Turkiya turizmi 2025 yilda 65 milliard dollar daromad bilan rekord o‘rnatdi
O‘zbekistondagi turizm natijalari bilan solishtirish va xulosa qilishga arziydigan ma’lumot va raqamlar...
Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy mamlakatning 2025 yilgi turizm natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2025 yilda Turkiyaga tashrif buyurgan sayyohlar soni 64 million nafarni va turizm daromadlari esa 65 milliard 231 million dollarni tashkil etdi.
BMTning Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya turizmi endi nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham kuchli salohiyatga ega sohaga aylandi. Xususan, Turkiya 2017 yilda dunyoda eng ko‘p sayyoh qabul qilgan mamlakatlar orasida 8-o‘rinda bo‘lgan va 2024 yilga kelib 4-o‘ringa ko‘tarildi.

Shuningdek, vazir Turkiya turizm daromadlari bo‘yicha 2017 yildagi 15-o‘rindan 2024 yilda 7-o‘ringa ko‘tarilganini ta’kidlab, 2026 yil uchun 68 milliard dollar daromad olish maqsad qilinganini ma’lum qildi.
Bugungi kunda Turkiya turizmi ko‘p qirrali tuzilmaga ega bo‘lib, mamlakatda madaniy va ziyorat turizmi bilan bir qatorda ekoturizm, sog‘lomlashtirish va termal turizm, gastronomiya, kruiz hamda qishki turizm yo‘nalishlari jadal rivojlanmoqda.

Mehmet Nuri Ersoyning ta’kidlashicha, “Kelajak uchun meros” konsepsiyasi hamda “Tungi muzey” loyihalari dunyo miqyosida sanoqli davlatlar amalga oshira oladigan noyob tashabbuslar sirasiga kiradi. Bu borada Turkiya eng muvaffaqiyatli va ilg‘or tajribaga ega mamlakatlardan biriga aylangan.
Shuningdek, Turkiya turizmini targ‘ib qilishda qo‘llanilayotgan mini-seriallar modeli global darajada katta samara berayotgani qayd etildi. Jumladan, “An Istanbul story” serialining bitta qismi 32 million marta tomosha qilingan, hatto eng kam ko‘rilgan kontentlar ham kamida 10 million tomoshabinni jalb etgan.
Zilola tayyorladi.