Kambag‘al oila va kabag‘allik chegarasidagi oilaning farqi nimada?

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 yanvardagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarining og‘ir hayotiy vaziyatga, shuningdek, kambag‘allikka tushib qolishining oldini olish, ularning farovon hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, moliyaviy barqarorligini ta’minlash va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etishning yangi tizimi joriy etildi.

Aholini davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish maqsadida 2026 yil 1 fevraldan boshlab «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi. Unda Ijtimoiy reyestr — «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida yuritilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalarni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash vazifalarini bajaradi.

Mazkur Ijtimoiy reyestrda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, 3 ta toifaga ajratiladi. Tartibiga muvofiq, oila a’zolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan va ularning har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar «davlat ta’minotidagi oila» toifasiga kiritiladi.

Oila a’zolari mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan va ularning har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lgan oilalar «kambag‘al oila» toifasiga kiritiladi.

Oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha bo‘lgan quyidagi oilalar esa «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga kiritiladi.

Ijtimoiy reyestrga kirish uchun murojaat qilish imkoniyatlari anchagina kengaytirildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, yashash manzili bo‘yicha mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza qoldirib amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda  “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali ham Ijtimoiy reyestrga kiritish uchun mustaqil ravishda murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, oilaga kompleks ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimi joriy etiladi. Ya’ni, Ijtimoiy reyestrga kirish to‘g‘risidagi arizasida bir nechta xizmat va yordamlarni so‘rab murojaat qilishlari ham mumkin. Oilaning imkoniyatlari, ko‘nikmalari, qiziqishlari, fikri, yashash sharoiti hamda arizada ko‘rsatilgan xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlari inobatga olingan holda Individual reja ishlab chiqilib, ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatiladi.

Shuningdek, mahalla yettiligiga og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni “tavsiya” asosida Ijtimoiy reyestrga  kiritish huquqi ham beriladi.

1 va (yoki) 2 guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yoxud bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan yoki bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz shaxs, oila a’zosi muddatli harbiy xizmatda yoki jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oilalar ham reyestrga kirishlari mumkin.

Shuningdek, oila a’zolaridan biri psixiatriya, narkologiya, sil kasalliklari dispanserida bo‘lgan yoki onkologiya markazlarida ro‘yxatda bo‘lgan yoxud gematologiya, immunologiya, jigar, buyrak yetishmovchiligi kabi og‘ir kasallikka chalingan bo‘lsa, yong‘in, baxtsiz hodisa, tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyatlardan jabrlangan oilalarni "Mahalla yettiligi" tavsiyasi asosida reyestrga kiritish imkoniyati yaratildi.

Kambag‘allik chegarasidagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimiga asosan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam  6 oy davomida oilaning daromadiga qarab to‘lanadi. Bunda, tayinlangan nafaqa oilaning daromadi minimal iste’mol xarajatlarining (669 ming so‘m), 1 – 1,25 baravarigacha bo‘lganda 75 foizi,  1,25 – 1,5 baravarigacha bo‘lganda esa 50 foizi to‘lanadi. Shu paytgacha kambag‘allik chegarasidagi oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lanmagan.

Bugungi kunda viloyatimizdagi 1.082.846 ta oilaning 85 ming 135 tasi Ijtimoiy reyestrdagi oilalar hisoblanadi. Undan 31848 tasi davlat ta’minotida, 46 213 tasi kambag‘al  va 7074 tasi esa kambag‘allik chegarasidagi oilalar toifasiga kiritilgan. Bunday oilalar Narpay (10,4 foiz) va Oqdaryo (10,6 foiz) tumanlarida boshqalarga nisbatan ko‘proq aniqlangan bo‘lsa, Samarqand shahri (4,2 foiz) va Qo‘shrabot (6 foiz) tumanida kamroq ro‘yxatga kiritilgan. 

Abbos SA’DULLAYeV,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi ijtimoiy to‘lovlar

shu’basi mudiri.