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Tadbirlar yakunida ijtimoiy himoya tizimida samarali mehnat qilib, yuqori natijalarga erishgan bir guruh xodimlar rahbarlar tomonidan munosib taqdirlanib, ularga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa xodimlarning mehnat faoliyatini rag‘batlantirish, ularning mas’uliyati va tashabbuskorligini yanada oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.