Pokistonlik olim Abdul Qodir Xon O‘zbekistonni yadroviy reaktor halokatidan qanday saqlab qolgan edi?
Islom olamining har bir ijodkori – shoir, yozuvchi yoki jurnalist bu insonni faxr va g‘urur bilan tilga oladi, unga nisbatan alohida minnatdorlik hissini tuyadi. U ota-bobolarini asli Turkiston elidan, aniqrog‘i Qashqadaryodan, barlos urug‘idan, deb hisoblardi.
Matematika, fizika, kimyo, metallurgiya sohalari bo‘yicha yirik olim, konstruktor, davlat va jamoat arbobi sifatida nom qozongan bu shaxsni XXI asr musulmon dunyosining xaloskori, iftixori deb bilishadi. U o‘tgan asrda dunyo qudratli qurolga ega bo‘lib, davlatlar yirik harbiy bloklarga bo‘linib, islom olami nisbatan chetga chiqib qolgan bir davrda musulmon olimlari nimalarga qodirligini dunyoga namoyish etdi. Gap, ehtimol bizda kamroq tilga olinadigan, butun dunyo esa yirik mutaxassis sifatida tan olib, e’tirof etadigan pokistonlik fizik-olim Abdul Qodir Xon haqida ketyapti.
U atom quroliga ega yagona musulmon davlati – Pokiston Islom Respublikasi yadro tadqiqotlari loyihasi, shu nomdagi dastur rahbari, Amerika Qo‘shma Shtatlarida “atom bombasining otasi” sifatida tan olinadigan mashhur nazariyotchi fizik-olim Robert Oppengeymer, sobiq sovet atom bombasi asoschisi”, deya e’tirof etiladigan Igor Kurchatovlar qatorida turadigan ixtirochi.
Abdul Qodir Xon mashhur avlodlarimizga xos ensiklopedik bilimga ega shaxs: fizik, muhandis, metallurg, yadro quroli sohasidagi birinchi yirik musulmon olimi. Pokiston, Buyuk Britaniya, Germaniya, Belgiya, Niderlandiya universitetarida tahsil olgan.
O‘zbekistonlik qardoshlari bilan uchrashganda o‘zini “Men Sohibqiron Amir Temur, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur avlodidanman”, deya tanishtiradigan Abdul Qodir Xon 1936 yil 1 aprelda o‘sha payt Buyuk Britaniya imperiyasi tasarrufidagi Hindistonning Bxopal shahrida dunyoga kelgan. Uning kindik qoni to‘kilgan hududda Islomga e’tiqod qiladiganlar juda ko‘p.
Qisqa tarixiy ma’lumot: Britaniya Hindistoni, deb yuritiladigan Hind Ittifoqi 1947 yil Hindiston Respublikasi va Pokiston Dominioniga ajralgan. Pokiston Dominioni negizida Pokiston bilan Bangladesh Respublikalari paydo bo‘ldi. Shu tariqa jahon xaritasida yana bir mustaqil musulmon davlati – Pokiston Islom Respublikasi qaror topdi. Bu payt 11 yoshli Abdul Qodir Xon o‘rta maktabda tahsil olardi. Yer yuzida xalqaro vaziyat tarang, alg‘ov-dalg‘ov yillari bu oila Hindistondan asosan musulmonlar istiqomat qiladigan Pokistonga ko‘chib o‘tadi. Bugun qariyb 260 million kishi yashaydigan mazkur davlat aholi soni bo‘yicha dunyoda beshinchi, musulmon davlatlari orasida Indoneziyadan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.
Harakatchan, iste’dodli, yoshligidan oldiga qo‘ygan maqsadiga qat’iy intiladigan Abdul Qodir Xon xorijda o‘qidi. 1961 yil G‘arbiy Berlin texnika universitetida metallshunoslik fani bo‘yicha ta’lim oldi. 1965 yili o‘qishini Niderlandiyadagi Delft texnika unversitetiga ko‘chirdi. Ikki yildan so‘ng muhandis mutaxassisligini olib, Belgiyadagi Lyovn katolik universiteti doktoranturasida o‘z yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni davom ettirdi. 1972 yil ilmiy ishini muvaffaqiyatli tamomlab, metallurgiya sohasida fan doktori unvonini oldi.

Abdul Qodir Xon ko‘p yillar chet elda o‘qidi, xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlarida ishladi va 1975 yil oxirida vatani Pokistonga qaytib keldi. Bu payt mintaqada ahvol notinch edi. Ixtiyorida yadro quroli mavjud bo‘lgan qo‘shni davlat bilan tez-tez chegara mojarolari chiqib turar, boshqa qudratli saltanatlar ham Pokistonga o‘zlarining haq-nohaq talablarini qo‘yib, ta’sir-u tazyiq o‘tkazishardi. O‘sha murakkab yillarda qanday olim vataniga qaytib kelganidan xabar topgan Pokistonning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Zulfiqor Ali Bhutto olimni huzuriga taklif qiladi. Bo‘lib o‘tgan uzoq va sermazmun muloqot davomida davlat rahbari suhbatdoshiga yon-atrofdagi xalqaro vaziyatni, mamlakat bilan bog‘liq muammolarni tushuntiradi va nihoyat, Abdul Qodir Xonning qo‘lidan keladigan ish – boyitilgan uran asosida yadroviy qurol yaratishdek jiddiy vazifani ilgari suradi.
Abdul Qodir Xon Yevropaning ne-ne davlatlarida olib borgan ishini Pokistonda davom ettirib, endi faoliyatini o‘z xalqi, davlati, millatini himoya qilishga bag‘ishlaydi. Keyinchalik o‘z nomi bilan atalgan Yadro tadqiqotlari laboratoriyasini ixtiyoriga oladi.
Pokistonda atom quroli yaratish bo‘yicha ish avval ham olib borilgan. Abdul Qodir Xon o‘sha ishni davom ettirib, fizik olim, keyinchalik tarixga Pokiston yadro quroli yaratuvchilaridan biri sifatida kirgan Munir Ahmad Xon bilan birga yadro bombasini yaratish ustida ish boshlaydi. Va islom olami tarixida birinchi bo‘lib bunga erishadi. Ikki mutaxassisning loyiha-yu dasturlari mamlakat miqyosida birlashtiriladi va natijada 1998 yil 28 may kuni dunyoda birinchi bo‘lib musulmon olimlari tomonidan boyitilgan uran asosida yaratilgan Pokiston yadro bombasi sinovdan o‘tkazildi.
To‘g‘ri, atom quroli bilan bog‘liq yadro texnologiyasi har doim ham yaxshi niyat ila ko‘zlangan maqsadni ifodalamasligi mumkin, lekin na iloj, o‘sha payt va hatto, hozir ham bunday chora-tadbirlar muayyan mamlakat, xalq tinchligini asrash, mustaqilligini saqlab qolish yo‘li, imkoniyati sifatida talqin qilinishi ham bor gap.
– Hozir bizda ham yadroviy qurol borligini qo‘ni-qo‘shni, raqib-u dushmanlarimiz yaxshi bilishadi, – degan edi yadro sinovi o‘tkazilgandan so‘ng doktor Abdul Qodir Xon. – Endi ular bizga yurish qilishdan avval o‘n marta o‘ylab ko‘radi.
Mashhur avlodlarimizdan bizgacha yetib kelgan, qalblarni ezuvchi bir xotira bor. Samarqandni tark etib, Afg‘onistonning Kobulida mashhur bog‘ yaratgan, Hindistonda dunyoviy imperiyaga asos solgan Zahiriddin Muhammad Bobur Andijondan keltirilgan qovunni yer ekan, barmoqlaridan tomchilayotgan qovun shirasiga qovoqlari ostidan chak-chak tomgan, yurt sog‘inchi bilan qorishgan issiq ko‘z yoshlari qo‘shilib oqqan. Vatandan ayriliq dilni vayron qilib yuboradigan bu lavhani bejiz eslamadim.
Taniqli o‘zbek adibi, rahmatli qo‘shnim Dadaxon Nuriy Abdul Qodir Xonning O‘zbekistondagi eng yaqin do‘stlaridan biri edi. Bir kuni, ayni oltin kuz payti ko‘p qavatli uyimiz old hovlisida u kishi qayergadir oshiqib ketayotganini ko‘rib, “Dadaxon aka, yo‘l bo‘lsin?” deya so‘radim.
– Abdul Qodir Xonning oldiga, Pokistonga ketyapman, qovunni sog‘inib qoldi, vatandoshimiz, – degandi o‘shanda mashhur adib.
Dadaxon aka dilkash do‘st, yirik publitsist, yozuvchi, yaxshigina rang-tasvir ustasi – rassom edi. Hamqishlog‘i, yaqin do‘sti Erkin Vohidovning 80 yilligiga atab, hassos shoirimizning qo‘pchilikka manzur bo‘lgan ajoyib portretini ham chizgan.
Bir kuni Dadaxon akani bezovtaroq holda ko‘rib, “Tinchlikmi, aka, nima gap?” dedim. U kishi esa kuyib-pishib javob berdi:
– Ko‘rmaysizmi bularni, tavallud topgan kuniga atab, Abdul Qodir Xonning portretini chizdim, boryapman, deya xabar ham berib qo‘yganman. Aeroportdagi bojxona xodimi “O‘zim chizganman, shaxsiy mulkim, yozuvchi, jurnalist, rassomman”, desam ham, “Yo‘q! Yo‘q, mumkin emas. Qo‘lda chizilgan tasviriy san’at asarini xorijga olib chiqib bo‘lmaydi, maxsus ruxsatnoma kerak”, deya qaytarib yubordi.
Abdul Qodir Xon doktorlik dissertatsiyasini yoqlaganda ustozi, professor Martin Brabers tavsiyasi bilan Amsterdamdagi “Physics Dynamics Research Laboratory” (FDO) firmasida faoliyat yuritgan. Bu tuzilma o‘sha paytdagi G‘arbiy Germaniya, Buyuk Britaniya va Gollandiya hamkorligida tashkil etilgan “Urenso guruhi” kompaniyasining yadroviy yonilg‘i bilan bog‘liq o‘ta maxfiy ishlarini amalga oshiradigan kichik pudratchi edi. Professor Urenco ham tadbirkor, biznesmen, yirik olim. U Niderlandiyadagi uranni boyitish zavodi operatori vazifasida ishlab turib, atom elektr stansiyalarini yadroviy yonilg‘i bilan ta’minlash uchun gaz sentrifugalaridan foydalanish tizimini ishlab chiqqan.
Ko‘p o‘tmay, kompaniya rahbari Urenco Abdul Qodir Xonga uran metallurgiyasi bo‘yicha tadqiqot olib boradigan kompaniyadagi yuqori rahbarlik lavozimini taklif etadi. Shu tariqa pokistonlik yosh olim o‘sha paytdagi o‘ta maxfiy, o‘ta murakkab, bugungi kunda davlat mustaqilligi, mamlakat tinchligini saqlab qolishning birdan-bir yo‘li, deb hisoblanayotgan yadro quroli sir-asrorlari markazida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Ko‘plab mashhur olimlar bilan birga ishlab, ular bilan yaqin muloqotda bo‘ladi. Doktoranturada Abdul Qodir Xon ilmiy rahbari, belgiyalik Brabers yordamida 1972 yil dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi va metallurgiya sohasida fan doktori ilmiy darajasini oladi.
Ta’kidlash joiz, Abdul Qodir Xonning dissertatsiyasi ilmiy til bilan aytganda, Martensit sohasidagi yagona fundamental tadqiqot edi. Metallurgiyada Martensit usuli fizik, kimyoviy va boshqa ta’sir yo‘llari bilan po‘latni favqulodda yuqori haroratga, olovga chidamli qiladi. Masalan, avtomobil, raketa yoki fazoviy kema dvigateli mexanizmi mutlaq tez harakatlanadigan, kuchli ishqalanishda ham yemirilmaydigan metallga aylantiradi. Oddiy tilda tushuntirish qiyin bo‘lgan bu amaliyot haqiqatan jahon miqyosidagi ulkan ixtiro, kashfiyot, yutuq edi.

Shunday ixtirolar bo‘ladiki, muallifning o‘zi egalik qila olmaydi. Og‘ir, mashaqqatli mehnat samarasi ko‘rolmaydi. Bunday kashfiyot-u ixtirolar davlat siriga aylanib, maxsus xizmatlar ixtiyoriga o‘tadi. Abdul Qodir Xon bilan ham shunday hodisa yuz berdi. Ayrim xalqaro tashkilotlar, ayniqsa, AQShning o‘sha paytdagi Prezidenti tazyiqi ostida Abdul Qodir Xon xatti-harakati nazorat ostiga olinadi. Tarixdan ma’lumki, bir davlat rahbarining boshqa davlat fuqarosiga ta’siri chegaralangan bo‘lsa-da, ulkan saltanatning o‘zga yurtga siyosiy, iqtisodiy va boshqa turdagi ta’siri, ma’lum ma’noda, hamon mavjud.
Shu bois bo‘lsa kerak, Pokistonning o‘sha paytdagi Prezidenti Parviz Musharraf bilan uchrashuvdan so‘ng Abdul Qodir Xon Pokiston milliy televideniyesida so‘zga chiqib, yadro materiallari va uskunalarini qo‘lida saqlab qololmaganini bo‘yniga oladi. Uy qamog‘iga hukm qilingan Abdul Qodir Xon xalqaro janjaldan keyin bergan intervyularining birida yadro qurollari va uskunalarining boshqa davlatga o‘tib ketishi faqat o‘zining ixtiyori bilan bo‘lmagani, bu jarayonda o‘zboshimchalik qilmagani to‘g‘risida gapiradi. Pokiston hukumati o‘z fuqarosini himoya qiladi va jazo choralarini o‘zimiz ko‘ramiz, deya turli tekshiruv komissiyalarini Pokistonga kiritmaydi, fuqarosini so‘roq qilishga ruxsat bermaydi.
O‘zbekiston endi mustaqillikka erishgan yillari Respublika Fanlar akademiyasiga qarashli Qibraydagi yadro fizikasi institutidagi atom reaktorida bir nosozlik ro‘y bergan. Yadro texnologiyasi emasmi, holatdan xavotirga tushgan mutaxassis, mulozimlar zudlik bilan Moskvaga – Toshkent reaktorini yaratgan institutga yetib borishadi. Shimoliy hamkorlarimiz ham favqulodda vaziyat yuz berganini sezib, o‘z rahbarlariga murojaat qiladi.
– O‘zbekistondagi yadro reaktorida avariya bo‘libdimi, qancha muddat va mablag‘ ketishini hisoblang, keyin hal qilamiz, – deydi mutasaddi mulozim gapni qisqa qilib.
– Vaqt ham, reaktor ham, bor jonzotni yemiruvchi rentgen nuri ham kutib o‘tirmaydi, zudlik bilan yordam kerak, tushuninglar, – deydi vakillarimiz.
– Endi mustaqil davlatsiz, biz aytgan 6 million dollarni topmas ekansiz, yordam ko‘rsata olmaymiz, – deydi qat’iy ohangda shimollik do‘stlarimiz.
Bu voqea mol-jonimiz sho‘rolar davlatidan endi ajratib olingan davrda sodir bo‘lgan. Jon chiqar on garov tariqasida hech kim pulni ayamaydi, lekin na iloj?! Hali milliy valyuta yo‘q, davlat banklari-yu g‘aznada dollar tugul, o‘sha vaqt muomalada bo‘lgan rus rubli ham o‘ta chegaralangan, xalqning cho‘ntagi ham bo‘m-bo‘sh. Reaktor darz ketgan, nur taralib yotibdi. Ehtiyotkorlik chorasi ko‘rilib chor-atrof o‘rab olingan. Shafqatsiz vaqt o‘tyapti. Hamma sarosimada.
Shunda butun dunyo gazetalari yozayotgan, radio, televizor orqali o‘zga davlatga yadro texnologiyasini sotdi, deya bong urilayotgan payt masofasi shimoliy davlat poytaxtidan yaqinroq Pokistondagi atom texnologiyasi mutaxassisi Abdul Qodir Xon yodga tushadi. Diplomatik kanallar orqali dam ochiq, dam pinhon olib borilgan muzokaralar avval natija bermaydi. Vaqt kam, bir ilojini topish kerak. Shunda Dadaxon Nuriy jonga oro kiradi: Abdul Qodir Xon bilan gaplashib, vaziyatni tushuntiradi.
Darvoqe, bundan biroz avval Dadaxon aka tashabbusi bilan Erkin Vohidovning “Oltin devor” komediyasi asosida Hamza teatrida qo‘yilgan spektakl Pokistonda ham namoyish etilgan, asar mahalliy jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan edi. Erkin Vohidov, Dadaxon Nuriy va spektakl rejissyori, asosiy rollarni ijro etgan aktyorlarni Madaniyat vaziri, hukumat rahbarlari qabul qiladi. Dadaxon Nuriy iste’dodli yozuvchi, ayniqsa tabiatni jon-dili bilan yaxshi ko‘radigan, atrof-muhitni qo‘riqlashga doimo tayyor turgan fidokor ekolog-jurnalist ham edi. Sharqshunoslik institutini bitirgan, hind, urdu, pushtiy tillarini yaxshi bilardi. Teatr namoyishi chog‘i turli darajadagi rahbarlar bilan ularning tillarida muloqot qilib, kitoblarini taqdim etib, yaqindan tanishib olgan edi.
O‘zbekistondan borgan choparlar hukumat rahbarlari oldidan o‘tib, keyin shaxsan Abdul Qodir Xonning o‘ziga murojaat qilishadi. Qibraydagi yadro reaktori nosozligi bo‘yicha Pokistonga atay borgan vatandoshimiz orqali O‘zbekistondagi vaziyatdan xabar topgan Abdul Qodir Xon gap-so‘zlarni diqqat bilan eshitib turadida, chuqur o‘yga tolib, shunday deydi:
– Afsuski, men ochiqcha yurtingizga bora olmayman, sanksiyadaman.
Shu bilan birga “Axir, O‘zbekiston ota-bobolarim vatani-ku”, deya ich-ichidan chiqayotgan fikr ayni payt unga tinchlik bermayotgandi.
Pokistonlik olim reaktor qay ahvoldaligi, nurlanish ko‘rsatkichi qanchaligi, zudlik bilan qanday choralar ko‘rilganini sinchiklab so‘raydi-da, biroz sukutdan keyin, go‘yo qasam ichayotgandek, past ovozda, biroq qat’iy ohangda lablari pichirlab, so‘zini davom ettiradi:
– Men ota-bobolarim vatani boshiga tushgan kulfatdan chetda tura olmayman. Nima bo‘lmasin, qardoshlarim oldiga boraman. Vatandoshlarimga yordam beraman. Faqat bir iltimosim bor, mening borganim haqidagi ma’lumot matbuotda chiqib ketishi mumkin emas.
Bu keskin shart edi.
Xullas, o‘shanda Abdul Qodir Xon boshchiligidagi maxsus mutaxassislar guruhi Toshkentga kelib, jannatmonand Qibrayni, yadroviy institut hududini himoya qilib, oliygohning noyob asbob-uskunalarini asrab qolgan. Reaktor ta’mirlanib, zahar tarqalishining oldi olinib, rentgen nuri bor-yo‘qligini bildiradigan elektron sezgich signali o‘chgan. Yengil tortgan mutaxassis-u mulozimlarimiz sanksiyadaligini unutmagan va vaqti-vaqti bilan soatiga ko‘z qirini tashlab turgan Abdul Qodir Xonga murojaat qilgan:
– Janob Abduqodir aka, sizga hammamiz nomimizdan samimiy, cheksiz minnatdorlik bildiramiz. Iltimos, xizmatingiz haqini aytsangiz.
Mehmonning yuzida qandaydir hayrat, xafaxonlik alomatini sezgan mezbonlar yana so‘zini davom ettiradi:
– Siz bizni balo-qazolardan asrab qoldingiz, tortinmay aytavering!
Shunda Abdul Qodir Xon yerga qarab biroz sukut saqlaydida, javob beradi:
– Men og‘ir vaziyatga tushib qolgan hamyurtlarimga yordamga keldim, o‘z vazifamnigina bajardim, xolos. Bunday ishga haq olish odatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi, ma’zur tutasizlar.
Bu gap e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda yangragan.
Maqolamiz yakunida “Sharq musulmonlari qalqoni, xaloskori” deya ataladigan Abdul Qodir Xon rahbarligida o‘tkazilgan yadroviy sinovlar to‘g‘risidagi matbuot xabarlari tartibiga nazar tashlaylik. Dunyo axborot agentliklari yozishicha, hindlarning yadro sinovidan birmuncha vaqt o‘tib, 1998 yil 28 mayda Islom ummati tarixida ilk bor Pokiston Islom Respublikasida yadro sinovi o‘tkazildi. Bu amaliyot manzil nomi bilan “Chagay-1” deb ataldi. Ikki kundan so‘ng “Chagay-2” sinovi tashkil qilindi. Shunda Abdul Qodir Xon Pokiston yadrosi uran bilan boyitilganini butun dunyoga e’lon qildi. Zero, avvallari eski texnologiya asosida plutoniy yonilg‘isi qo‘llangan.

Abdul Qodir Xon jurnalistlarga qarata “agar siyosiy hukm chiqarilsa, Hatf-5 (G‘uriy-1) ballistik raketalari qisqa muddatda tayyorlanishi”ni bildirgan.
Bu Abdul Qodir Xon tashabbusi bilan uning laboratoriyasida yasalgan, 1500 chaqirimga uchib bora oladigan ballistik raketa edi. Ya’ni, yirik shaharlarni ham nishonga olardi. Abdul Qodir Xon uzoq masofadagi manzilni ham mo‘ljallay oladigan raketaga “Hatf”, ya’ni arab tilida chiqadigan gazetalar ta’kidlashicha, Rasululloh s.a.v. qilichining nomi berilgan. “G‘uriy” esa XII asrda chiqqan musulmon bahodiri Shahobiddin Muhammad G‘uriy nomi bilan bog‘liq. Ma’lumki, Shahobiddin G‘uriy o‘z davrida Pokiston ozodligi uchun kurashgan, ulkan qo‘shin to‘plab, dushmanlar ittifoqini tor-mor etgan, g‘animning o‘n minglab askari va shahanshohini qatl qilgan, so‘ngra musulmonlarni birlashtirib, G‘uriylar davlatiga asos solgan jasoratli qahramon.
Yadro quroli muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan, aholi birmuncha orom topgan kunni urush, nizo, notinchlik va janjallardan charchagan Pokiston bayram sifatida nishonlaydi. Mamlakatini boshqa qudratli saltanatlar bilan tenglab qo‘ygan Abdul Qodir Xon Islom ummati qahramoniga aylandi.
Ba’zan xayolga tolaman... “Abdul Qodir Xon voqeasi, bu dunyo savdolari xususida yozing”, deya Dadaxon akani qistaganimda, u kishi shunday javob bergan:
– Irismat aka, men ko‘p bor yozmoqchi bo‘ldim, Abdul Qodir Xondan ruxsat ham so‘radim. Faqat u kishi “Hozir emas”, deya uzun sukut saqlab, xo‘rsingancha “Faqat mendan keyin”, degandi.
O‘sha suhbatimizga ham to‘rt yil bo‘ldi.
Dadaxon Nuriy diyorimizda oltin kuz hukm surgan, ayni qovun pishig‘i mavsumlarida, Qibray voqealaridan so‘ng esa alohida ko‘tarinki ruh bilan Abdul Qodir Xonga va boshqa pokistonlik do‘stlarga ikki davlatdagi elchixonalar yoki Islomobodga uchayotgan tanish-bilishlar orqali sara Andijon qovuni, Parkent husayni uzumi, shirin Quva anori jo‘natar, vaqti-vaqti bilan o‘zi ham olib borar edi.
Taqdir taqozosini ko‘ring: Ikki xon – biri Bobur avlodi Abdul Qodir Xon, ikkinchisi Boborahim Mashrab avlodi, taniqli yozuvchi Dadaxon Nuriy to‘rt oygina farq bilan, biri Toshkentda, ikkinchisi Islomobodda Allohga omonatini topshirdi. Dadaxon Nuriy 2021 yil 12 iyul kuni vafot etdi, yadro fizikasi olimi Abdul Qodir Xon ham o‘sha yil, faqat oktyabrda 85 yoshida qazo qildi.
Irismat ABDUXOLIQOV.