Mutolaa: Bardosh. Hikoya

Taksichilikning shunisi yaxshiki, turli fe’l-atvordan tashqari, dunyoning ko‘p gapidan xabardor bo‘lasiz. Hatto manzildan manzilgacha gapirmay yetib borgan yo‘lovchining turishi ham sizga bir ma’lumot-da!

Ko‘pingcha yo‘lovchilarning, har qalay, suhbatdosh bo‘lishini istaysan. Lekin Xudo asrasin, jag‘i tinmaydigan yoki farosatsiz odam o‘tirib qolsa, xayolingda, mashinaning g‘ildiragi ham og‘ir yurayotgandek tuyuladi.

Kecha shaharning chekka ko‘chasida bir kampir qo‘l ko‘tardi, turishidan oddiygina. Old tomon derazasini ochdim, u ham boshini egib, «Lohutiy ko‘chasiga olib borasizmi?», deb so‘radi.

- Ha, boramiz, xola, keling.

- Qancha pul olasiz?

- O‘n ming-da.

Kampir shoshilgancha old o‘rindiqqa o‘tirib oldi. Yomg‘irda iviy boshlagan ro‘moli bilan yuzlarini artgan bo‘ldi. Men esa odob yuzasidan «Assalomu alaykum», dedim.

- Yaxshimisan, bolam?

- Taksilaram sal qimmat bo‘lganga o‘xshaydimi? Bir qadam joyga 10 ming so‘m bo‘larkan. Ha, endi nima ham derdik, karvon borki, rizqi bo‘lak. Senam taksichimi, bolam.

Kampirning jaydari sodda mulohaza va savollari, ochig‘i, kayfiyatimni ko‘tardi. Uning gap-so‘zlari, sertashvish chehrasi, boshidagi oppoq ro‘moli enamni eslatdi. «Ochiqqina ayol ekan», deb o‘yladim ichimda.

- Shunday, xola. Ishdan keyin ozroq tirikchilik qilaman-da.

- Ukamning oldiga keluvdim. Bechora qamalib qoldi. Pasportim uyda qopti, bu tashkilotda pasporting bo‘lmasa, kirgizmas ekan. Ishqilib, hech kimning ishi milisaga tushmasin-da.

Garchi xayolim yo‘lda bo‘lsa-da, kampirning samimiyati e’tiborimni tortdi va «Nima gap, xola, tinchlikmi o‘zi», deb so‘radim. U kishi ham shunaqa savolni kutib turgan ekanmi, «poyintar-soyintar» gapirib ketdi.

- Hammaga ham Xudoning o‘zi insof bermasa bekor ekan. Ota-onamdan qolgani shu bitta ukam, yoshi ham oltmish uchga kirdi. O‘zi zo‘r usta, qo‘li gul. Lekin hammani ham o‘ziga yarasha dushmani bo‘larkan-da. Aslida o‘zi shu ichkilik degan narsani chiqarganning «padarginasiga la’nat». Ana shu kasofat tufayli bitta-ikkita ko‘ngli qoralar ukamning chakmoniga dori solib, uni ushlab berishibdi. Hozir tergov ketyapti.

Boyaqishning dardi ichida ekan shekilli, har bir voqeaga sharh berib, meni diqqat bilan eshityapti, deb o‘ylab gapiraverdi. Men esa har-har zamonda «hmm, haa», deb qo‘yaman.

- Yaqinda boboyimni kasalxonadan chiqaruvdim. U qurg‘ur ham tomdan yiqilib, boshining qopqog‘i ochilib ketdi. Juda qattiq operatsiya qilishdi. Har qalay zo‘r do‘xtirlar bor ekan, kasbu koriga Xudoyim rivoj bersin, umrginasidan baraka topsin, iloyim…

Kampir uzundan-uzoq duo qilib, yuziga fotiha tortdi. Men ham yuzimga fotiha tortdim. Bu yoqda esa mashina ko‘p, yo‘l tirband. Ayniqsa, shaharda ish kunlari odatda bu ahvol yangilik emas. Buning ustiga yomg‘ir yog‘ayotgani uchun tez yurib bo‘lmaydi. Kampir esa gapdan to‘xtamaydi.

- Bizlarning zotimiz ulug‘, bolam. Oilamiz bilan hojimiz. Hajga birinchi bo‘lib boboyim bilan o‘g‘lim borib keldi. O‘tgan yili o‘zim ham ziyoratga borib keldim.

Yo‘lovchining kayfiyatini ko‘tarish uchun «E, bunaqa tabarruk joyga pochcham bilan bormabsiz-da», deb qo‘ydim. Bu luqma gap kampirning gapini yana qo‘zg‘ab yubordi.

- E, nimasini aytasan, bolam. Ikkita biletga ham pulimiz bor edi. Rejani puxta qilib turganimizda o‘g‘lim o‘zini osib qo‘ydi. Yaxshiyam hamsoyalar yordamida uni zo‘rg‘a qutqarib qoldik.

- Nima, jonidan biror narsa o‘tganmidi?

- O‘g‘lim juda mehnatkash bola. Yaqinda o‘g‘ilchalik ham bo‘ldi. Biram shirin, biram shirin, uning qarashlariga havasing keladi, - Kampir o‘g‘li qolib nevarasini rosa ta’rifladi. Keyin ularni ham uzoq vaqt duo qildi.

- Unda o‘g‘lingiz nega o‘zini osdi?

- O‘g‘lim yomon bola emas. Doimo tashvish bilan yuradi, ko‘p ishga ulguradi. Ba’zan xalta-xalta pul topadi. O‘sha kuni ko‘chadagi besh-oltita tanishlariga bir kafeda ziyofat bergan. Haligi jo‘ralari arag‘iga nimadir qo‘shib, uni karaxt qilishgan. So‘ng mashinadagi hamma pullarini o‘g‘irlab ketishgan. Kayf ta’sirida bolam nima bo‘lganini bilmagan. Kallasi joyiga tushgandan keyin uyga kelib, asabi chiqqanmi, puliga achinganmi, ishqilib o‘zini osgan. Yaxshiyam cholim sho‘rlik hushyorlik qilgan, ko‘ngli negadir bezovta bo‘lib, ayvonni aylansa, o‘g‘limni osilgan holda ko‘rgan. Xudo bir asragan-da.

- Keyin nima bo‘ldi?

- Nima bo‘lardi, bolam. Jonini saqlab qoldik. Azob chekmasin, yana yomon yo‘lga yurib ketmasin deb, o‘zimni o‘rnimga otasi bilan uni Umraga jo‘natdim. Ammo bolam aqlli bo‘b keldi Umradan. Xudoga shukr. Judayam yaxshi bola bo‘ldi. Endi umuman ichmaydi, chekmaydi, faqat ro‘zg‘orim, bola-chaqam deb yuguradi.

Men garchi qiziq bo‘lsa-da, kampirning gaplaridan zerikayotganligimni sezdim. U esa xuddi ertak aytgandek tutadi o‘zini. Shu payt qo‘lidagi telefoni jiringladi, kim bilandir uzoq salom-alik qildi. So‘ng tez orada borishini aytib go‘shakni o‘chirdi. Manzilga yetib borganimizda kampir sumkasidan pul chiqarar ekan, birpas o‘ylanib qoldi, so‘ng menga yuzlandi.

- Taksichi bola, mana shu yer mening uyim, lip etib pasportimni olib chiqsam, meni boyagi joyga yana eltib qo‘yasanmi? Yana taksi ushlab ovora bo‘lib o‘tirmay…

Men rozi bo‘lib tezroq uyga kirib-chiqishiga ishora qildim. Kampir haqiqatan ham uyiga chopqillab borib, chopqillab qaytdi. Ozgina bo‘lsa-da, tashqarida yog‘ayotgan yomg‘irning go‘zalligiga qarab tin oldik. Baribir tabiatning o‘zi odamga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi-da. Shu alfozda yaxshi qo‘shiq eshitib, huzur qilib tursam, kampir hovliqib kelib qoldi. «Kutib qolmadingmi?» deb so‘ragan bo‘ldi-yu, «Ketdik, bolam, tezroq hayda» deb qistalang qildi.

- Milisaxonaga jiyanlarim ham kelishibdi. Dadamning oldiga birga kiramiz, tez keling, deyishyapti. Ammaginasi o‘rgilsin, o‘zim katta qilganmanda ularni. Shuning uchun uydan chaq-chuq, turshak oldim, har na quruq borgandan ko‘ra… Senam uylangansanmi, bolam?

- Ha, xola. Bitta o‘g‘lim bor.

Kampirning jag‘i yana ochilib ketdi.

- Umringdan baraka top. Ana shu o‘g‘lingga mabodo yana tug‘ilsa, ularga ham o‘zing bosh bo‘l. Uzog‘imni yaqin qilyapsan. Xudoyim nimaiki mushkuling bo‘lsa, ilohim oson qilsin. Qayda bo‘lsang ham Allohning panohida bo‘l. Yigit boshing egilmasin, nomardga ishing tushmasin, hamisha omadingni bersin.

Kampir yana allanarsalar deb duo qildi, yuziga fotiha tortdi. Bu yaxshi gaplardan ko‘nglim ko‘tarilsa-da, uning ko‘p gapirganidan fe’lim aynib turdi. Kampir esa xuddi fikrimni bilganday yana javradi:

- Har doim duo olib tur, bolam. Duoda gap ko‘p. Men uyqumda ham duo qilaman. Mana ko‘rasan, mening duomni olding. Bugun ishlaring omadli bo‘ladi. Ishqilib topganingni barakasini bersin. O‘tgan kuni qizimning o‘lgan kuni edi. Boyaqish, bolam juda yosh ketdi-da! Bolalari chirqirab qoldi. Ko‘p qatori kovid degan baloga duch keldi, o‘pkasiga o‘tibdimi, qaytib o‘nglanmadi. E-e-e, taqdir ekan, ishqilib hammaning ham bolasi orqada qolsin ekan… Dunyo ham shunaqa bir narsa ekanki, yaxshi kuning ham, yomon kuning ham sendan so‘ramay o‘tib ketaverar ekan. Tashvishlar bilan bo‘lib, umringni qanday o‘tganini ham bilmay qolar ekansan.

Nima uchundir xola birdan mungli tus oldi. Qaytib gapirmadi. Faqat mashina derazasidan yomg‘ir tomchilariga termulib boraverdi. Ochig‘i, uning homush chehrasiga rahmim keldi. Nazarimda ichida tangriga yuragidagi o‘tinchini aytyapti. Ichida pichirlab aytyapti.

- Keldik, xola.

- E, keldikmi, baraka top bolam.

Kampir sumkasidan pulni olib uzatar ekan, yana duoga qo‘l ochdi.

- Rahmat, bolajonim, kasb-koringga baraka bersin, biringga ming bersin. Ilohim, yaxshi niyatlaringga yet. O‘zingni ehtiyot qil, bolam.

Ochig‘i, xayollarim chuvalashib ketdi. Kampirning siymosi shuurimga joylashib qoldi. Mening yuragimning ham qayeridadir og‘riq paydo bo‘lganga o‘xshadi. Sergap degan bu ayolning shuncha dardni ko‘tarib yurganiga ishonging kelmaydi. Buncha chidam, bardoshni qaydan olgan ekan u? Nahotki odamni ana shunday sinov uchun yaratgan. Biz oddiygina, soddagina deb o‘ylagan har bir kishi ham ana shunday tashvishlar og‘ushida bo‘lishi mumkinligini o‘ylasam og‘rinib qolaman. Lekin bu imtihonlarga chidab, kampirday dunyoning umidini kiftiga olib yurgan ayollardan o‘rgangim keladi. Vaholanki, zaminni tutib turgan bir juft kaft, mabodo holdan toysa, uning uchun dunyo ham tugaydi. Yaxshiyam ana shu juft kaftni yo‘lovchim bo‘lgan kampir kabi bardoshi mustahkamlar ushlab turibdi.

Temurbek Toyirov.