Aprel Amir Temur merosini ulug‘lashga bag‘ishlangan ma’naviyat oyiga aylanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2026 yil 6 fevral kuni “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Mazkur qaror milliy tarixiy xotirani mustahkamlash, harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, Vatanga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga qaratilgan muhim siyosiy-ma’naviy hujjatdir.

Amir Temur jahon tarixida yirik davlat barpo etgan buyuk sarkarda, oqil davlat arbobi sifatida chuqur iz qoldirgan. Uning boshqaruv falsafasi adolat, qat’iy tartib-intizom, qonun ustuvorligi hamda ilm-fan va ma’rifatga tayangani bilan ajralib turadi. Samarqandni poytaxtga aylantirib, uni jahon sivilizatsiyasining yirik markazlaridan biri darajasiga ko‘targani, me’morchilik, ilm va madaniyat ravnaqiga keng yo‘l ochgani bugun ham tarixchilar tomonidan alohida e’tirof etiladi.

Sohibqironning boy ma’naviy va davlatchilik merosi hozirgi kunda ham yosh avlodni vatanparvarlik, jasorat, fidoyilik va milliy iftixor ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, “Temur tuzuklari” asarida bayon etilgan davlat boshqaruvi, rahbar mas’uliyati va jamiyat adolatiga oid g‘oyalar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Qarorga muvofiq, joriy yilda Amir Temur tavalludining 690 yilligi respublika miqyosida keng nishonlanadi. Shuningdek, har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilish orqali mamlakat bo‘ylab ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy va ilmiy tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.

Bundan tashqari, 9–10 aprel kunlari “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, tarixchilar hamda tadqiqotchilar ishtirok etib, temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi ilmiy asosda tahlil etiladi. Shu bilan birga, “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini turli tillarda nashr etish, tarixiy qo‘lyozmalar, ilmiy-ommabop kitoblar va albomlar tayyorlash ham nazarda tutilgan.

Kattaqo‘rg‘on tuman nuroniylari ushbu qarorni yuksak ma’naviy ahamiyatga ega tarixiy hujjat sifatida qo‘llab-quvvatlaydi. Biz milliy tarixiy merosni asrab-avaylash, ajdodlar qoldirgan boy qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirish, shuningdek, belgilangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etishga bel bog‘laganmiz.

Qamariddin Ahmedov,

Kattaqo‘rg‘on tuman "Nuroniy" jamg‘armasi bo‘limi raisi.