Qonunchilik palatasi deputati Markaziy bankdan kredit penyasi, jarima va foizlarni adolatli tartibga solishni talab qildi
Keyingi yillarda mamlakatimizda Markaziy bank tomonidan monetar siyosatni takomillashtirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda bank tizimida oshkoralikni kuchaytirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar tadbirkorlik sub’yektlari va aholi uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ammo ayrim tijorat banklari tomonidan kredit to‘lovlari kechiktirilgan hollarda qo‘llanilayotgan yuqori penya, oshirilgan foiz stavkalari va qo‘shimcha jarimalar adolat va mutanosiblik tamoyillariga zid ekani bo‘yicha jamoatchilik va tadbirkorlar o‘rtasida haqli e’tirozlar kuzatilmoqda. Bunday amaliyotlar, ayniqsa, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayapti.
Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Diyor Xusanov aynan shu holatlarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetovga deputatlik so‘rovi yubordi. So‘rovda tadbirkorlar va aholi o‘rtasida kelib tushayotgan murojaatlar, shuningdek, bank amaliyotida kuzatilayotgan muammoli jihatlar alohida qayd etilgan.
Xususan, deputat kechiktirilgan to‘lovlar uchun qo‘llanilayotgan sanksiyalarning moliyaviy yuklamasini kamaytirish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan qanday choralar ko‘rilayotgani, penya, foiz va jarimalarni adolatli hamda mutanosib qo‘llashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari yuzasidan aniq va asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan.