Xalqaro markazda “Sahihul Buxoriy” xatm qilindi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Indoneziyaning eng nufuzli diniy tashkilotlari va ilmiy doiralari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Indoneziyaning O‘zbekistondagi elchisi, professor Siti Ruhayniy Jo‘hayatin xonim, dunyodagi eng yirik islomiy tashkilot –“Nahdlatul Ulama” (NU) markaziy kengashi vakili doktor Hoji Soleh Qosim hamda Indoneziyaning qadimiy va mashhur ta’lim markazi – “Al Falah Ploso” rahbarlari Hazrat Abdurrahman Al-Kautsar va Nurul Huda Hoji Jajuliy kabi yirik ulamolardan iborat delegatsiya a’zolari xalqaro markaz faoliyati bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi maslahatchisi F.Dodiyev, viloyat hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.Qobilov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Sh.Ziyodov davlatimiz rahbarining diniy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibori bilan yurtimizda muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, muhaddis bobolarimiz merosini ilmiy tadqiq etish va butun dunyoga targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.
Tashrifning asosiy voqeasi “Sahihul Buxoriy” xatmonasi bo‘ldi. Islom olamida Qur’oni karimdan keyingi eng muhim manba, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning eng sahih hadislarini o‘zida mujassam qilgan ushbu nodir asarning ushbu dargohda – Imom Buxoriy maqbarasi yonida xatm qilingani o‘zaro yaqin ma’naviy muhit va do‘stlik ruhiyatini yanada yuksaltirdi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov ta’kidlaganidek, Imom Buxoriyning mazkur to‘plami shunchaki hadislar jamlanmasi emas, balki inson tafakkuri, qalbi va ruhiyatini poklashga xizmat qiluvchi, asrlar osha o‘z qiymatini yo‘qotmay kelayotgan jonli merosdir.
Ilmiy muloqotlarda asarning nodir qiymati – insonning ichki va tashqi pokligi, emotsional salohiyatini ezgulikka yo‘naltirishdagi o‘rni hadis ilmi asosida teran tahlil etildi.
Ikki tomonlama muloqotlarning mantiqiy davomi sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 yanvardagi qarori ijrosi doirasida “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturining mohiyati va istiqbollari muhokama qilindi. Muzokarada Samarqandning dunyo ziyorat turizmi xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash, yangidan barpo etilgan Imom Buxoriy majmuasi foydalanishga topshirilgach, Indoneziyadan keladigan ziyoratchilar uchun ushbu muqaddas qadamjoni “Umra plyus” marshrutlarining eng muhim bo‘g‘iniga aylantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, buyuk muhaddis xotirasiga ehtirom bajo keltirdi. Mehmonlar ushbu muqaddas qadamjoning islom olamidagi yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatini alohida ta’kidladi.