Maktab o‘quvchilari teatr sahnasida
Viloyat musiqali drama teatrida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish hamda teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Turon” maktab teatri respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘n olti tuman va shaharning eng munosib deb topilgan jamoalari ishtirokida o‘tkazilayotgan tanlovga teatr va kino san’atining darg‘alari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar - Bahodir Nishonov, Shohida Ismoilova hamda aktyor Barot Hasanovlar hakamlik qilmoqda.
Tanlov boshlanishida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Rustam Yuldoshev va viloyat “Kelajak markazi” direktori Zebiniso Shodiyeva so‘zga chiqib, tanlovning ta’lim tizimidagi o‘rniga alohida to‘xtalib, ishtirokchilarga omad tiladi.
“Turon” maktab teatri respublika tanlovi nizomiga ko‘ra, ishtirokchilar o‘z o‘quv muassasalarini tanishtiruv hamda “Teatr ibratxona” mavzusidagi sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar namoyishi bo‘yicha bellashishmoqda.